Ilgari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan mamlakatimizning ushbu muhim siyosiy tadbirni ochiq va oshkora, umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlariga muvofiq ravishda oʻtkazishga tayyorligini inobatga olib, xalqaro majburiyatlardan kelib chiqqan holda, YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha byurosi (YEXHT DIIHB) ga saylovoldi vaziyatini va shu yilning dekabr oyida boʻlib oʻtadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi saylovlariga tayyorgarlikning borishini baholash uchun taklifnoma yuborilgan edi.
Ehtiyojlarni baholash boʻyicha missiya (EBM) saylovoldi muhiti va ularga tayyorgarlik jarayonini, mamlakatda erkin va demokratik saylovlar oʻtkazilishini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan chora-tadbirlarni ijobiy baholadi. Yaqin orada YEXHT Doimiy Kengashi tomonidan toʻlaqonli kuzatuv missiyasini yuborishning maqsadga muvofiqligi boʻyicha qaror qabul qilinishi bilan parlament saylovlariga toʻlaqonli kuzatuv missiyasini yuborish niyatini bildirdi.
Xususan, YEXHT DIIHB EBMning hisobotida taʼkidlanishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida iqtisodiyot va davlat boshqaruvi sohasida, shu jumladan valyutani tartibga solishni liberallashtirish, viza rejimini soddalashtirish va qoʻshnilar bilan yaqin hamkorlik oʻrnatish, bir qancha siyosiy mahbuslarni ozod etish va huquqni muhofaza qilish tizimidagi uzoqni koʻzlab amalga oshirilayotgan islohotlarning yangi bosqichi keng koʻlamli missiyani joʻnatish uchun asos boʻladi.
Boʻlajak saylovlar YEXHT DIIHB tomonidan mamlakatning demokratiyaga oʻtishidagi muhim siyosiy voqea sifatida baholanmoqda.
Hisobotda saylovlar saylov qonunchiligi sezilarli darajada yangilangan sharoitda oʻtishi alohida taʼkidlangan.
Oʻzbekiston tomonidan jazoni oʻtash joylarida saqlanayotgan ayrim toifadagi shaxslarning saylovlarda ishtiroki borasidagi cheklovlarning olib tashlangani; toʻgʻridan-toʻgʻri saylov prinsiplariga zid boʻlgan Qonunchilik palatasidagi oʻrinlar uchun kvotalar institutining bekor qilingani va YEXHTning yana boshqa bir qator tavsiyalari bajarilgani ijobiy baholanmoqda.
Saylov kodeksining qabul qilinishi va uning YEXHT DIIHB va Venetsiya Komissiyasi ekspertizasidan oʻtkazilgani toʻliq qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Muhim ijobiy oʻzgarishlar sifatida quyidagilar alohida taʼkidlangan:
- Markaziy saylov komissiyasining aholini boʻlajak saylovlar borasida keng xabardor qilish rejalari;
- okrug va uchastka saylov komissiyalarining aʼzolarini saylovlarni oʻtkazishning barcha jihatlari boʻyicha sifatli oʻqitishga yoʻnaltirilgan kaskad uslubidagi treninglarni butun mamlakat boʻylab tashkil etish;
- “oilaviy ovoz berish”ning oldini olish boʻyicha tizimli ish olib borish;
- saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini amaliyotga joriy etish;
- imkoniyati cheklangan shaxslarning ovoz berishda ishtirok etishi uchun zarur sharoitlar yaratish.
Bundan tashqari, Ehtiyojlarni baholash missiyasining hisobotida ayrim tanqidiy eʼtirozlar ham keltirilgan. Mazkur eʼtirozlarni jiddiy oʻrganib chiqish va bartaraf etish boʻyicha takliflar tayyorlash uchun ishchi guruhi tuzilgan. Ayni paytda, bir qator masalalar boʻyicha Oʻzbekistonning saylovlarni oʻtkazish borasidagi koʻp yillik tajribaga asoslangan oʻz prinsipial pozitsiyasi bor.
YEXHT DIIHB missiyasining boʻlajak tashrifi chogʻida biz mazkur masalalarni samarali muhokama qilamiz va oʻzimizning nuqtayi nazarimizni bayon etamiz. Nima boʻlganda ham, biz fuqarolar xohish-irodasining erkinligini taʼminlashga yordam beradigan barcha tavsiyalarni hisobga olishga tayyormiz. Bu, eng avvalo, bizning manfaatlarimizga xizmat qiladi.
Oʻtgan vaqt mobaynida Oʻzbekiston YEXHT DIIHB missiyasining saylovlarni kuzatish borasidagi bir qator tavsiyalarini amalga oshirib boʻldi. Yagona saylov kodeksining qabul qilingani, saylov jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilgani, kadrlar tayyorlashning takomillashtirilgani va shu kabi boshqa koʻrsatkichlar buning yorqin dalilidir.
YEXHT DIIHB Kuzatuvchilari cheklangan missiyasining oʻttizga yaqin kuzatuvchisi ishtirok etgan avvalgi parlament saylovlaridan farqli oʻlaroq, boʻlajak saylovlarda uch yuzga yaqin vakil ishtirok etishi kutilmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga qaraganda, missiya asosiy guruhni, shuningdek, 30 nafar uzoq muddatli va 250 nafar qisqa muddatli kuzatuvchini oʻz ichiga oladi. Uzoq muddatli kuzatuvchilarning funksiyasiga saylov jarayonining turli bosqichlarini, jumladan, hududlarda kuzatish kirsa, qisqa muddatli kuzatuvchilar ularga saylov kuni biriktirilgan tumanda ovoz berishni kuzatadi.
Boʻlajak saylovlarda bunday keng koʻlamli kuzatuvning amalga oshirilishi xalqimiz oʻz xohish-irodasini erkin bildirishining kafolatini va saylov jarayonining demokratik tamoyillarga mosligini xolis baholash imkonini beradi.
Mamlakatimiz parlamentiga boʻlajak saylovlarda kuzatuvchilarning keng va faol ishtirokini taʼminlash Oʻzbekiston Respublikasining demokratik davlat sifatida nufuzining yanada yuksalishiga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasining Raisi
M.Abdusalomov