• eye Maxsus imkoniyatlar
Har bir saylov okrugidagi oʻrtacha saylovchilar soni maʼlum boʻldi
07.10.2019
3151
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi boʻyicha saylov okruglarini tuzish masalasi Saylov kodeksining 9-moddasida batafsil yoritilgan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovi boʻyicha saylov okruglarini tuzish masalasi Saylov kodeksining 9-moddasida batafsil yoritilgan.

Xususan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlarining taqdimnomasiga binoan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun bir yuz ellikta hududiy saylov okrugini tuzadi.


Bunda har bir saylov okrugidan bittadan deputat saylanadi.


Saylov okruglarining chegaralari Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining maʼmuriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda, qoida tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soniga teng holda belgilanadi.

Saylov okruglarini tuzishda saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp chetga chiqishi, qoida tariqasida, oʻn foizdan oshmasligi kerak.


Saylov okruglarining roʻyxatlari, ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan yeri koʻrsatilgan holda saylovdan kamida yetmish besh kun oldin, yaʼni 8-oktyabrga qadar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilinadi.

Yuqoridagi talablarga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi hamda Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari tomonidan oʻz hududlarida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarini tuzish haqida taqdimnomalar kiritildi.

Mazkur taqdimnomalarni inobatga olgan holda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan respublikamiz boʻyicha Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun bir yuz ellikta hududiy saylov okruglarini tuzish haqida qaror tayyorlandi.


Unga koʻra:

Respublikamiz maʼmuriy-hududiy birliklarining har birida toʻrttadan (Sirdaryo viloyatida) 17 tagacha (Fargʻona viloyatida) saylov okruglari tuzilishi belgilangan.


Saylov kuniga qadar mamlakatimizda ovoz berish huquqiga ega saylovchilarning umumiy soni taxminan yigirma million olti yuz ming nafar atrofida boʻlishidan kelib chiqib, har bir saylov okrugidagi oʻrtacha saylovchilar soni 137 ming 279 nafarni tashkil etmoqda.


Respublikamiz hududlari boʻyicha tahlil etadigan boʻlsak, quyidagicha raqamlarni koʻrish mumkin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida 8 ta saylov okrugi tuzilishi belgilangan. Nukus, Toʻrtkoʻl, Ellikqalʼa, Amudaryo, Xoʻjayli, Chimboy, Orol, Aqmangʻit saylov okruglari. Har bir saylov okrugi hududidagi saylovchilarning oʻrtacha soni 141 ming 221 nafar;


Andijon viloyatida 14 ta saylov okrugi tuzilishi belgilangan. Andijon, Oltinkoʻl, Boʻz, Shahrixon, Asaka, Marhamat, Xoʻjaobod, Paxtaobod, Qoʻrgʻontepa, Izboskan, Xortum, Chinobod, Istiqlol, Jalaquduq saylov okruglari. Har bir saylov okrugi hududidagi saylovchilarning oʻrtacha soni 137 ming 137 nafar;


Buxoro viloyatida 9 ta saylov okrugi tuzilishi belgilangan. Buxoro, Kogon, Shoxrud, Ibn Sino, Varaxsho, Paykent, Jilvon, Gʻijduvon, Vobkent saylov okruglari. Har bir saylov okrugi hududidagi saylovchilarning oʻrtacha soni 133 ming 73 nafar;

Jizzax viloyatida 6 ta saylov okrugi tuzilishi belgilangan. Jizzax, Doʻstlik, Zomin, Gʻallaorol, Paxtakor, Sharof Rashidov saylov okruglari. Har bir saylov okrugi hududidagi saylovchilarning oʻrtacha soni 132 ming 306 nafar;


Navoiy viloyatida 5 ta saylov okrugi tuzilishi belgilangan. Navoiy, Qiziltepa, Zarafshon, Xatirchi, Nurota saylov okruglari. Har bir saylov okrugi hududidagi saylovchilarning oʻrtacha soni 129 ming 625 nafar;

