• eye Maxsus imkoniyatlar
Saylovlar xalqaro hamjamiyat nigohida boʻladi
18.10.2019
2224
Namanganda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamkorligida saylovlarda xalqaro tashkilotlar va xalqaro kuzatuvchilar bilan oʻzaro hamkorlik masalalariga bagʻishlangan seminar-trening oʻtkazildi.

Namanganda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamkorligida saylovlarda xalqaro tashkilotlar va xalqaro kuzatuvchilar bilan oʻzaro hamkorlik masalalariga bagʻishlangan seminar-trening oʻtkazildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi, xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlariga saylovlar oldidan tashkil etilgan mazkur tadbirda Namangan, Andijon, Fargʻona viloyatlari hokim oʻrinbosarlari, mazkur viloyatlar davlat va jamoat tashkilotlari, muassasalari, siyosiy partiyalar vakillari ishtirok etdi.

saylovlar_khal_aro_amzhamiyat_nigo_ida_b_ladi_11_10_2019.jpg

Seminar avvalida taʼkidlandiki, demokratik islohotlar chuqurlashib borayotgan mamlakatimizda saylov institutining huquqiy asoslari ham tobora takomillashib, xalqaro meʼyorlarga moslashtirib borilmoqda va bu boʻlib oʻtgan saylovlar yakunlari boʻyicha xalqaro ekspert tashkilotlarning hisobotlarida ham eʼtirof etilmoqda.

– Xalqaro tashkilotlar va kuzatuvchilar ishtiroki saylovlarni demokratik tamoyillarga amalga qilgan xolda oʻtkazishning muhim shartlaridan biridir, – deydi seminarni boshqarib borgan Markaziy saylov komissiyasi kotibiyati xalqaro boʻlimi boshligʻi B.Ismoilov. –Shu nuqtayi nazardan, oldimizda turgan muhim siyosiy kampaniya jarayonlarida xalqaro tashkilotlar vakillari va kuzatuvchilar bilan oʻzaro hamkorlikda ishlashda jarayonga aloqador barcha subyektlardan katta masʼuliyat talab etiladi. Bu yilgi saylovlarda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotiga aʼzo boʻlgan 57 davlatdan 250 nafarga yaqin qisqa muddatli, 30 nafar uzoq muddatli, shuningdek, boshqa davlat va xalqaro tashkilotlardan 300 ga yaqin, jami 600 nafardan ziyod kuzatuvchi ishtirok etishi kutilmoqda. Ushbu seminar saylov komissiyalari, ishchi guruhlari aʼzolari, masalaga daxldor mutasaddilarning saylovlar boʻyicha milliy qonunchilik va xalqaro huquqiy meʼyorlar yuzasidan bilim va tajribalarini yanada mustahkamlash maqsadida oʻtkazilmoqda.

17.jpg

Seminarda Markaziy saylov komissiyasi kotibiyati xalqaro boʻlimi boshligʻi B.Ismoilovning milliy saylov qonunchiligining takomillashuvi samarasi – Saylov kodeksi, parlamentga saylovlarda xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlardan kuzatuvchilarning ishtirokini taʼminlash tartibi; Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti ekspertlari – Moldova davlat universiteti professori Yu.Chokan va Moldova Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi aʼzosi V.Filipovning saylovlarni tashkil qilish va oʻtkazishning, saylov jarayonlarida kuzatuvchilar faoliyatining xalqaro andozalari, saylovlarni tashkil qilish va oʻtkazishda mahalliy hokimiyatning roli va oʻrni, Oʻzbekistonda saylovlarda xalqaro meʼyorlarga rioya etilishi yuzasidan Yevropada xavfsizlik va xamkorlik tashkiloti missiyasining xulosalari kabi mavzulardagi maʼruzalari tinglandi.

Ishtirokchilarning saylovning xalqaro meʼyoriy-huquqiy asoslari, saylovlarda xalqaro kuzatuvchilarning roli, ularning faoliyati qoidalari, saylovlarni baholash andozalari yuzasidan savollariga batafsil javob qaytarildi.

Akromjon SATTOROV, OʻzA