Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 24-sentyabr kuni oʻtgan navbatdagi majlisida siyosiy partiyalarning vakolatli vakillarini roʻyxatga olish masalasi koʻrib chiqildi.
Maʼlumki, Oʻzbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 34-moddasiga asosan deputatlikka nomzodlar koʻrsatgan siyosiy partiya saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish uchun oʻzining vakolatli vakilini tayinlashga haqli.
Markaziy saylov komissiyasining 2019-yil 11-sentyabrdagi 935-son qarori bilan tasdiqlangan Siyosiy partiyaning vakolatli vakili toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq – Siyosiy partiya yuqori organining rahbari saylov kampaniyasi boshlanganligi rasman eʼlon qilingan kundan boshlab besh kunlik muddatda oʻz vakolatli vakilini tayinlaydi hamda uni roʻyxatdan oʻtkazish uchun Markaziy saylov komissiyasiga tegishli hujjatlarni taqdim etadi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2019-yil 20-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy majlisi qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi boʻyicha saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilindi.
Shu munosabat bilan, mamlakatimiz siyosiy maydonida faoliyat olib borayotgan beshta siyosiy partiya rahbarlari oʻz vakolatli vakillarini tayinlab, ularni roʻyxatdan oʻtkazish uchun MSKga murojaat qildi va tegishli hujjatlarni taqdim etdi.
MSK Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi hamda Oʻzbekiston Ekologik partiyasi rahbarlari tavsiya etgan vakolatli vakillarga tegishli xujjatlarni koʻrib chiqib, vakolatli vakillarni roʻyxatga olish hamda ularga belgilangan shakldagi guvohnoma (mandat)ni berish haqida qaror qabul qildi.
Saylov kodeksiga asosan siyosiy partiya oʻzining saylovda ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlovchi kamida 40 000 saylovchining imzosini toʻplagan taqdirdagina deputatlikka nomzodlar koʻrsatishi mumkinligi va imzo varaqalarining blankalari saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingandan keyin Markaziy saylov komissiyasi tomonidan berilishi belgilangan.
Yuqoridagilarga asosan MSK tomonidan siyosiy partiyalarning vakolatli vakillariga ularning roʻyxatga olinganligi haqidagi guvohnomalar hamda saylovchilarning imzolarini toʻplashlari uchun belgilangan namunadagi imzo varaqalari topshirildi.
Siyosiy partiyalarning faollari ishga kirishdi. Bu jarayon qanday kechadi?
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi caylovida ishtirok etish uchun siyosiy partiyalar tomonidan imzolarni toʻplash va imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirish muhim ahamiyatga ega.
Siyosiy partiyaning vakolatli vakili toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq siyosiy partiyalarga:
- Qonunchilik palatasi saylovida siyosiy partiyaning ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlovchi imzolarni toʻplash uchun har bir siyosiy partiyaga imzo varaqalarini buzib qoʻyilishi, toʻliq toʻldirilmasligini inobatga olgan holda hamda siyosiy partiyalarga qoʻshimcha imkoniyat yaratish maqsadida qirq sakkiz ming imzo toʻplash imkonini beradigan imzo varaqalari blankalari berilishi va siyosiy partiyalar soʻroviga koʻra, imzo toʻplash uchun qoʻshimcha imzo varaqalari blankalari berilishi mumkinligi;
- imzolar toʻplanishini tashkil etish uchun siyosiy partiyalarning tuman, shahar Kengashlari va ijroiya qoʻmitalari aʼzolari yoxud partiyalarning tuman, shahar tashkilotlari devoni shtatidagi xodimlari shuningdek, siyosiy partiyalar boshlangʻich tashkilotlari rahbarlari orasidan masʼul shaxslar tayinlanishi mumkinligi;
- saylovchilarning imzolarini toʻplash ish, xizmat, oʻqish, yashash joyida, saylovoldi tadbirlarida, shuningdek tashviqot yuritish va imzo toʻplash Qonun bilan taqiqlanmagan boshqa joylarda amalga oshirishlari mumkinligi;
- Imzo toʻplayotgan shaxs tomonidan saylovchilarni majburlash va oʻziga ogʻdirib olishning har qanday shakli qonunda belgilangan javobgarlikka sabab boʻlishi belgilanmoqda.
Nizom loyihasiga muvofiq MSK imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishi uchun qirq toʻrt mingtadan koʻp boʻlmagan, yaʼni zarur qirq ming va koʻpi bilan 10 foiz qoʻshimcha imzolar siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etiladi. Agar siyosiy partiyalar tomonidan qirq toʻrt mingdan koʻproq imzolar toʻplangan boʻlsa, qolgan imzo varaqalari siyosiy partiyada zahira sifatida qoldiriladi.
Siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligi MSK tomonidan besh kunlik muddatda tekshirilib, tekshirish oʻtkaziladigan vaqt va joy haqida siyosiy partiyalarga oldindan maʼlum qilinadi.
Siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligining MSK tomonidan tekshirilishi jarayonida ishtirok etadi.
MSK imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar organlarining, adliya organlarining xatshunos ekspertlari, mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi.
Ekspert guruhi aʼzolari imzo varaqasining toʻgʻri toʻldirilganligiga, tuzatishlarga yoʻl qoʻyilganiga, oʻchirib yozilgan tuzatishlar borligiga, turli shaxslar tomonidan toʻldirilganligiga, oʻxshash imzolar borligiga, tasdiqlangan tuzatishlar borligiga eʼtibor bergan holda har bir imzo varaqasini koʻzdan kechiradi.
Vizual tekshiruvda nuqsonlar yoki shubhali holatlar aniqlangan imzo varaqalari puxtaroq, shu jumladan maxsus asboblar yordamida tekshirish uchun saralab olinadi.
Quyidagi hollarda imzolar haqiqiy emas deb topiladi:
- Saylov kampaniyasi boshlanganligi eʼlon qilingunga qadar toʻplangan imzolar, imzo varaqasidagi saylovchi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar saylovchining oʻzi yoki saylovchilar imzolarini toʻplagan masʼul shaxs tomonidan kiritilmasdan qoʻyilgan imzolar, saylash huquqiga ega boʻlmagan shaxslar tomonidan qoʻyilgan imzolar, imzo varaqasida koʻrsatilishi lozim boʻlgan maʼlumotlardan birortasi koʻrsatilmasdan qoʻyilgan, shu jumladan sanasi koʻrsatilmasdan qoʻyilgan imzolar, boshqa shaxsning nomidan qoʻyilgan imzolar, MSK tomonidan berilgan imzo varaqalaridan boshqa imzo varaqalarida qoʻyilgan imzolar, saylovchining imzosi va u haqda maʼlumotlar qalam va boshqa yozuv quroli hisoblanmaydigan vositalar bilan kiritilgan imzolar, imzo varaqasida koʻrsatilishi lozim boʻlgan maʼlumotlarga tuzatishlar kiritilgan holda qoʻyilgan imzolar, basharti ushbu tuzatishlar saylovchi yoki imzo varaqasini tasdiqlovchi shaxslar tomonidan qoʻshimcha imzo bilan tasdiqlanmagan boʻlsa imzolar haqiqiy emas deb topiladi.
Agar MSK tomonidan tanlab olingan imzo varaqalarining chorak qismidan koʻprogʻini tekshirish natijasida imzo varaqalari qonun buzilgan holda tuzilganligi aniqlansa mazkur imzo varaqalari siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga qaytariladi va unga kamchiliklarni bartaraf etish uchun ikki kunlik muddat beriladi.
Siyosiy partiyalar tomonidan imzo varaqalaridagi kamchiliklar ikki kunlik muddatda bartaraf etilmasa yoxud qoʻshimcha imzo varaqalari taqdim etilmasa, barcha topshirilgan imzo varaqalaridan haqiqiy deb topilganlari inobatga olinadi.
MSKga kamchiliklari bartaraf etilib (qoʻshimcha toʻplanib), taqdim etilgan imzo varaqalari toʻliq tekshiriladi va ularning haqiqiy deb topilganlari aniqlanadi. Agar qoʻllab-quvvatlovchi saylovchilarning imzolari soni belgilangan eng kam miqdordan yana oz boʻlib chiqsa, MSK siyosiy partiyaga saylovda ishtirok etish huquqini rad etadi.
Tekshiruv yakunlangach, siyosiy partiyani yoqlab berilgan imzo varaqalarini taqdim etgan har bir siyosiy partiya boʻyicha Ekspert guruhi tomonidan Imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirish yakunlari toʻgʻrisida xulosa tuziladi. Xulosaning nusxasi siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga beriladi. Ekspert guruhi xulosalari MSK tomonidan tegishli qaror qabul qilinishi uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Ekspert guruhining xulosasi asosida MSK siyosiy partiyaga Qonunchilik palatasi saylovida ishtirok etishga ijozat berish yoki siyosiy partiya tomonidan taqdim etilgan hujjatlar qonunchilik talablariga muvofiq kelmaganligi uchun Qonunchilik palatasi saylovida ishtirok etish huquqini rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Xulosa sifatida aytganda, siyosiy partiya tomonidan taqdim etiladigan imzo varaqalarini toʻgʻri toʻldirilishi ushbu siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Bahodirjon YUNUSOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi.