• eye Maxsus imkoniyatlar
№1308 Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan ayrim okrug saylov komissiyalari raislarining axboroti to‘g‘risida
23.06.2023
268

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining qarori

 

№1308                          2023-yil 23-iyun

 

Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan ayrim okrug saylov komissiyalari raislarining axboroti to‘g‘risida

 

O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 14, 16 va 22-moddalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 2023-yil 10-maydagi 1247-son qarori bilan tasdiqlangan Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejaga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qaror qiladi:

1. Muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasi (T.J.Atamuratov), 4-Jizzax okrug saylov komissiyasi (Sh.S.Sharipov), 11-Farg‘ona okrug saylov komissiyasi (E.N.Nuraliyev) raislarining axborotlari maʼlumot uchun qabul qilinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalariga:

muddatidan ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha kalendar rejada belgilangan okrug saylov komissiyasi vakolatiga oid tadbirlarning o‘z vaqtida ijro etilishini taʼminlash, uchastka saylov komissiyalari vakolatiga oid tadbirlar o‘z vaqtida o‘tkazilishini nazorat qilish;

uchastka saylov komissiyalari tomonidan saylovchilar ro‘yxati hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etilganligini hamda saylovga kamida besh kun qolguniga qadar saylovchilar ro‘yxatiga aniqlik kiritish ishlarini mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda muvofiqlashtirib borish;

uchastka saylov komissiyalari tomonidan saylovchilarni saylovchilarning ro‘yxati bilan tanishish joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor etish ishlarini tashkil qilish;

okrug hududi bo‘yicha imkoniyati cheklangan, nogironligi bo‘lgan saylovchilar, keksalar, bemorlar va ovoz berish binosiga bora olmaydigan saylovchilar haqida maʼlumotlarni aniqlash;

ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi saylovchilar haqidagi maʼlumotlarga asosan saylov uchastkalariga saylov byulletenlarini Brayl alifbosi asosida to‘ldirish uchun trafaretlar yetkazilishini taʼminlash;

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan yetkazib berilgan saylov byulletenlari, saylovga oid infografik va boshqa plakatlar, taklifnomalar uchastka saylov komissiyalariga o‘z vaqtida yetkazib berilishi hamda ularga tashkiliy-uslubiy yordam ko‘rsatilishini;

joriy yil 28-iyunga qadar uchastka saylov komissiyalari tomonidan saylovchilarga taklifnomalar tarqatilishini;

saylovchilar, kuzatuvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillariga muddatidan oldin ovoz berish o‘tkaziladigan vaqt va joy haqidagi maʼlumotlar yetkazilishini;

saylovchilar va saylov jarayoni boshqa ishtirokchilarining murojaatlarini Saylov kodeksi hamda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi Qonunda belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqib, asoslantirilgan javob berilishini;

fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va siyosiy partiyalar kuzatuvchilariga hamda siyosiy partiyalar vakolatli vakillariga belgilangan namunadagi mandatlarni so‘rovlar kelib tushishiga qarab besh kunlik muddatdan kechiktirmay topshirilishini taʼminlash yuklansin.

3. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinsin.

4. Mazkur qaror ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisining o‘rinbosari B. Kuchkarov zimmasiga yuklansin.

 

Rais                                                                             Z. Nizamxodjayev