• eye Maxsus imkoniyatlar
“Yosh saylovchi 2019” forumi jizzaxlik yoshlar nigohida
15.11.2019
3610
Joriy yilning 14-noyabr kuni Jizzax viloyati “Yoshlar innovatsion markazi”da “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi” doirasida “Yosh saylovchi 2019” yoshlar forumi o‘tkazildi.

Joriy yilning 14-noyabr kuni Jizzax viloyati “Yoshlar innovatsion markazi”da “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi” doirasida “Yosh saylovchi 2019” yoshlar forumi o‘tkazildi.

Forumda Markaziy Saylov komissiyasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi markaziy Kengashi xodimlari, Jizzax viloyati saylov komissiyasi, adliya boshqarmasi, hamda viloyat, tuman(shahar)dagi yoshlar yetakchilari ishtirok etdilar.

Tadbirda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy kengashi bo‘limi boshlig‘i A.Alimov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qonunchilik palatasi, Xalq deputatlari, viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga 2019-yil 22-dekabr kuni navbatdagi deputatlik saylovlari bo‘lib o‘tishi, yosh saylovchilarning siyosiy jarayonda faol ishtiroki ta’minlash maqsadida mazkur forum o‘tkazilayotganligini ta’kidladi.

Ma’lumki, bo‘lajak saylovlarda respublika miqyosida 20 mln 600 ming saylovchilar ishtirok etadi. Mazkur saylovchilarning 11 mln 237 ming nafarini 30 yoshgacha bo‘lgan toifa vakillari tashkil qiladi.

Shu bilan birga mazkur siyosiy jarayonlarda 2 mln yoshlar o‘zlarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida belgilab qo‘yilgan siyosiy, ya’ni ovoz berish huquqlaridan birinchi marotaba foydalanadi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy Saylov komissiyasi o‘rtasida 28 iyunda hamkorlik memorandumi imzolanib, uning asosida hamkorlikdagi joriy yil 21-sentabrda 37-sonli Qo‘shma qaror tasdiqlandi.

Forumda Markaziy saylov komissiyasi o‘quv markazi direktori Sh.Fayziyev Saylov kodeksining mazmun-mohiyati, saylov komissiyalarining faoliyati, saylov jarayonida yosh saylovchilarning huquqlari, shuningdek, saylov qonunchiligini targ‘ib qilishda yosh yetakchilarining faolligini oshirish masalalari xususida to‘xtalib o‘tdi.

Bugungi kunda Jizzax viloyatida jami 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar soni 809 ming 192 nafarni tashkil qilib, shulardan 33 ming 216 nafari birinchi marotaba joriy yilgi saylovlarda ishtirok etishi kutilmoqda. Ma’ruzada saylov komissiyalari tomonidan siyosiy partiyalar tomonidan taqdim qilingan nomzodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayoni, saylov oldi tashviqotini olib borish shakl va usullari, shuningdek, muddatidan oldin va saylov kuni ovoz berish tartibi masalalari ta’kidlandi.

Forum ishida jami 300 dan ortiq yoshlar, shulardan 170 nafari joriy yilgi saylovlarda birinchi marotaba ishtirok etadigan yoshlarning ishtiroki ta’minlandi.

Forumning ikkinchi qismida “Yoshlar innovatsion markazi”, Jizzax politexnika institutida ishtirokchilar 3 ta guruhlarga bo‘lingan holda, MSK ekspertlari B.Izzatullayev va I.Mo‘minovlar ishtirokida, siyosiy partiyalarning saylovoldi platformasi (harakat dasturi), nomzodning saylovoldi dasturi, saylov shtabi faoliyatini yo‘lga qo‘yish, saylovoldi tashviqoti, deputatlikka nomzodlar faoliyati kafolatlari, xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar borasida seminar mashg‘ulotlari davom ettirildi va bu borada ishtirokchilarga zaruriy bilim va ko‘nikmalar berildi.

Loyiha doirasida ishtirokchilar o‘z saylovoldi dasturlarini ishlab chiqib, taqdimot qilishdi, shu bilan birga, guruhlar o‘rtasida saylovoldi debatlari uyushtirildi.

O‘quv seminar davomida targ‘ibotchi-trenerlar uchun o‘quv qo‘llanmalar va ishchi daftar, “O‘zbekiston Konstitutsiyasi tarixi” mavzularidagi huquqiy adabiyotlar tarqatildi. Shu bilan birga eng faol ishtirok etgan 5 nafar yoshlarga Samarqand shahriga 10 kunlik bepul sayyohat yo‘llanmasi berildi.

Forum doirasida yoshlar uchun Yoshlar ittifoqi tomonidan ishlab chiqilgan “Saylov 2019” mavzusidagi videorolik namoyish etildi hamda tadbir so‘ngida “Vatan kelajagi uchun ovoz beramiz!” mavzusida yoshlar ishtirokida fleshmob tashkil qilindi.