• eye Maxsus imkoniyatlar
Ustuvor vazifalarning amaliy ifodasi
23.10.2019
3355
Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi, Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan yurist Mirzo Ulugʼbek АBDUSАLOMOV bilan suhbat.

Oʼzbekistonda “Saylov qonunchiligi targʼiboti oyligi” boshlandi

 

Oʼzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi, Oʼzbekiston Respublikasida xizmat koʼrsatgan yurist

Mirzo Ulugʼbek АBDUSАLOMOV bilan suhbat.

 

Demokratiya ruhi

 - Mirzo Ulugʼbek Elchievich, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan joriy yilning 20 oktyabridan 20 noyabrigacha mamlakatimizda “Saylov qonunchiligi targʼiboti oyligi”ni tashkil etishga doir qaror qabul qilindi. Jurnalistlar ushbu hujjat saylovlarga tayyorgarlikning yangi bosqichini boshlab berganini taʼkidlashmoqda. Аvvalo, shu haqda suhbatlashsak.

- Mohiyatan olganda, davlat hokimiyati vakillik organlari deputatligiga saylovlar - bir kunda oʼtadigan siyosiy tadbir. Lekin odatda unga oylab, hatto yillab tayyorgarlik koʼriladi. Chunki saylovlar yaqin va olis istiqbol uchun belgilab beriladigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Joriy yilning 22 dekabrь kuni boʼlib oʼtadigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatligiga saylovlarga tayyorgarlik ishlari davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan bundan ikki yil avval boshlangan edi.

Prezidentimiz tomonidan imzolangan va 2019 yilning 25 iyunidan amaliyotga joriy etilgan Oʼzbekiston Respublikasining Saylov kodeksi milliy saylov qonunchiligimiz tarixida ulkan voqea boʼldi.

Joriy yilgi saylovlardagi eng muhim yangilik, shubhasiz, saylovlarning ilk bor Saylov kodeksi asosida oʼtkazilishi bilan bogʼliq.

Kodeksdan saylovlarni umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlar va printsiplar asosida demokratik, ochiq-oshkora va shaffof oʼtkazishga xizmat qiladigan oʼttizdan ortiq yangi norma va qoidalar joy olib, ilgari amalda boʼlgan koʼplab cheklovlar chiqarib tashlandi.

Saylov qonunchiligi mamlakatimizning koʼp yillik milliy saylov tajribasi, shuningdek, umumeʼtirof etilgan xalqaro saylov standartlari va taraqqiy etgan xorijiy davlatlarning ilgʼor tajribasiga muvofiq rivojlanmoqda. Bu borada erishilgan muvaffaqiyatlarimizni nafaqat milliy ekspertlar, balki xalqaro mutaxassislar ham keng eʼtirof etmoqda.

Gapni saylovlarga tayyorgarlikdan boshlaganimning boisi shundaki, “Saylov qonunchiligi targʼiboti oyligi”ni oʼtkazishga oid qaror milliy saylov qonunchiligimizdagi ana shunday muhim oʼzgarishlarni, avvalo saylov tashkilotchilariga oʼrgatish, jamoatchilik oʼrtasida keng targʼib qilish borasida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan izchil ishlarning uzviy davomidir.

Taʼkidlash oʼrinliki, Markaziy saylov komissiyasining mazkur qarori mamlakatimizdagi tegishli vazirlik va idoralar, davlat va jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda ishlab chiqildi va qabul qilindi. Endi uning ijrosini taʼminlashga ham boshqa yana koʼplab hamkorlarimiz bilan birgalikda kirishdik.

Maʼruzabozlik oʼtmishda qoldi

 - Sir emaski, joylardagi baʼzi saylov komissiyalari aʼzolari malakasining pastligi haqli eʼtirozlariga ham sabab boʼladi. Mamlakatimizning bosh saylov organi tomonidan bunday muammolarni hal etish yuzasidan qanday chora-tadbirlar koʼrilmoqda?

- Аyni eʼtirozlarni rad etmagan holda, bir gapni alohida taʼkidlashni istardim: Mamlakatimiz saylov qonunchiligi milliy huquqiy tizimdagi eng samarali va izchil rivojlanayotgan yoʼnalishlardan biridir. Uni oʼqish-oʼrganish - davomli jarayon.

Markaziy saylov komissiyasining muhim vazifalaridan biri - Saylov kodeksining 14-moddasida taʼkidlanganidek, Oʼzbekiston Respublikasining butun hududida mazkur qonunning ijrosini nazorat qilish, uning bir xil tarzda qoʼllanishi, saylov komissiyalari faoliyatini uslubiy jihatdan taʼminlashni amalga oshirishdan iborat.

Bunday ulugʼvor maqsadga avvalo, saylov tashkilotchilarini tizimli oʼqitish, oʼrgatish va ularning koʼnikmalarini oshirish, saylov qonunchiligini aholi oʼrtasida keng targʼib qilish orqali erishish mumkin.

Saylov kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi, Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlari saylovlariga tayyorgarlik koʼrish boʼyicha asosiy tadbirlar dasturi qabul qilindi. Dasturda belgilangan keng koʼlamli vazifalarning ijrosiga esa har qachongidan erta — iyunь oyidanoq kirishildi.

Barcha darajadagi saylov komissiyalari aʼzoligiga nomzodlarning saylov qonunchiligidagi yangiliklar, saylovlarga tayyorgarlik koʼrish va ularni oʼtkazishga oid bilim va koʼnikmalarini oshirishga qaratilgan seminar-treninglar odatdagidan uch oy avval — 3 avgustdan boshlandi. 

Ilgarilari bunday tadbirlar saylov kampaniyasi eʼlon qilinganidan soʼng – kech kuzda boshlanar, mashgʼulotlar koʼpincha butun tuman yoki viloyatdagi barcha darajadagi saylov komissiyalari rahbarlari-yu, aʼzolari – 300-400 kishi - bir mahobatli zalga yigʼilib, ularga ikki-uch soat uzundan-uzun va zerikarli maʼruzalar oʼqishdangina iborat boʼlardi. Sababi - vaqt tigʼiz, moliyaviy imkoniyatlar malakali mutaxassislaru ekspertlarni oʼqitish jarayoniga keng jalb etish imkonini bermasdi.

Davlatimiz rahbari tomonidan endi strategik maqsadlarimiz aniq va ravshan belgilab berildi. Yaʼni demokratik, insonparvar davlat qurish, erkin fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, Vatanimiz iqtisodiy qudratini yanada yuksaltirish, pirovardida, xalqimizni hayotdan rozi qilish, uning yanada farovon yashashi uchun barcha shart-sharoitni yaratishdan iborat.

Mustaqil mamlakatimiz oʼz taraqqiyotining navbatdagi yuksalish bosqichi sari dadil qadam qoʼydi. Endigi saylovlar ham ana shu davr ruhida, tartib-tamoyillar asosida oʼtkazilishi uchun barcha shart-sharoit yaratilmoqda.

Shu bois Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, Milliy universitet, Toshkent davlat yuridik universiteti, boshqa yetakchi oliy taʼlim oʼquv yurtlari, Аdliya, Аxborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari va sohaning boshqa taʼlim, ilmiy, amaliy, tadqiqot muassasalari olimlari, ekspertlari va amaliyotchilari bilan hamkorlikda seminar-treninglar dasturlari ishlab chiqildi.

Bunda anʼanaviy maʼruzabozlikdan voz kechilib, asosiy eʼtibor amaliy koʼnikmalarni oshirishga qaratilmoqda. Mashgʼulotlarda interfaol usullar ustivorlik kasb etib, zamonaviy pedagogik, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, auditoriyadagi tinglovchilarning sonini esa 20 nafardan oshirmaslik belgilab qoʼyildi.

 

Koʼlami - keng, samarasi - yuksak

- Bunday sharoit hamma joyda bir xil yaratilganmi yo faqat yirik shaharlardami?

- Seminar-treninglar qaerda – poytaxt Toshkentda tashkil etiladimi yoki borish qiyin boʼlgan uzoq tumandami, qatʼi nazar, mashgʼulotlar saylov qonunchiligi va amaliyoti boʼyicha malkali ekspertlar, olimlar va tajribali amaliyotchilar tomonidan oʼtkazilmoqda. Oʼquv yakunlangach, seminar-treninglar tinglovchilariga Markaziy saylov komissiyasining maxsus sertifikati berilmoqdaki, bunday hujjat saylov faollarining istiqboldagi faoliyatida ham qoʼl kelishi, shubhasiz.

Oʼqitishning yuqoridan quyiga qarab kengayib, takomillashib boradigan koʼp bosqichli bunday usuli oʼz samaralarini bermoqda. Yakuniga yetgan ikki bosqichda saylov komissiyalarining 51 mingga yaqin rais, rais oʼrinbosari va kotibligiga nomzodlar uch kunlik kurslarda oʼqitildi. Shu kunlarda seminar-treninglarning navbatdagi bosqichi davom etmoqda. Oʼqishlarga 30 mingdan koʼproq saylov komissiyalari aʼzolari jalb etilgan. Barcha darajadagi saylov komissiyalarining aʼzolari ikki kunlik seminar-treninglarda oʼz bilimi va koʼnikmasini oshirayotir. Saylov kunigacha jami 180 mingga yaqin kishi tizimli ravishda oʼqitiladi.

Bunday keng koʼlamdagi oʼqitish – seminar-treninglar mamlakatimiz milliy saylovlari tarixida birinchi marta yoʼlga qoʼyildi.

 

Navbat - saylovchilarga

- Demak, endi navbat – saylovchilarga, ularning huquqiy-siyosiy bilimini yanada oshirishga?

- Ha, shunday ezgu niyat bilan “Saylov qonunchiligi targʼiboti oyligi”ni oʼtkazishga kirishildi. Zero, saylov – fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishdagi ishtirokining asosiy shakli, ularning oʼz siyosiy huquqlarini roʼyobga chiqarishi, xohish-irodasini erkin ifodalashini taʼminlashga xizmat qiladigan muhim siyosiy tadbirdir.

Mazkur siyosiy tadbirni mamlakatimiz Konstitutsiyasi hamda qonunlari, umumeʼtirof etilgan xalqaro demokratik standartlar asosida oʼtkazish koʼp jihatdan fuqarolarning siyosiy madaniyati va faolligi, fuqarolik burchini chuqur anglashiga bogʼliq.

Saylovchilar jamiyatda olib borilayotgan demokratik islohotlar va ularning samaralaridan keng xabardor boʼlgan, oʼz ovozi jamiyat hamda davlat hayoti, mamlakatining kelajagi uchun naqadar muhim ahamiyatga ega ekanini anglab yetgan taqdirdagina saylovlardan koʼzlangan maqsadga erishish mumkin.

Yangi qabul qilingan Saylov kodeksi bilan saylov qonunchiligiga kiritilgan soʼnggi yangiliklar, Markaziy saylov komissiyasining saylov masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarining mazmun-mohiyatini, shuningdek saylovchilarning huquq va erkinliklarini keng tushuntirish boʼyicha ishlar samaradorligini yanada oshirish – dolzarb vazifa.

Shu munosabat bilan Markaziy saylov komissiyasi aholining keng qatlamlari, xususan, xotin-qizlar, yoshlar, ayniqsa, birinchi marta ovoz beradigan fuqarolar, nuroniylar, nogironligi boʼlgan shaxslar, harbiy xizmatchilar, mehnat jamoalari, nodavlat notijorat tashkilotlari vakillari oʼrtasida, ularning saylov jarayonida faolligini oshirish, siyosiy bilim darajasini yuksaltirishga qaratilgan targʼibot va tashviqot ishlari samardorligini yanada yuksaltirish maqsadida, 2019 yilning 20 oktyabridan 20 noyabrigacha mamlakatimizda “Saylov qonunchiligi targʼiboti oyligi”ni oʼtkazishga qaror qildi.

Shulardan kelib chiqib, saylovlar bilan bogʼliq jarayonlar boʼyicha targʼibot tadbirlarini amalga oshirish hamda ularni ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritib borishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi.

Targʼibot va tashviqot ishlarini amalga oshirish mobaynida davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni oʼtkazishda saylovchilarining huquqiy bilimini va saylov madaniyatini yuksaltirish, Saylov kodeksining mazmun-mohiyatini aholiga yetkazish, fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari haqida keng tushuntirish va saylov jarayonida qonuniylikni taʼminlash masalalarini ochib berish, saylovlarga tayyorgarlik koʼrish va ularni oʼtkazishda saylov komissiyalarining tutgan oʼrni toʼgʼrisida xabardor etish, ovoz berishni tashkil etish va oʼtkazish boʼyicha tartib-taomillarni tushuntirishga alohida eʼtibor qaratiladi. 

Bunda targʼibotning barcha ilgʼor texnologiyalaridan, jumladan, davra suhbatlari, seminarlar, uchrashuvlar, bevosita muloqotlar, konferentsiyalar, treninglar, oʼquv darslari, tanlovlar, viktorinalar oʼtkazish, shuningdek, ommaviy axborot vositalari, internetdagi ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatlaridan keng va samarali foydalanish nazarda tutilgan.

