Akkreditasiyadan o‘tkazish to‘g‘isidagi murojaatlar 2021-yil 14-oktabr soat 18:00 gacha Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilinadi. 14 oktyabr kuni taqdim etilgan murojaatlar besh kun ichida ko‘rib chiqilishi inobatga olinsa, kechi bilan 19 oktyabr kunida akkreditasiyadan o‘tkazish ishlari to‘liq yakunlanadi.
Xorijiy OAV vakillari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan akkreditasiyadan o‘tkaziladi.
Tashqi ishlar vazirligida akkreditasiyadan o‘tgan xorijiy OAV muxbirlik punkti (byurosi, ofisi) rahbari saylovni yoritish bo‘yicha akkreditasiyadan o‘tkazish masalasida Markaziy saylov komissiyasiga murojaat qiladi (OAV vakilining familiyasi, ismi, otasining ismi va lavozimi ko‘rsatiladi hamda uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi va 3x4 sm. hajmdagi fotosurat taqdim etiladi).
Tashqi ishlar vazirligida akkreditasiyadan o‘tmagan xorijiy OAVlar esa vazirlikka murojaat qiladi (ommaviy axborot vositasi to‘g‘risida ma’lumotnoma-axborot, akkreditasiyaga taqdim etilgan xodimning tarjimai holi ma’lumotlari, uning shaxsini tasdiqlovchi hujjat nusxasi va 3x4 sm. hajmdagi ikki dona fotosurati ilova qilinadi). Bunda Markaziy saylov komissiyasi Tashqi ishlar vazirligining taqdimnomasiga asosan xorijiy OAV vakilini akkreditasiyadan o‘tkazadi.
Takroriy ovoz berishda eng ko‘p ovoz to‘plagan ikkita nomzod ishtirok etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ikki nafardan ortiq nomzod ishtirok etayotgan bo‘lsa va agar ulardan hech biri ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilardan yarmidan ko‘pining ovozini olmagan bo‘lsa, takroriy ovoz berish o‘tkaziladi.
Saylov kodeksi qabul qilinganidan buyon ovoz berish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar toifalariga o‘zgartirish kiritilmadi.
Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, avvalgi Prezident saylovida jinoyat sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar ovoz berishda ishtirok etishi mumkin emas edi.
Saylov kodeksiga asosan, endilikda Prezident saylovida ilk marotaba ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan fuqarolar saylash huquqidan foydalanadilar.
Saylov kuni saylovchining turgan joyida ovoz berishini hamda chet davlatda saylovchilarning turgan joyida muddatidan oldin ovoz berishni tashkil etishda tegishli uchastka saylov komissiyalari tomonidan ko‘chma saylov qutilaridan foydalaniladi.
Shuningdek, saylov kuni ovoz berish binosiga kelgan saylovchining tana harorati 370S va undan yuqori bo‘lgan taqdirda alohida ajratilgan joylarda (binoning kirish qismi va boshqalar) ikki nafar uchastka saylov komissiyasi a’zosi hozirligida ko‘chma saylov qutilari va kabinalaridan foydalangan holda yashirin ovoz berish huquqi ta’minlanadi.
Saylov byulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish kabinasiga yoki xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli. Bunda taklif qilinayotgan shaxs saylov komissiyasi a’zosi, kuzatuvchi va ommaviy axborot vositasi vakili bo‘lishi mumkin emas. Boshqa holatlarda saylovchi shaxsan ovoz berish huquqidan foydalanadi.
Saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqish natijalari, saylov okrugida saylov natijalari aniqlanganidan so‘ng tegishli bayonnomaning ko‘chirma nusxasi hamma tanishib chiqishi uchun tegishincha saylov komissiyasi binosiga kamida qirq sakkiz soat muddatga darhol osib qo‘yiladi. Saylov uchastkasi yoki okrugida hozir bo‘lgan OAV vakillari saylovni yoritishda bayonnomadan foydalanishlari mumkin.
Prezident saylovi natijasi bo‘yicha saylovdan keyin o‘n kun ichida Markaziy saylov komissiyasining qarori qabul qilinadi va hammaga e’lon qilinadi.
Fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar va chet el fuqarolari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etmaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tmagan yoki haqiqiy emas deb topilgan taqdirda, shuningdek, agar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida bitta nomzod ishtirok etgan bo‘lsa va u zarur miqdorda ovoz to‘play olmagan bo‘lsa, Markaziy saylov komissiyasi takroriy saylov tayinlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takroriy saylovi ham Saylov kodeksida asosiy saylovni o‘tkazish uchun belgilangan ayni tartibda va ayni shartlarga rioya etgan holda o‘tkaziladi. Bunda okrug va uchastka saylov komissiyalari faoliyatida saylov to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishi aniqlangan taqdirda, Markaziy saylov komissiyasi saylov yangi tarkibdagi okrug va uchastka saylov komissiyalari tomonidan o‘tkazilishi zarurligi to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Ovoz berish asosiy saylovni o‘tkazish uchun tuzilgan o‘sha saylov uchastkalarida va saylovchilarning o‘sha ro‘yxatlari bo‘yicha o‘tkaziladi.