• eye Maxsus imkoniyatlar
Saylovlar Oʻzbekistonni rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qoʻshishda muhim amaliy qadam
17.10.2019
3661
2019-yil 20-sentyabr demokratik taraqqiyotning yangi sahifalarini ochib, insonparvar islohotlar samarasida dunyo hamjamiyatiga uygʻunlashib borayotgan Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida tarixiy ahamiyatga molik sana sifatida muhrlanib qoladi.

Xudoyor MAMATOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi kotibiyati rahbari,

yuridik fanlar doktori, professor

2019-yil 20-sentyabr demokratik taraqqiyotning yangi sahifalarini ochib, insonparvar islohotlar samarasida dunyo hamjamiyatiga uygʻunlashib borayotgan Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy hayotida tarixiy ahamiyatga molik sana sifatida muhrlanib qoladi.

Joriy yil 20-sentyabrda Konstitutsiyaviy-huquqiy maqomga ega, faoliyatining asosiy tamoyillari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat Markaziy saylov komissiyasi yangi Oʻzbekistonda yangi saylovlar kunini eʼlon qilish haqida qaror qabul qildi. Unga koʻra, 2019-yil 22-dekabr mamlakatimiz Parlamentining Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylovlar kuni, deb belgiladi hamda saylov kampaniyasi boshlanganligieʼlon qilindi.

Oʻzbekistonni 2017-2021-yillarda taraqqiy ettirishning beshta ustuvor yoʻnalishini oʻzida mujassam etgan Harakatlar strategiyasi hamda Maʼmuriy islohotlar konsepsiyasiga muvofiq soʻnggi yillarda davlat hokimiyati va boshqaruv organlari yangilanib, son jihatdan maqbullashtirildi, bir-birini takrorlovchi, oʻziga xos boʻlmagan, deklorativ funksiyalar bekor qilinib, ularda xizmat qiluvchilar tarkibining sifati yuksalib bormoqda.

Boshqaruvda koʻp yillik amaliy tajribaga ega davlat xizmatchilari safiga zamonaviy bilimlarni puxta egallagan, taraqqiy etgan demokratik huquqiy davlatlar tajribasini astoydil oʻrgangan, iqtidorli, istiqbolli, tashabbuskor yoshlar qoʻshilib, ular “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, tamoyiliga qatʼiy amal qilib kelmoqdalar.

Xususan, davlat va hokimiyat organlarining har bir xizmatchisi, xodimi joylarda, jumladan, eng chekka hududlarda ham xalq bilan sayyor uchrashuvlar oʻtkazib, lozim boʻlsa, uyma-uy yurib, yillar davomida toʻplanib qolgan ijtimoiy-iqtisodiy kamchiliklarni, fuqarolarni tashvishlantirayotgan masalalarni oʻrganib, ularni oʻz vaqtida bartaraf etish choralarini koʻrmoqda. “Obod mahalla”, “Obod qishloq”, “Beshta muhim tashabbus” kabi xalqchil dasturlar doirasida mamlakatni obod qilish, xalqimizning hayotini yaxshilash, farovonligini yanada oshirish uchun astoydil xizmat qilmoqda.

Oʻzbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, qonuniy manfaatlarni taʼminlash, aholining farovonligini oshirish borasida “Soʻz va amal birligi” shioriga qatʼiy amal qilinmoqda.

Soʻz erkinligi, eʼtiqod erkinligi, matbuot erkinligi, fikrlar xilma-xilligi va hur fikrlikka keng yoʻl ochildi. Mamlakatimiz dunyo davlatlari bilan yaqin qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini, xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlab, dunyo hamjamiyati oldida yangi Oʻzbekistonning ijobiy imidjini yuksaltirib bormoqda.

Joriy yilgi saylovlar Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2019-yilning 25-iyunida imzolangan va kuchga kiritilgan yangi, yaxlit Saylov kodeksiga muvofiq tashkil etiladi va oʻtkaziladi.

