• eye Maxsus imkoniyatlar
Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalari ekspertlar tomonidan tekshiriladi
07.10.2019
3497
2019-yil 7-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari, siyosiy partiyalar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.

2019-yil 7-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Markaziy saylov komissiyasining aʼzolari, siyosiy partiyalar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.


Majlis kun tartibidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlar saylovini oʻtkazuvchi saylov okruglarini tuzish hamda siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlarini tuzish kabi masalalar oʻrin oldi.

Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish uchun bir yuz ellikta hududiy saylov okrugi tuziladi. Har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi.


Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha saylov okruglari Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining taqdimnomasiga binoan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tuziladi.
Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha saylov okruglarining chegaralari Qoraqalpogʻiston Respublikasining, viloyatlarning va Toshkent shahrining maʼmuriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda, qoida tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasining butun hududida saylovchilar soni teng holda belgilanadi.

Mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish uchun quyidagi saylov okruglari tuziladi:

xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish uchun — oltmishtadan koʻp boʻlmagan saylov okrugi;

xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga saylov oʻtkazish uchun — oʻttiztadan koʻp boʻlmagan saylov okrugi. Har bir saylov okrugidan bitta deputat saylanadi.

Saylov kodeksida belgilangan normalar doirasida mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish uchun saylov okruglari soni tegishli mahalliy Kengash tomonidan aholi, saylovchilar soni, hudud va boshqa mahalliy sharoitlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.

Mahalliy Kengashlarga saylov oʻtkazish boʻyicha saylov okruglari tegishli viloyat, tuman, shahar saylov komissiyasi tomonidan, qoida tariqasida, saylovchilar soni teng holda tuziladi. Saylov okruglarining chegaralari viloyatlar, tumanlar va shaharlarning maʼmuriy-hududiy tuzilishi inobatga olingan holda belgilanadi.
Saylov okruglarini tuzishda saylov okruglaridagi saylovchilar sonining yoʻl qoʻyiladigan eng koʻp chetga chiqishi, qoida tariqasida, oʻn foizdan oshmasligi kerak.

Saylov okruglarining roʻyxatlari ularning chegaralari, saylovchilar soni va okrug saylov komissiyalarining joylashgan yeri koʻrsatilgan holda saylovdan kamida yetmish besh kun oldin tegishli saylov komissiyasi tomonidan eʼlon qilinadi.
Majlisda komissiya aʼzolari siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi ekspert guruhlarini tuzish masalasini ham koʻrib chiqishdi.

Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida oʻn besh foizi va imzo varaqalariga imzolarini qoʻygan saylovchilar toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlar tekshirilishi lozim.


Tekshirish uchun saylovchilarning har bir siyosiy partiyani yoxud Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodni qoʻllab-quvvatlab berilgan imzolari bir xil miqdorda, har bir maʼmuriy-hududiy tuzilmadan (Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyat, Toshkent shahridan) teng nisbatda tanlab olinadi.

Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar organlarining, adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etadi.

Agar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tanlab olingan imzo varaqalarining chorak qismidan koʻprogʻini tekshirish natijasida imzo varaqalari qonun buzilgan holda tuzilganligi aniqlansa, mazkur imzo varaqalari siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga qaytariladi va unga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ikki kunlik muddat beriladi. Agar qoʻllab-quvvatlovchi shaxslarning (saylovchilarning) imzolari soni belgilangan eng kam miqdordan yana oz boʻlib chiqsa, mazkur imzo varaqalari toʻligʻicha haqiqiy emas deb topiladi. Mazkur holda Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyaga saylovda ishtirok etish huquqini rad etadi.


Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati