Davlat tilini rivojlantirish departamenti tomonidan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida yaqindagina nashrdan chiqqan “Ijtimoiy-siyosiy terminlarning qisqacha izohli lug‘ati” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Muayyan tilning rivojlanishi jarayonida uning lug‘aviy tarkibi, jumladan, terminologiyasi boshqa sohalarga tez, sezilarli, jiddiy o‘zgarishlarga uchraydi. Buning obyektiv sabablari bor, albatta. Ijtimoiy terminologiyadagi taraqqiyot, o‘zgarishlar ham yangi lug‘aviy birliklarning paydo bo‘lishi va ayrim lug‘aviy birliklarning isteʼmoldan chiqishi, so‘zlarning yangi maʼnolar kashf etishi va ayrim maʼnolarning yo‘qolishi kabi hodisalardan iborat bo‘ladi. Bunday o‘zgarishlar tegishli lug‘atlarda aks ettirilgandagina ularning salmog‘i, ko‘lami yaqqol namoyon bo‘ladi. Ijtimoiy-siyosiy terminlar bo‘yicha bir qator terminologik lug‘atlar tuzilgan bo‘lsada, ular birinchidan, izohli lug‘at emas, ikkinchidan, ancha eskirgan.
Taqdimoti o‘tkazilgan mazkur lug‘atda 4400 ga yaqin ijtimoiy-siyosiy terminlar va terminologik birikmalar jamlangan.
“Ijtimoiy-siyosiy terminlarning qisqacha izohli lug‘ati” kitobi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti buyurtmasi asosida O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan “MASHHUR-PRESS” nashriyotida lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ko‘p ming nusxada nashr qilindi.
Tadbirda tilshunos olimlar, vazirlik va idoralar, xo‘jalik birlashmalari rahbarlari, Toshkent shahar va tuman hokimlarining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini taʼminlash masalalari bo‘yicha maslahatchilari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, talaba-yoshlar ishtirok etdi.