• eye Maxsus imkoniyatlar
Saylovlarda siyosiy partiyalar, mahalliy kuzatuvchilar va OAV qanday tartibda ishlaydi?
05.10.2019
2268
2019-yil 5-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari, siyosiy partiyalar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

2019-yil 5-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari, siyosiy partiyalar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

Majlis kun tartibidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlarning saylovoldi tashviqotini olib borish tartibi toʻgʻrisidagi, siyosiy partiyalar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining kuzatuvchilari toʻgʻrisidagi hamda saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash kabi masalalar oʻrin oldi.
593A1762 (2).JPG

Aytish joiz saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar tegishincha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov oʻtkazuvchi viloyat tuman va shahar saylov komissiyalari tomonidan nomzodlarni roʻyxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanadi va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin toʻxtatiladi.

Saylovoldi tashviqoti oʻtkazilayotganda deputatlikka nomzodlar va siyosiy partiyalarga bir xil hajmdagi efir vaqti va chop etish maydoni bepul taqdim etilishi orqali ularga davlat OAVdan foydalanishda teng imkoniyat beriladi.
Bepul efir vaqtidan siyosiy partiyalar vakillari va deputatlikka nomzodlar ommaviy debatlar, munozaralar, matbuot anjumanlari, intervyu, chiqishlar, saylovchilar yigʻilishlari, nomzod toʻgʻrisida roliklar joylashtirish va hokazolar uchun foydalanishi mumkin.

593A1791 (2).JPG

Deputatlikka nomzodlarga va ularning ishonchli vakillariga saylovoldi tashviqotini olib borishda saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish uchun teng sharoitlar beriladi. Saylovchilar bilan uchrashuvlar nomzodlar va ularning ishonchli vakillari tomonidan mustaqil ravishda oʻtkaziladi. Nomzod yoki uning ishonchli vakili boshqa nomzod yoki uning ishonchli vakili bilan birgalikda saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishga yoxud boshqa nomzod tomonidan tashkil etilgan saylovchilar bilan uchrashuvlarda ishtirok etishga haqli.

Majlisda siyosiy partiyalar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlarining kuzatuvchilari toʻgʻrisidagi nizom ham koʻrib chiqildi.
Undagi asosiy yangilik, demokratik saylovlar boʻyicha xalqaro standartlar talablariga toʻla mos keladigan norma kiritildi. Unga koʻra, mamlakatimiz demokratik saylov tizimida ilk marotaba fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan ham kuzatuvchilar ishtirok etishi mumkin boʻldi.

Saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shuningdek, har bir saylov uchastkasida saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida kuzatuvchi qatnashish huquqiga ega. Kuzatuvning maqsadi saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdan iborat.

Siyosiy partiya aʼzosi yoki tarafdori yoxud siyosiy partiyaga xayrixoh boʻlgan har qanday Oʻzbekiston Respublikasining 18 yoshga toʻlgan fuqarosi siyosiy partiyadan kuzatuvchi boʻlishi mumkin. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli), uning oʻrinbosari, maslahatchisi, shuningdek fuqarolar yigʻini organlarining boshqa mansabdor shaxslari kuzatuvchi boʻlishi mumkin.

Komissiya aʼzolari saylov kampaniyasi davrida ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi masalasini ham koʻrib chiqishdi. Unga koʻra OAV vakillari saylov kampaniyasi davrida xolis axborotlarni keng, tezkor va erkin tarqatish, shuningdek oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda tashkil etishi uchun akkreditatsiya qilinadi.

593A1760 (2).JPG

OAV vakillari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman eʼlon qilingan kundan boshlab, qoida tariqasida, saylovga kamida oʻn besh kun qolgunga qadar MSK, viloyat, tuman va shahar saylov komissiyalariga ularni akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisida murojaat qilishlari mumkin.


Majlisda shuningdek, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov oʻtkazuvchi saylov komissiyalarini tuzish natijalari koʻrib chiqildi.

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmat