Muddatidan oldin ovoz berish natijalari alohida hisoblanmaydi. Saylov kuni uchastka saylov komissiyasi raisi ovoz berish boshlanganligini e’lon qilgan (24-oktabr soat 08:00) paytida saylov uchastkasidagi ro‘yxat bo‘yicha muddatidan oldin ovoz berganlar soni haqida ma’lum qiladi.
Uchastka saylov komissiyasi a’zolari ovoz berish tugaganidan (24-oktabr soat 20:00) so‘ng qonunchilikda belgilangan harakatlar ketma-ketligiga rioya qilib, muddatidan oldin ovoz berish byulletenlari solingan yopiq konvertlarni saylov qutisiga tashlaydi va saylov qutisidagi barcha byulletenlar to‘kilgan holda saylov uchastkasi bo‘yicha ovozlarni sanab chiqish natijalari aniqlanadi.
Saylovda ishtirok etuvchi har bir fuqaro bir ovozga ega bo‘ladi.
Muddatidan oldin ovoz berishda ishtirok etmagan saylovchi saylov kunida ovoz berish huquqiga ega.
Fuqarolarga Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti (saylov.uz) va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) orqali saylovchilar ro‘yxatidan o‘zlariga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati yaratilgan, shu jumladan o‘zi ovoz beradigan saylov uchastkasi va uni joylashgan joyi haqida to‘liq ma’lumotni olishlari mumkin.
Shuningdek, uchastka saylov komissiyasi binosida ham saylovchilar ro‘yxati bilan tanishishlari mumkin.
Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan davlat axborot resursidir.
Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlari tomonidan taqdim etiladigan axborot negizida shakllantiriladi va yangilab turiladi, saylov kampaniyasi davrida esa tegishli uchastka saylov komissiyalari tomonidan aniqlashtiriladi.
Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga quyidagi hollarda o‘zgartirishlar kiritiladi:
ro‘yxatda saylovchi fuqaro bo‘lmaganda yoki uning saylov uchastkasi yashash manziliga mos kelmagan taqdirda;
saylov kuni saylovchining vaqtincha yashash manzili bo‘yicha saylov uchastkasi hududida bo‘lishi uchastka saylov komissiyasi tomonidan aniqlanganda;
saylovchining familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, yashash manziliga tuzatish kiritish zarurati bo‘lganda;
saylovchi vafot etganida;
saylovchi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali saylov uchastkasini o‘zgartirish bo‘yicha interfaol xizmatdan foydalanganida;
shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinganida.
Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati har olti oyda bir marta, saylov kampaniyasi davrida esa Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Davlat personallashtirish markazi va Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan kelishilgan holda tasdiqlangan jadvalga muvofiq yangilanadi.
Binolarga, inshootlarga va boshqa joylarga ilgari (saylov kunidan kamida ikki kun oldin) joylashtirilgan saylovoldi tashviqoti materiallarini saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida olib qo‘yilishi majburiy hisoblanmaydi.
2021-yilning 14-oktabrida saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish boshlandi. Hozirga qadar muddatidan oldin ovoz berish vaqtida qonunbuzilish holatlari kuzatilmadi.
Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 13-oktabr 1148-son qarori bilan Markaziy saylov komissiyasining Matbuot markazida katta hajmdagi ekranda, saylov2021.uz portalida hamda O‘zbekiston Respublikasi Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston 24” va boshqa telekanallarida saylov jarayonini onlayn tarzda kuzatish imkoniyatini yaratish rejalashtirilgan.
Uchastka saylov komissiyalari tomonidan ovozlarni sanab chiqish, ovozlarni sanab chiqish natijalari to‘g‘risidagi bayonnomalarni to‘ldirish jarayonida quyidagilar hozir bo‘lishlari mumkin:
siyosiy partiyalarning kuzatuvchilari, vakolatli vakillari;
ommaviy axborot vositalari vakillari;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining kuzatuvchilari;
boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar.
Mazkur jarayonda uchastka saylov komissiyasi binosida hozir bo‘lishga ruxsat etilgan shaxslardan tashqari boshqa shaxslarning bo‘lishi taqiqlanadi.