Namangan viloyatida 13 ta saylov okrugi tuzilishi belgilangan. Doʻstlik, Sardoba, Toshbuloq, Kosonsoy, Pop, Toʻraqoʻrgʻon, Uychi, Uchqoʻrgʻon, Chortoq, Chust, Yangiqoʻrgʻon, Norin, Mingbuloq saylov okruglari. Har bir saylov okrugi hududidagi saylovchilarning oʻrtacha soni 131 ming 70 nafar;

Samarqand viloyatida 16 ta saylov okrugi tuzilishi belgilangan. Registon, Soʻgʻdiyona, Oqdaryo, Bulungʻur, Payariq, Qoʻshrabot, Ishtixon, Kattaqoʻrgʻon, Narpay, Ziyovuddin, Nurobod, Pastdargʻom, Samarqand, Toyloq, Urgut, Qoratepa saylov okruglari. Har bir saylov okrugi hududidagi saylovchilarning oʻrtacha soni 
144 ming 506 nafar;

Sirdaryo viloyatida 4 ta saylov okrugi tuzilishi belgilangan. Guliston, Sayxun, Yangiyer, Boyovut saylov okruglari. Har bir saylov okrugi hududidagi saylovchilarning oʻrtacha soni 127 ming 468 nafar;


Surxondaryo viloyatida 11 ta saylov okrugi tuzilishi belgilangan. Sherobod, Angor, Termiz, Jarqoʻrgʻon, Qiziriq, Qumqoʻrgʻon, Shoʻrchi, Oltinsoy, Denov, Sariosiyo, Uzun saylov okruglari. Har bir saylov okrugi hududidagi saylovchilarning oʻrtacha soni 139 ming 299 nafar;

Toshkent viloyatida 13 ta saylov okrugi tuzilishi belgilangan. Angren, Bekobod, Boʻka, Boʻstonliq, Zangiota, Olmaliq, Parkent, Nurafshon, Chinoz, Chirchiq, Qibray, Yangiyoʻl, Doʻstobod saylov okruglari. Har bir saylov okrugi hududidagi saylovchilarning oʻrtacha soni 140 ming 821 nafar;


Fargʻona viloyatida eng koʻp 17 ta saylov okrugi tuzilishi belgilangan. Beshariq, Dangʻara, Yaypan, Qoʻqon, Uchkoʻprik, Buvayda, Bagʻdod, Rishton, Oltiariq, Qoʻshtepa, Margʻilon, Fargʻona, Vodil, Toshloq, Quva, Quvasoy, Navbahor saylov okruglari. Har bir saylov okrugi hududidagi saylovchilarning oʻrtacha soni 137 ming 236 nafar;


Xorazm viloyatida 8 ta saylov okrugi tuzilishi belgilangan. Urganch, Bogʻot, Gurlan, Hazorasp, Xonqa, Xiva, Shovot, Qoʻshkoʻpir saylov okruglari. Har bir saylov okrugi hududidagi saylovchilarning oʻrtacha soni 149 ming 495 nafar;

Qashqadaryo viloyatida 14 ta saylov okrugi tuzilishi belgilangan. Qarshi, Beshkent, Qamashi, Nishon, Koson, Kasbi, Kitob, Chiroqchi, Shahrisabz, Yakkabogʻ, Gʻuzor, Dehqonobod, Muborak, Koʻkdala saylov okruglari. Har bir saylov okrugi hududidagi saylovchilarning oʻrtacha soni 138 ming 521 nafar;


Toshkent shahrida 12 ta saylov okrugi tuzilishi belgilangan. Oqtepa, Darxon, Temiryoʻlchilar, Qoraqamish, Sanoat, Doʻmbirobod, Bodomzor, Astrobod, Toʻqimachi, Koʻkcha, Qoʻyliq, Shayxontohur saylov okruglari. Har bir saylov okrugi hududidagi saylovchilarning oʻrtacha soni 128 ming 782 nafarni tashkil etmoqda.


Istamov Maxmud Shuxratovich

Markaziy saylov komissiyasi

raisi oʻrinbosari