Yangi Saylov kodeksi ungacha amalda boʻlgan saylov jarayonini huquqiy jihatdan tartibga solgan qonunlardan keskin farq qiladi. Avvalo, ushbu kodeks - demokratik, ochiq, oshkora va erkin saylovlar oʻtkazish boʻyicha xalqaro huquq normalari va standartlarini, rivojlangan davlatlarning ijobiy tajribasini hamda qadimiy davlatchilik tarixiga, oʻzining uchmas va soʻnmas insonparvar, adolatli qadriyatlariga ega xalqimizning ijtimoiy adolat, bagʻrikenglik, soʻz va amal birligi kabi noyob gʻoya va qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan. Sodda va ravon tilda yozilgan.

Avvalgi saylovlar jarayoni “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining saylovi toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov toʻgʻrisida”gi, “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar kengashlariga saylov toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi toʻgʻrisida”gi hamda “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari toʻgʻrisida”gi beshta qonun bilan tartibga solinar edi. Tabiiyki, undagi normalar tarqoq, baʼzan bir-birini takrorlovchi yoki inkor etuvchi qoidalardan iborat edi. Shuningdek, ayrim muhim masalalar qonun bilan emas, Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining nizomlari yoki yoʻriqnomalari bilan tartibga solinar, ulardan foydalanuvchilar, amalda qoʻllovchilar, shu jumladan, xalqaro kuzatuvchilar uchun bir qator noqulayliklarni tugʻdirardi.

Qolaversa, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovchilar tomonidan bevosita saylash orqali shakllantiriladigan davlat hokimiyatining oliy organi boʻlishiga qaramasdan, 150 nafar deputatlik oʻrnidan 15 tasi siyosiy partiya maqomiga ega boʻlmagan, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologik harakati vakillari uchun kvotalangan edi. Shuningdek, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlari deputatligiga siyosiy partiyalardan tashqari fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari ham nomzod koʻrsatish huquqiga ega edi.

Bunday normalarning mavjudligi, oʻz navbatida, “saylov oʻtkazuvchi davlatlar saylov jarayonida ishtirokchilarning barchasi uchun bir xil va teng sharoitlar yaratishi lozim”, degan demokratik prinsipga uncha mos boʻlmagan.

Yangi kodeksda bunday boʻshliqlar ham bartaraf etildi. Yurtimizda yangi Ekologiya partiyasiga asos solindi. Mamlakatning siyosiy maydoni toʻla siyosiy partiyalarga taqdim etildi. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga esa boʻlajak demokratik saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xalqaro standartlar qoidalari, milliy qonunchilik talablariga mos tarzda tashkil etilishi va oʻtkazilishini kuzatib borish uchun kuzatuvchilarini belgilash huquqi berildi. Ungacha bu huquq faqat siyosiy partiyalar hamda xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillariga berilgan edi.

Yangi qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga asosan siyosiy partiyalar tomonidan imzo yigʻishda saylovchilar tomonidan bir qancha partiyalarni yoqlab imzo qoʻyish imkoniyati berildi. Oldinlari siyosiy partiyalar tomonidan imzo yigʻishda “saylovchi faqat bitta siyosiy partiyani yoqlab imzo qoʻyishi mumkin”, degan norma mavjud edi. Bu esa siyosiy partiyalarga ham, saylovchilarga ham noqulaylik tugʻdirardi.

Siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlash bu saylovchining ixtiyoriy xohishi. Saylovchi siyosiy partiyaning dasturi va amaliy faoliyati bilan tanish boʻlsa hamda mazkur siyosiy partiyaning saylovlar jarayonida ishtirok etishini qoʻllab-quvvatlasa, demak, ular toʻplagan imzo varagʻiga oʻz imzosini qoʻyadi. Lekin bu saylovchi aynan shu siyosiy partiyaning nomzodini qoʻllab-quvvatlab ovoz beradi degani emas. 

Saylovchi nomzodni qoʻllab-quvvatlashi uchun hali oldinda 2 oydan ziyod vaqt bor. Bu vaqt davomida siyosiy partiyalar, nomzodlar oʻzlarining saylovoldi dasturlarini eʼlon qiladi. Saylovoldi tashviqotini olib boradi. OAV orqali chiqishlar qilib, saylovchilar bilan bevosita uchrashuvlar oʻtkazadi. Mabodo, saylovchi imzo toʻplash jarayonida 3 yoki 4 ta siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishi uchun imzo qoʻygan boʻlsa-da, uchrashuv va debatlar jarayonida qaysi siyosiy partiyaning nomzodi yoki platformasi unga maʼqul boʻlsa, ovoz berish kunida saylovchi aynan shu partiyaning vakiliga yoki nomzodga ovoz berishi mumkin. Ovoz berish jarayonida esa bitta saylovchi faqat bitta ovoz berish huquqiga ega.