Bunday tadbirlarning barchasi pirovard natijada aholining saylovlarda faol ishtirok etishi va mamlakatimiz taqdiri uchun dahldorlik tuygʼusini kuchaytirishga xizmat qiladi.

 

Ezgu intilish

- Bilishimizcha, MSK qarorida Xalq taʼlimi vazirligi zimmasiga oylik doirasida umumtaʼlim muassasalarining oʼquvchilari oʼrtasida “Men ham kelajakda ovoz beraman!” mavzuida insholar va rasmlar tanlovlarini tashkil etish vazifasi yuklangan. Saylov masalalariga oʼquvchilarni jalb etish sal ertaroq emasmikin?

- Buning ajablanadigan joyi yoʼq. Mamlakatimizda yoshlarning, jumladan, oʼquvchilarning ham, saylovlarga oid huquqiy bilimini oshirish foydadan holi emas. Sababi soʼnggi yillarda kuchli demokratik huquqiy davlat barpo etish yoʼlidan dadil qadamlar tashlayotgan Oʼzbekistonda umumeʼtirof etilgan xalqaro printsiplarni oʼziga singdirgan koʼplab yangi qonunlar, farmonlar va qarorlar qabul qilindi. Ularni oʼqish-oʼrganish va bilish huquqiy demokratik jamiyat barpo etish, farovon hayotga erishishning eng muhim shartlaridan biridir.

Zero, saylovchi saylov byulletenini toʼldirar ekan, saylov jarayonlari, siyosiy partiyalar, davlat hokimiyatining boʼlinishi, qonunlar nima-yu ular qanday qabul qilinishi haqida aniq tasavvurga ega boʼlmasdan turib, ongli ravishda ovoz berishi qiyin. Bunday ilgʼor demokratik gʼoyalarni oʼgʼil-qizlar ongiga yoshlikdan singdirish – oʼzining ertasini oʼylagan millat, xalq uchun juda zarur, deb oʼylayman.

Shu bois oʼquvchilar oʼrtasida “Men ham kelajakda ovoz beraman!” mavzuida saylovlarning davlat va jamiyat hayotidagi ahamiyatiga oid tushunchalarni shakllantirishga qaratilgan insholar va rasmlar tanlovlarini oʼtkazish - har tomonlama qoʼllab-quvvatlashga arziydigan tashabbus.

 

Barcha savolga javob bor

- “Saylov qonunchiligi targʼiboti oyligi”ni oʼtkazish jarayonida qonun hujjatlari, jumladan, Saylov kodeksi, Markaziy saylov komissiyasining saylov masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlari va zarur adabiyotlardan foydalanishga ehtiyoj sezilishi tabiiy. Ularni qaerdan va qanday topish mumkin?

- Umid qilamizki, saylovlar jarayonida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qoʼllash koʼlami kengayib borayotgan zamonda ayni masalada muammo boʼlmaydi. Аvvalo, Markaziy saylov komissiyasining rasmiy elections.uz veb-saytidan saylovlarga oid deryali barcha zarur qonun hujjatlari, jumladan, Oʼzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Saylov kodeksi, shuningdek huquqiy-normativ hujjatlar, sharhlar, maqolalar va ekspertlar fikrlarini bemalol topish mumkin. 

Аyni paytda saylov tashkilotchilari va saylovchilar tezkorlik bilan foydalanishi uchun maxsus ishlab chiqilgan “Saylov — 2019” mobilь ilova zarur maʼlumotlar bilan muttasil toʼldirib borilmoqda. Maxsus Telegram messendjer kanali ishlab turibdi. Qolaversa, Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida muntazam ishlab turgan umumrespublika “1197” telefon raqamiga bepul qoʼngʼiroq qilib, mamlakatimizning saylov qonunchiligi, joriy yildagi saylovlarga tayyorgarlik koʼrish va ularni oʼtkazishga doir barcha savollarga mutaxassis va ekspertlardan malakali javob olish mumkin. 

Bularning barchasi pirovordida xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirish, farzandlarimiz kelajagi, Vatanimizning tinchligi va obodligini taʼminlashga xizmat qiladi.

 

Ziyoda АSHUROVА

(“Xalq soʼzi” gazetasi, 22 oktyabrь, 2019 yil)