• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari M.Sh.Istamovning Xalqaro matbuot markazidagi BRIFING NUTQI
13.12.2019
5367
Assalomu alaykum hurmatli brifing ishtirokchilari, 2019-yil 22-dekabr kuni bo‘ladigan davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.

Assalomu alaykum hurmatli brifing ishtirokchilari,

2019-yil 22-dekabr kuni bo‘ladigan davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda.

Bugungi kunda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida e’lon qilingan saylovchilar soni 20 million 516 ming 710 nafarni tashkil etmoqda.

I. Muddatidan oldin ovoz berish

12-dekabrdan boshlab, O‘zbekiston hududidagi 10 260 ta saylov uchastkalarida muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlandi. Dastlabki kun yakunlariga ko‘ra 1 036 nafar saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalandi.

Bunda eng ko‘p Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Farg‘ona viloyatiga 159 tadan to‘g‘ri kelmoqda. Eng kam 10 nafar shaxs Samarqand viloyatida muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalangan.

Muddatidan oldin ovoz berish jarayoni 18-dekabrga qadar har kuni soat 09-00dan 18-00 gacha saylov uchastkalari binosida o‘tkaziladi.

Barcha saylovchilar bu huquqdan foydalanishlari mumkin. Buning uchun uchastka saylov komissiyasiga ariza bilan murojaat qilish kifoya.

Shuningdek, 12-dekabrdan respublikamizning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxona va konsullik idoralarida tuzilgan 55 ta saylov uchastkalarda ham muddatidan oldin ovoz berish jarayoni boshlangan.

Xorijdagi uchastka saylov komissiyalari 12-dekabrda saylovchilar zich yashaydigan, ishlaydigan yoki o‘qiydigan joylarda ko‘chma saylov qutilarida sayyor trtibda muddatidan oldin ovoz berishni tashkil qildilar. Saylovlarda 9 308 nafar xorijda istiqomat qilayotgan fuqarolar qatnashdilar.

Xususan, Rossiya Federatsiyasida ko‘chma qutilarda muddatidan oldin ovoz berish jarayoni amalga oshirilib, unda 7 638 nafar fuqarolarimiz qatnashdi.

Xorijdagi muddatidan oldin ovoz berish vaqti va joyi to‘g‘risidagi ma’lumotlar Tashqi ishlar vazirligi, diplomatik vakolatxonalarning rasmiy veb-saytlarida e’lon qilingan.

II. Fuqarolarning murojaatlari bilan ishlash ahvoli to‘g‘risida

Markaziy saylov komissiyasiga saylov kampaniyasi boshlangan kundan e’tiboran bugunga qadar fuqarolardan 338 ta murojaat kelib tushdi.

Hududlar kesimida eng ko‘p murojaat Surxondaryo viloyatiga to‘g‘ri kelmoqda – 69 ta. Eng kam murojaat Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Jizzax viloyatlarida – 10 tadan.

Kelib tushgan murojaatlarning 86 tasi yoki chorak qismi mahalliy kengash deputatligiga nomzodini ko‘rsatish jarayonida noqonuniy aralashuvlar to‘g‘risida bo‘lib, ushbu murojaatlarning 41 tasi qo‘shimcha tekshiruv o‘tkazish uchun prokuratura idoralariga yuborilgan, 45 tasi bo‘yicha ushbu masala partiyalarning vakolatiga kirishi to‘g‘risida tushuntirish berilgan.

75 ta yoki 22% murojaat Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodini ko‘rsatilishida amaliy yordam berish to‘g‘risida bo‘lib, ushbu murojaatlar siyosiy partiyalarga o‘z vakolatida ko‘rib chiqish uchun yuborilgan.

54 ta murojaat deputatlikka nomzodlarning saylovoldi dasturi xususida ma’lumot berish xususida bo‘lib, ular yuzasidan tegishli tushuntirish berilgan.

36 ta murojaat turli ijtimoiy va iktisodiy masalalar, xususan yo‘l va ko‘prik qurish, maktab yoki shifoxonani ta’mirlash to‘g‘risida bo‘lib, ushbu murojaatlar mutasaddi idoralarga yuborilgan.

35 ta murojaat sud-xuquq masalalariga tegishli bo‘lib, ular tegishliligi bo‘yicha sud va huquqni muhofaza qiluvchi idoralariga o‘rganish uchun taqdim qilingan.

32 ta murojaat fuqarolar yig‘ini saylovlariga oid bo‘lib, mazkur murojaatlar tegishiligicha mahalliy hokimlik idoralariga yuborilgan.

20 ta murojaat saylovga oid qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan bo‘lib, ular ishda qo‘llash uchun qabul qilib olingan.

Markaziy saylov komissiyasining bevosita vakolatiga kiradigan masala, ya’ni Qonunchilik palatasi saylovlarini o‘tkazishga oid masalalar yuzasidan shikoyatlar kelib tushmagan.

III. Xorijiy tashkilotlar kuzatuv missiyalarining oraliq hisobotlari to‘g‘risida

12-dekabr kuni MDH ning Kuzatuvi missiyasi o‘zining Kuzatuvi natijalari bo‘yicha oraliq hisobotini e’lon qildi.

MDH Missiyasining hisobotida barcha darajadagi saylov komissiyalari a’zolarini kaskad usulida o‘qitish, saylov jarayonlariga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, aholi o‘rtasida saylov qonunchiligini targ‘ib qilish, nogironlarning, chet elda yashaydigan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylov huquqlarini ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ijobiy baholanmoqda.

MDH kuzatuv missiyasi hisobotida saylovoldi tashviqoti tinch muhitda va yuqori tashkiliy darajada o‘tayotganligi alohida ta’kidlangan.

Bo‘lajak saylovlar taraqqiyotning yangi, demokratik bosqichiga qadam qo‘ygan O‘zbekistonda parlament saylovlari mutlaqo yangi ruhda o‘tayotgani Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining kuzatuv missiyasi tomonidan alohida e’tirof etilgan.

Shuningdek, 12-dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasi YeXHT DIIHB saylovlarni kuzatish missiyasi Oraliq hisobotining dastlabki nusxasini oldi.

Missiya tomonidan saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish, davlat boshqaruvini modernizatsiyalash bo‘yicha O‘zbekistonning sa’y-harakatlarini alohida qayd etib o‘tilgan.

Markaziy saylov komissiyasining saylovlarni o‘tkazish tartibi va muddatlariga amal qilish, komissiyadagi ayollar soni ortishi, saylov jarayonlarini boshqarishda zamonaviy axborot kommunikatsion texnologilarni joriy etish, saylovchilarning xabardorligini oshirish va saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitishdagi ijobiy natijalar ham alohida qayd etilgan.

Shu kabi ijobiy jihatlar bilan bir qatorda YeXHT DIIHB kuzatuvchilari saylovoldi tashviqoti kuchayib borayotgani, beshta siyosiy partiya vakillari ilk bor jonli efirda namoyish etilayotgan debatlarda qatnashayotgani e’tirof etib, jamoat joylarida partiyalar va ularning nomzodlari to‘g‘risidagi reklama plakatlari juda kam ekanligi, tashviqot tadbirlari asosan yopiq tarzda o‘tkazilib, siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari ochiq chinakam raqobatga kirishayotgani kam kuzatilayotganini haqli ravishda ta’kidlagan.

Biz Missiyaning Fikr va so‘z erkinligi, Yig‘ilishlar o‘tkazish erkinligi, Uyushmalarga birlashish erkinligi eng muhim siyosiy huquqlar ekanligini va bu har qanday demokratik huquqiy davlatning asosini tashkil etishi haqidagi fikriga qo‘shilamiz. Bu kabi insonning fundamental huquq va erkinliklarini umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida to‘laqonli ro‘yobga chiqarish bo‘yicha ishlarni davom ettiramiz.

Biz ommaviy axborot vositalarini siyosiy partiyalarning dasturiy g‘oyalarini yanada chuqurroq tahlil qilish va jamoatchilikka yetkazish masalalarida yanada faolroq bo‘lishga chaqiramiz. Zero bu saylovchilar tomonidan ongli ravishda o‘z tanlovini amalga oshirish imkonini yaratadi.

YeXHT DIIHB saylovlarni kuzatish missiyasining Oraliq hisoboti bugun rasman e’lon qilinishi kutilmoqda.

Fursatdan foydalanib, MDH va YeXHT DIIHB missiyalariga saylov kampaniyasiga oid xolisona baholari uchun ularga minnatdorchilik bildiramiz va ular bilan saylov qonunchiligi va saylov jarayonini takomillashtirish bo‘yicha muloqotni davom ettirishga tayyor ekanligimizni bildiramiz.