Avvalgi qonunlarda “Imzo varaqalarida imzolar soxtalashtirilgan taqdirda Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyadan roʻyxatga olish uchun hujjatlar qabul qilishni rad etadi hamda taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va qonun talablaridan chetga chiqish hollari toʻgʻrisida tegishli siyosiy par­tiya­larning rahbarlariga, vakolatli vakiliga belgilangan tartibda maʼlum qiladi”, deb belgilab qoʻyilgan edi. Bu qoida siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok eta olmasligiga olib kelardi. Partiyalarga holatni toʻgʻrilash uchun imkon berishga oid norma mavjud emas edi. Yangi qabul qilingan kodeksga muvofiq siyosiy partiyalarga hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklar va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatish hamda ularni Markaziy saylov komissiyasiga qayta taqdim etish huquqi berildi. Ushbu demokratik talablarga javob beradigan norma siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etish imkoniyatini yanada mustahkamladi.

Partiyalar saylov kuni ovoz berish xonalarida va ovozlarni sanab chiqishda avvalgi qonunlar boʻyicha faqat bittadan kuzatuvchi berishi mumkin boʻlgan boʻlsa, mazkur kodeksda bunday cheklov chiqarib tashlandi. Bu ham ochiqlik, oshkoralikni, jamoatchilik nazoratini oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, siyosiy partiyalarning tarafdorlari, ularni qoʻllab-quvvatlovchilar safini kengaytirishga, kuzatuvchilar uchun esa bir kun davomida saylov uchastkasida qimirlamay turish emas, balki almashib bu vakolatni amalga oshirish imkonini yaratadi.

Kodeksda siyosiy partiya vakolatli vakilining huquqlari ham kengaytirildi. Endilikda vakolatli vakil saylov komissiyasining majlislarida, hujjatlarni topshirishda, imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshirishda, saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqiga ega. Avvalgi qonunlarda uning faqat saylov uchastkasida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etish huquqigina qayd etilib, shuning­dek, partiya vakolatli vakilni oʻz aʼzolari orasidangina tayinlashi belgilangan edi.

Agar avvalgi qonunlarda sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas va saylovda qatnashmaydilar, degan mazmundagi qoida belgilangan boʻlsa, mazkur kodeksda ularning saylanishi mumkin emasligiga oid norma qoldirilib, “saylovda qatnashmaydilar” degan jumla chiqarib tashlandi. 

Kodeksning 5-moddasida sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmaydi, deb belgilab qoʻyildi. Bu bilan ijtimoiy xavfi katta boʻlmagan, uncha ogʻir boʻlmagan jinoyat sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslarda saylovda ishtirok etish, yaʼni saylash huquqi vujudga keldi. Bu esa ozodlikdan mahrum etish joylarida saylov uchastkalari tuzilishi mumkinligini kodeksning 10, 27-moddalarida mustahkamlash imkoniyatini berdi. Bularning barchasi umumiy saylov huquqi prinsipi yanada kengroq taʼminlanganidan, xalqaro standartlar talablari implementatsiya qilinganidan dalolat beradi.

Kodeksda teng saylov huquqini taʼminlash mexanizmlari belgilanib, saylovoldi tashviqoti nomzodlarni roʻyxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan eʼtiboran boshlanishi qayd etildi. Avvalgi qonunlarda saylovoldi tashviqoti deputatlikka nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan roʻyxatga olingan kundan eʼtiboran boshlanishi belgilangan edi. Bu nomzodlarning har xil vaqtlarda, kimdir avvalroq, kimdir keyinroq tashviqot boshlashiga olib kelardi.

