• eye Maxsus imkoniyatlar
2014-yil 21-dekabr Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga saylov
17.07.2021
11449

2014-yil 21-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga saylovlar boʻlib oʻtdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov boʻyicha tuzilgan saylov okruglaridan 127 tasida bitta deputatlik mandati uchun 4 nafardan nomzod, 8 tasida 3 nafardan nomzod kurash olib bordi. Umuman, mamlakatimiz boʻyicha saylovchilar roʻyxatiga 20 million 789 ming 572 nafar saylovchining familiyasi kiritilib, saylovda 18 million 490 ming 245 nafar yoki roʻyxatga kiritilgan saylovchilarning 88,94 foizi qatnashdi.  2014-yil 21-dekabrdagi ovoz berish natijalariga koʻra, 113 ta saylov okrugida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylandi.

Shu bilan birga “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq 21-dekabr kuni Oʻzbekiston ekologik harakatining Konferensiyasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 15 nafar deputati saylandi. Siyosiy partiyalarning keskin raqobati natijasida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylov boʻyicha 22 ta saylov okrugida nomzodlarning birortasi ham saylanish uchun zarur ovozlarni toʻplay olmadi. Shu munosabat bilan 2015-yil 4-yanvar kuni ushbu okruglarda takroriy ovoz berish oʻtkazildi. Takroriy ovoz berishda saylovchilar roʻyxatiga familiyalari kiritilgan 3 million 434 ming 345 nafar saylovchidan 2 million 642 ming 63 nafar saylovchi ishtirok etdi va bu roʻyxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 76,9 foizini tashkil qiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi natijalariga koʻra, parlament quyi palatasiga 150 nafar deputat, shu jumladan, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan 52 nafar; Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan 36 nafar, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasidan 27 nafar, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan 20 nafar deputat saylandi. 15 nafar deputat Oʻzbekiston ekologik harakatining vakillaridir. Saylangan deputatlarning 24 nafari yoki 16 foizi xotin-qizlardir. Saylangan 150 nafardeputatdan 40 nafariyoki 27 foizi ilgari Qonunchilik palatasi deputati boʻlgan.

Saylov jarayonini 550 dan ortiq milliy va 120 dan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, 180 dan ortiq internet-nashrlar yoritib bordi. Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq 9 mingdan ortiq materiallar eʼlon qilindi. Saylovni kuzatishda 5 ta xalqaro tashkilot – Yevropa xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorligi tashkilotidan hamda 52 ta davlatdan 340 dan ortiq kuzatuvchilar, shuningdek, siyosiy partiyalarning 70 mingdan ziyod kuzatuvchilari va vakolatli vakillari ishtirok etdi.