Joriy yilning 4-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirza-Ulugʻbek Abdusalomov Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari boʻyicha Byurosi (DIIHB)ning saylovlar boʻyicha maslahatchisi Ulvi Axundlu hamda Saylov tizimlari xalqaro fondining Qirgʻizistondagi ofisi direktori Renata Levovskiylar bilan uchrashdi.
Mazkur uchrashuv xalqaro ekspertlarning “Oʻzbekistonning yangilangan saylov qonunchiligi — demokratik saylovlar oʻtkazishning asosi” mavzusiga bagʻishlangan xalqaro konferensiyadagi ishtiroki doirasida boʻlib oʻtdi.
Muloqot chogʻida 2019-yil dekabr oyida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Xalq deputatlari mahalliy kengashlariga boʻlib oʻtadigan saylovlarga tayyorgarlik koʻrish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli ishlar, siyosiy tadbirlar Saylov kodeksi tamoillari asosida, ochiq va shaffof tarzda, xalqaro normalarga tayangan xolda oʻtkazilishi xususida soʻz yuritildi. Jumladan, Oʻzbekiston Ekologik harakati vakillariga ajratilgan kvotaning bekor qilinganligi, saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish tartibi qonun bilan mustahkamlanganligi, siyosiy partiyalar tomonidan imzo yigʻish jarayonida saylovchilarga bir yoki bir nechta partiyalarni qoʻllab-quvvatlab imzo qoʻyishi huquqi berilganligiga oid maʼlumotlar yetkazildi.
Oʻz navbatida Ulvi Axundlu ham saylovlarga koʻrilayotgan tayyorgarlik, olib borilayotgan islohotlarga ijobiy baho berdi. Shuningdek, Renata Levovskiy Saylov tizimlari xalqaro fondi ham MSK bilan saylovlar sohasida hamkorlik qilishga tayyor ekanligini bildirdi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati