2019-yilning 12-noyabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda Markaziy saylov komissiyasining a’zolari, siyosiy partiyalar hamda OAV vakillari ishtirok etdilar.
Majlis kun tartibida Toshkent shahrida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan amalga oshirilgan ishlar haqida Toshkent shahar hokimi va Toshkent shahar saylov komissiyasi raisining axboroti, saylov uchastkalarining aloqa vositalari bilan ta’minlanganligi, SJBAT va SYaERni shakllantirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining axboroti tinglandi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi davrida siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlarniing saylovoldi tashviqoti, Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlarning hujjatlarini o‘rganib chiqish natijalari muhokama qilindi. Yig‘ilish doirasida Xalqaro matbuot markazi Buxoro viloyati bo‘limi vakillari saylov jarayoniga ko‘rilayotgan tayyorgarlik yuzasidan axborot berib o‘tdi.
Toshkent shahrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatini saylovini o‘tkazish bo‘yicha 12 ta saylov okruglari, xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi deputati saylovini o‘tkazish bo‘yicha 60 ta, tumanlar Kengashlari deputatlari saylovini o‘tkazish bo‘yicha 327 ta saylov okruglari tuzilgan. Markaziy saylov komissiyasining qaroriga asosan O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik idoralarida tuzilgan 53 ta saylov uchastkalari Toshkent shahridagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati saylovini o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan 12 ta saylov okruglariga biriktirilgan.
O‘rganishlar davomida ushbu okrug saylov komissiyalari binolarida hanuzgacha internet aloqasi ishlamasligi, uchastka saylov komissiyalari uchun ajratilgan 46 ta binoda tamirlash ishlari olib borilayotganligi, ular uchun alohida bino ajratish zarurligi, komissiya azolari saylov jarayonini boshqarish axborot tizimi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlarida ishtirok etmaganligi holatlari aniqlangan. Hozirgi kunda Toshkent shahridagi barcha saylov uchastkalarida saylovchilar sonini aniqlashtirish uchun qaytadan Xatlov ishlari olib borilmoqda.]
Bugunga qadar Sergeli, Uchtepa va Yashnobod tumanidan tashqari qolgan xalq deputatlari tumanlar Kengashlarining sessiyalari qarorlari hanuzgacha Oliy Majlis Qonunchildik palatasiga saylov o‘tkazish bo‘yicha tuzilgan okrug saylov komissiyalariga to‘la taqdim etilmagan.
Yuqoridagi barcha holatlar saylov komissiyalari uchun yetarli sharoitlar yaratish, uchastka saylov komissiyalari faoliyatini yo‘lga qo‘yish, saylovchilarning ro‘yxatlarini tuzish va saylovchilar Yagona elektron ro‘yxatini shakllantirishda kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni qisqa vaqtlarda amalga oshirishni taqozo etadi.
Ta’kidlash joiz, Prezident Shavkat Mirziyoyevning «Saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bilan O‘zbekistonda saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimi shakllantirilmoqda. Bu jarayonlar yakuniy bosqichda turibdi. Markaziy saylov komissiyasi mamlakatning butun hududida Saylov jarayonini boshqarishning axborot tizimini joriy qilish va Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatidan foydalanish bo‘yicha faoliyatga umumiy rahbarlikni va muvofiqlashtirishni amalga oshirmoqda. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hududlarda tizimning samarali ishlashini ta’minlashga yagona texnologik yondashuvni ta’minlaydi.
SYaER asosida Saylov jarayonini boshqarish bo‘yicha axborot tizimi (SJBAT) shakllantirildi. U o‘z ichiga bir qator vazifalarni oladi, jumladan fuqarolarni saylov uchastka komissiyalariga taqsimlash, saylovchini o‘zi yashab turgan joyga aloqador uchastka haqida ma’lumot olish hamda okrug saylov komissiyalari va uchastka saylov komissiyalari faoliyatini osonlashtirish imkoniyatini beradi.
Saylov kuni ovoz berish uchun kelgan yurtdoshlarimiz SJBAT operatorlariga murojaat qiladi va saylov byulletenini olib, ovoz berish kabinasida o‘z nomzodini qo‘llab-quvvatlaydi. Natijada bir vaqtning o‘zida, saylovda ishtirok etganlarning to‘liq ro‘yxati avtomatik tarzda shakllantiriladi. Bu bir shaxsning bir necha marotaba ovoz berishi yoki bir kishining butun oila a’zolari uchun ovoz berishining oldini olish imkonini beradi.
Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi bo‘yicha saylov kampaniyasi davrida siyosiy partiyalar, deputatlikka nomzodlarniing saylovoldi tashviqoti masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Qayd etilganidek, Saylovoldi tashviqoti — saylov kampaniyasi davrida amalga oshiriladigan va saylovchilarni nomzodni yoki siyosiy partiyani yoqlab ovoz berishga undashga qaratilgan faoliyatdir. Saylovoldi tashviqoti nomzodlarni ro‘yxatga olish uchun belgilangan oxirgi kunning ertasidan e’tiboran boshlanadi. Saylov kuni va ovoz berishga bir kun qolganida tashviqotga yo‘l qo‘yilmaydi. Tashviqotni saylovchilarga bepul yoki imtiyozli shartlarda tovarlar berish, xizmatlar ko‘rsatish (axborot xizmatlaridan tashqari), shuningdek pul mablag‘lari to‘lash bilan qo‘shib olib borish taqiqlanadi. Noto‘g‘ri axborotni, shuningdek nomzodlarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlarni tarqatish taqiqlanadi.
Majlisda shuningdek, Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan deputatlikka nomzodlarning hujjatlarini o‘rganib chiqish natijalari ham e’lon qilindi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 40- va 72-moddasiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga 2019-yil 7-noyabr kuni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi, 8-noyabr kuni O‘zbekiston Milliy tiklanish demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyasi, 9-noyabr kuni O‘zbekiston Adolat SDP va O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi murojaat qildilar va ularning har biri O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatligiga nomzod sifatida ro‘yxatga olish uchun O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha tashkil etilgan 150 ta Qonunchilik palatasining deputatligiga saylov o‘tkazuvchi saylov okruglari kesimida 150 nafardan deputatlikka nomzodlarning hujjatlarini taqdim etdi.
Markaziy saylov komissiyasi siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi talablariga muvofiqligini 2019-yil 7-11 noyabr kunlari tekshirib chiqdi. Tekshirish natijalariga ko‘ra nomzodlarning hujjatlarini rasmiylashtirishda ayrim Saylov kodeksi normalariga to‘g‘ri kelmaydigan yoki nomuvofiqliklar aniqlandi.
Siyosiy partiyalar nomzodlarning hujjatlarida aniqlangan nomuvofiqliklar va xatolarni ikki kunlik muddatda tuzatishga hamda ularni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishga haqli. Agarda ko‘rsatilgan muddatda tuzatilgan hujjatlar Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etilmasa, ushbu nomzodlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatligiga nomzod sifatida ro‘yxatga olinmaydi.
Xalqaro matbuot markazi Buxoro viloyati bo‘limining saylov jarayoniga tayyorgarligi haqidagi axboroti tinglandi. Qayd etilganidek, Buxoro viloyati hududida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi 9 ta saylov okrugi, Xalq deputatlari viloyat hamda mahalliy kengashlarga saylov o‘tkazuvchi 14 ta saylov komissiyasi, viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi 60 ta, tuman va shahar Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi 364 ta saylov okruglarini tuzilgan. Ularning saylov uchastkalari kesimidagi dislokatsiyasi, okrug va 591 ta uchastka saylov komissiyalari tarkibi OAVda e’lon qilingan.
Markaziy saylov komissiyasi huzuridagi Xalqaro Matbuot markazi Buxoro viloyati bo‘limida 10 nafardan iborat tarkibda tuzilgan bo‘lib, ularning 4 nafari doimiy asosda faoliyat yuritmoqda.
Bo‘lim tomonidan saylovlarni keng yoritish maqsadida joriy yilning o‘tgan davri mobaynida televideniye orqali 52 ta, bosma ommaviy axborot vositalarida 113 ta, internet saytlar va boshqa ijtimoiy tarmoqlardagi kanal va bloglarda 260 dan ortiq materiallar tayyorlangan.
Bo‘lim tomonidan o‘tgan davr mobaynida jurnalistlar uchun 12 ta matbuot anjumani, 4 ta seminar hamda okrug saylov komissiyalari faoliyati va saylov uchastkalari jihozlanishi bo‘yicha press-tur tashkil etildi. 2019-yil 10-noyabr holatida viloyatdagi 30 nafar jurnalist akkreditatsiyadan o‘tkazilgan.
Markaziy saylov komissiyasi majlisidan so‘ng OAV vakillari uchun matbuot anjumani ham tashkil etildi. Unda shu bugunga qadar MSKdan akkreditatsiyadan o‘tgan jurnalistlar ishtirok etdi. Jurnalistlarga MSK Raisining o‘rinbosari M.Istamov – Saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish borasida MSK tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi va ularning savollariga javob qaytardi.