• eye Maxsus imkoniyatlar
№1291 Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida
12.06.2023
436

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

№1291                          2023-yil 12-iyun

 

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida

 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14 va 16-moddalariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 19-maydagi 1261-son qarori bilan tasdiqlangan Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov komissiyalari aʼzolarining malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasida:

ikkinchi yo‘nalishning ikkinchi bosqichi quyidagi tahrirda bayon etilsin:

ikkinchi bosqich: 15-27-iyun kunlari uchastka saylov komissiyasining aʼzolari (jami 76 047 nafar) uchun respublika trenerlari, hududiy trenerlar hamda birinchi bosqichda o‘qitilgan uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari yoki kotibidan iborat trenerlar guruhi tomonidan 31-ilovaga muvofiq ikki kunga mo‘ljallangan dasturga asosan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari o‘tkaziladi.

O‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini samarali tashkil etish va monitoring qilish maqsadida, mashg‘ulotlarning birinchi kuni sektorlar kesimida tanlab olingan namunali saylov uchastkalarida o‘tkaziladi. Bunda mashg‘ulotlar tanlangan mavzular bo‘yicha maʼruza, videoroliklarni ko‘rish va amaliy jihatdan muhokama qilish, faol savol-javob shaklida o‘tkaziladi. Uchastka saylov komissiyasi aʼzolaridan iborat tinglovchilar kichik guruhlarga taqsimlanadi, bunda har bir guruhda tinglovchilar soni 25 nafardan 30 nafargacha etib belgilanadi. Har bir guruhga ikki nafar trener biriktiriladi. Trenerlarning bir nafari respublika yoki hududiy trener, ikkinchisi esa birinchi bosqichda bilimlarni mukammal o‘zlashtirgan uchastka saylov komissiyasining raisi yoki rais o‘rinbosaridan iborat bo‘lishi lozim.

O‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarining ikkinchi kunida mashg‘ulotlar har bir saylov uchastkasining o‘zida uchastka saylov komissiyasining raisi, rais o‘rinbosari va kotibi tomonidan uchastka saylov komissiyasining qolgan aʼzolariga o‘quv-mashg‘ulotlarining birinchi kunida egallangan nazariy bilimlarni amaliy jihatdan mustahkamlash, tanlangan mavzular bo‘yicha bajarilishi lozim bo‘lgan vazifalarni amaliy jihatdan bajarish, simulyatsiya qilish shaklida amalga oshiriladi.

Yuqorida qayd etilgan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlari reja-jadvali hududiy ishchi guruhlari tomonidan sektorlar kesimida ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi. Mashg‘ulotlar tasdiqlangan reja-jadvalga to‘la amal qilgan holda sifatli tashkil etilishi va o‘tkazilishiga, ishtirokchilar davomatiga tuman/shahar ishchi guruhlari, hududiy trenerlar hamda uchastka saylov komissiyasining raisi masʼul hisoblanadi.”;

mazkur qarorning ilovasiga muvofiq tahrirdagi 31-ilova bilan to‘ldirilsin.

2. Ushbu qaror muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi saylov komissiyalari aʼzolarining saylov qonunchiligi va ovoz berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini qo‘llash bo‘yicha nazariy bilimlari hamda amaliy ko‘nikmalarini oshirishga qaratilgan o‘quv-amaliyot mashg‘ulotlarini tashkil etish va o‘tkazilishini muvofiqlashtirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tuzilgan respublika ishchi guruhiga ijro etish uchun yuborilsin.

3. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.

4. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining kotibi X.Mamatov zimmasiga yuklansin.

 

 

Rais                                                                             Z. Nizamxodjayev

 

ILOVA