• eye Maxsus imkoniyatlar
2015-yil 29-mart Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylovi
17.07.2021
12618

2015-yil 29-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga saylov boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi okrug saylov komissiyalaridan kelgan bayonnomalarga asosan 2015-yil 29-mart kuni boʻlib oʻtgan saylovda saylovchilar roʻyxatiga kiritilgan 20 million 798 ming 52 nafardan 18 mln. 942 ming 349 nafar saylovchi ovoz berishda ishtirok etgani aniqlandi. Bu roʻyxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 91,08 foizini tashkil etadi.

Ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning 17 mln. 122 ming 597 nafari yoki 90,39 foizi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasidan koʻrsatilgan nomzod Islom Abdugʻaniyevich Karimovni yoqlab ovoz berdi. Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasidan partiyasidan koʻrsatilgan nomzod Akmal Xolmatovich Saidovga – 583 ming 309 nafar saylovchi yoki 2,92 foizi, Oʻzbekiston  Xalq demokratik partiyasidan koʻrsatilgan nomzod Hotamjon Abdurahmonovich Ketmonovga 552 ming 309 nafar saylovchi yoki 2,92 foizi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan koʻrsatilgan nomzod Narimon Majitovich Umarovga 389 ming 24 nafar saylovchi yoki 2,05 foizi ovoz berdi.

Amerika, Yevropa, Osiyo va Afrikaning 43 ta davlatidan va beshta xalqaro tashkilotdan: Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi va Islom hamkorligi tashkilotidan 299 nafar kuzatuvchi ishtirok etgani saylov kompaniyasi demokratik va shaffof oʻtganligining yorqin dalilidir. Saylov jarayonini monitoring qilishda siyosiy partiyalardan 35 mingdan ortiq kuzatuvchilar ham ishtirok etdi.

Prezident saylovini mamlakatimizning qariyb 600 ta va 180 dan ziyod xorijiy ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, qariyb 180 ta xorijiy va milliy internet nashrlari yoritib bordi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish boʻyicha Respublika matbuot markazi va hududiy matbuot markazlari tomonidan mamlakatimiz va chet elning 980 nafardan ortiq jurnalistlari ishtirokida saylov kompaniyasining muhim bosqichlariga bagʻishlangan 70 dan ortiq matbuot anjumanlari, brifinglar va onlayn brifinglar oʻtkazildi. Mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish bilan bogʻliq 12750 dan ziyod maqola va axborot materiallari, koʻrsatuv hamda eshittirishlar eʼlon qilindi.