Avvallari fuqarolarning ovoz berish tartibi chegaralab qoʻyilgan, yaʼni saylovchi oʻzi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi roʻparasida, oʻng tomonda joylashgan boʻsh kvadratga faqat bitta belgi – “krestik” belgisini qoʻyardi. Kodeksda fuqarolarning ovoz berish imkoniyatlari yanada kengaytirilib, saylovchi oʻzi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi roʻparasida, oʻng tomonda joylashgan boʻsh kvadratga uchta belgidan: yaʼni “+” yoki “˅” yoxud “x” belgisidan birini qoʻyish imkoniyatiga ega boʻldi.

Fuqarolarning saylov huquqlarini yanada mustahkam kafolatlash maqsadida kodeksning 7-moddasida “Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali taʼminlanadi”, deb belgilab qoʻyildi.

Imkoniyati cheklangan shaxslarning saylovga oid konstitutsiyaviy huquqlarini kafolatlash maqsadida kodeksning 31-moddasida saylov byulletenlari Brayl alifbosi asosida tayyorlanishi mumkinligi, 49-moddasida jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun zarur shart-sharoitlar yaratish mahalliy davlat hokimiyati organlarining zimmasiga yuklatilishi, 50-moddasida ovoz berish xonalari yorugʻ va keng boʻlishi, alohida kirish va chiqish joyi boʻlishi, shuningdek, ularda jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun nishab yoʻlkalar nazarda tutilgan boʻlishi lozimligi qayd etildi.

Kodeksda shuningdek, ovoz berish saylov kuni soat 8:00 dan 20:00 gacha oʻtkazilishi belgilab qoʻyildi. Avvalgi qonunlarda bu soat 6:00 dan boshlanishi belgilab qoʻyilgan boʻlib, saylov komissiyasi aʼzolariga ham bir qator noqulayliklar keltirib chiqarardi. Saylov dekabrda boʻlishini hisobga oladigan boʻlsak, bu vaqtda hali kun chiqmagan, qorongʻi vaqt boʻlardi.

Umuman, yangi Saylov kodeksidagi asosiy normalar bilan ungacha boʻlgan saylov qonunchiligi normalari oʻrtasida oʻttizdan ortiq demokratik yangilik, oʻzgarishlar mavjud. Saylovlarni tashkil etish va oʻtkazish jarayonida ular albatta, siyosiy-huquqiy hayotimizga tatbiq etiladi.

Siyosiy partiyalarga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi kengesi deputatligi hamda xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga boʻlajak saylovda teng sharoitlar yaratiladi. Keyingi yillarda xalqimizning siyosiy-huquqiy madaniyati yuksalib, ijtimoiy faolligi ortib bormoqda. Bu oʻz navbatida siyosiy partiyalar oldiga ham, ular tomonidan koʻrsatiladigan deputatlikka nomzodlar oldiga ham jiddiy talablar qoʻyilishini anglatadi. Oʻz navbatida saylovoldi tashviqoti davrida siyosiy partiyalararo sogʻlom raqobat ham oʻtgan saylovlarga nisbatan ancha jiddiy tusda oʻtishidan dalolat beradi.

Qisqasi, Oʻzbekistondagi demokratik jarayonlar endi orqaga qaytmaydigan, muqarrar tus oldi. Joriy yilning 22-dekabrida mamlakatimiz Parlamenti va mahalliy Kengashlariga boʻladigan saylovlar milliy mustaqilligimizni yanada mustahkamlash, Oʻzbekistonni dunyodagi rivojlangan demokratik davlatlar qatoriga qoʻshishda yana bir muhim amaliy qadam boʻladi. Butun xalqimiz, saylovchilarimiz, ayniqsa, yoshlarimizning orzu-intilishlarini ifoda etishlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

Markaziy saylov komissiyasi, hududlarda tashkil etiladigan viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari, shuningdek, okrug va uchastka saylov komissiyalari boʻlajak saylovlarni yuqori saviyada, xalqaro huquq normalari, milliy qonunchilik talablariga, demokratik saylov oʻtkazishning qonuniylik, tenglik, erkinlik, umumiylik, ochiq-oshkoralik va adolatlilik kabi insonparvar prinsiplariga toʻliq mos holda tashkil etish va oʻtkazishga bor bilim, imkoniyat va tajribasini safarbar etadi.