O‘zbekiston katta siyosiy jarayon - Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi arafasida turibdi. Saylovlar mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, yaqin va olis istiqbol uchun belgilab olinadigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida 20 sentyabr' kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisi ana shu yirik voqeaga bag‘ishlandi.
Majlisda Markaziy saylov komissiyasi 2019 yil 22 dekabrni - O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kuni deb belgiladi. Saylov kampaniyasi 20 sentyabrdan boshlanishi e'lon qilindi.
Majlisda, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Tadbirda taraqqiyotining yangi, demokratik bosqichiga qadam qo‘ygan O‘zbekistonda yangi parlament va yangi mahalliy kengashlarni saylash uchun yangicha ruhdagi saylovlar kampaniyasi boshlanayotgani alohida ta'kidlandi.
Bo‘lajak saylovlar mamlakatimizni rivojlantirishning beshta muhim ustivor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z ifodasini topgan ilg‘or demokratik g‘oyalarning amaldagi yana bir yorqin ifodasi bo‘ladi. Jamiyatimiz hayotidan ko‘ppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm, fikrlar rang-barangligi, ochiqlik va oshkoralik, bag‘rikenglik tamoyillari tobora mustahkam va keng o‘rin olmoqda.
Avvalo, bu yil mamlakat parlamenti va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylovlar ilk bor O‘zbekiston Respublikasining yangi Saylov kodeksi asosida o‘tadi. Saylovlarda birinchi marta beshta siyosiy partiya o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega. Bular – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Adolat” sosial-demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi.
Saylovlarda 20 milliondan ortiq saylovchi, shulardan ikki millondan ziyod yoshlar ilk bor, ovoz beradi.
Majlis nihoyasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi, siyosiy partiyalarning rahbarlari Xalqaro matbuot markazining maxsus bezatilgan zaliga taklif etildi. Ular shaffof tugmachalarni bosib, saylov kampaniyasiga tantanali ravishda start berdi. Ulkan ekranda “2019 yil, 22 dekabr'. “Yangi O‘zbekiston. Yangi saylovlar!” tasviri paydo bo‘ldi.
Saylov kodeksiga binoan endilikda siyosiy partiyalar Qonunchilik palatasiga bo‘lajak saylovlarda 135 emas, balki to‘liq 150 saylov okrugidan nomzod ko‘rsatish huquqiga ega bo‘ldi. O‘zbekiston Ekologik harakatiga berilgan kvota chiqarib tashlangani partiyalararo raqobatni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Viloyatlarda hududiy bo‘linmalari ham ish boshlagan Xalqaro matbuot markazida Saylovchilarga tezkor axborot berish markazi (Call-center) faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi respublika hududi bo‘ylab abonentlardan markazga chiquvchi bepul qo‘ng‘iroqlar amalga oshiriladigan ko‘p tarmoqli va qisqa raqamli alohida aloqa liniyasi ajratadi hamda uning uzluksiz ishlashini ta'minlaydi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati