Joriy yilning 12-oktyabr kuni Markaziy saylov komissiyasi tashabbusi bilan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlarida fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar faoliyati masalalariga bagʻishlangan seminar boʻlib oʻtdi. Unda MSK aʼzolari, Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi xodimlari va OAV vakillari ishtirok etdi.
Seminar avvalida joriy yil 22-dekabrda boʻlib oʻtadigan saylovlarni tashkiliy jihatdan yuqori saviyada, ochiq-oshkoralik tamoyillari asosida oʻtkazish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga toʻxtalib oʻtildi. Ishtirokchilar “Yangi Oʻzbekiston. Yangi saylovlar” shiori ostida oʻtkaziladigan siyosiy tadbirlarning eng ustuvor yoʻnalishlari xususan, Saylov kodeksi va undan oʻrin olgan 30 dan ortiq yangi normalarda oʻz ifodasini topgan koʻplab oʻzgarishlarning mazmun mohiyati, saylov qonunchiligidagi yangiliklar haqida soʻz yuritdilar.
Bugun Oʻzbekistonda mahalla nufuzi tobora ortib, uning mavqei mustahkamlanib boryapti.
Prezidentimizning 2017-yilda imzolagan “Mahalla institutini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Farmoni Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyati samaradorligini oshirish, mahalla institutini aholiga eng yaqin va xalqchil tuzilmaga aylantirish, fuqarolar yigʻinlarining mushtarak manfaatlarini ifoda etadigan uyushmaga birlashish huquqlarini roʻyobga chiqarish, ularning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash hamda davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan oʻzaro hamkorligini yanada rivojlantirishga keng yoʻl ochdi.
Yangi saylov kodeksiga binoan 22 dekbarda boʻlib oʻtajak saylovlarda oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilarning ishtirok etishiga ruxsat berilishi mahallaga boʻlgan eʼtiborning yanada kuchaytirilayotganidan dalolat.
Bugun esa, ushbu quyi boshqaruv organlari vakillari uygʻun tamoyil—Parlament qonunchilik palatasi va mahalliy kengashlar deputatligiga saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etadilar. Bu saylovlarni ochiq va oshkora, demokratik prinsiplarga mos oʻtishida muhim ahamiyatga ega.
Tadbirda ushbular eʼtirof etildi va mahalladan saylovlarda qatnashadigan kuzatuvchilarga yangi qabul qilingan kodeksdagi oʻzgarishlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Shuningdek, tadbirda xalqaro kuzatuvchilarning tafsiyalari asosida mamlakatimiz demokratik saylov tizimida ilk marotaba fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan ham kuzatuvchilar ishtirok etish mumkinligi alohida qayd etildi. Markaziy saylov komissiyasining “Siyosiy partiyalar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan kuzatuvchilar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq mahalliy kuzatuvchilarga ham xalqaro tashkilotlar hamda xorijiy davlatlar kuzatuvchilari bilan teng huquq va majburiyatlar belgilanadi. Kuzatuvning maqsadi – saylovga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishga doir barcha tadbirlarda, shu jumladan saylov kuni ovoz berish va ovozlarni sanab chiqish jarayonlarida saylov qonunchiligiga rioya etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishdan iborat.
Saylov komissiyalari kuzatuvchining mandati va shaxsini tasdiqlovchi hujjatiga asosan roʻyxatga olgandan keyin unga oʻz vakolatlarini toʻlaqonli hamda toʻsqinliksiz amalga oshirishi uchun sharoit yaratib beradi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan fuqarolar yigʻini raisi (oqsoqoli), uning oʻrinbosari, maslahatchisi, shuningdek fuqarolar yigʻini organlarining boshqa mansabdor shaxslari kuzatuvchi boʻlishlari mumkin. Manfaatdor tashkilotlar, jumladan fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari oʻz kuzatuvchilari toʻgʻrisida okrug saylov komissiyalariga saylovga kamida 15 kun qolgunga qadar murojaat qilishi mumkin.
Okrug saylov komissiyasi siyosiy partiyaning va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organining arizasini olgandan keyin besh kun ichida qaror qabul qiladi va kuzatuvchi uchun Markaziy saylov komissiyasi tomonidan belgilangan namunadagi mandatni beradi. Kuzatuvchining vakolat muddati unga mandat berilgan kundan boshlanadi va saylov yakunlari rasman eʼlon qilingan kuni tugaydi.
Soʻz seminar Ishtirokchilariga:
– Mahalla hamjihatlik maskani. Insonlarning jamiyatdagi ijtimoiy faolligi, inson huquqlarining ustuvorligi, fuqarolarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi faol ishtirok etishi ham oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan boshlanadi. 22-dekabr kuni boʻlib oʻtadigan saylovlarda bizning vakillarimizdan kuzatuvchilarning ishtirok etishi – bu ularda mamlakat taraqqiyotiga boʻlgan daxldorlik hissini oshirish, mahallaga boʻlgan yana bir ishonch namunasidir.
Seminarda taʼkidlanganidek, kuzatuvchi oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga, Saylov kodeksiga, Markaziy saylov komissiyasining qarorlari va nizomlariga amal qilishi lozim.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati