• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasi raisi o‘rinbosari M.Sh.Istamovning BRIFING NUTQI
17.12.2019
1925

Assalomu alaykum hurmatli matbuot anjumani ishtirokchilari!

2019 yil 22 dekabr kuni bo‘ladigan parlament saylovlariga tayyorgarlik ishlari davom etmoqda. Bugun 17 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni, ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish, shuningdek ayrim deputatlikka nomzodlarni ro‘yxatdan chiqarish masalalari muhokama qilindi.

Muhokama yakunlariga ko‘ra Markaziy saylov komissiyasining qaroriga asosan xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari, shuningdek xorijiy va respublika miqyosidagi ommaviy axborot vositalarining bir qator vakillari akkreditasiyadan o‘tkazildi.

Umuman olganda, joriy yilgi saylovlarimizda 8 ta xalqaro tashkilotning, ya’ni YeXHT DIIHBning 274 nafar, YeXHT PAning 66 nafar, SHHTning 19 nafar, MDHning 182 nafar, Turkiy tilli davlatlar hamdo‘stlik Kengashining 9 nafar hamda Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasining 5 nafar, YeTTBning va Gaaga konferensiyasining 3 nafar, shuningdek 41 ta xorijiy davlatlarning 267 nafar, JAMI 825 nafar kuzatuvchilari qatnashishi kutilmoqda. Bu O‘zbekiston saylovlari tarixida eng ko‘p miqdorni tashkil etmoqda.

Shuningdek, 22 dekabr kuni bo‘ladigan saylovlarda 70 dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositalarining 99 nafar jurnalistlari ham qatnashadi. Buyuk Britaniyaning BBC, Rossiyaning “Rossiya segodnya” va TASS, AQSHning «Bloomberg» axborot agentliklari, Yaponiyaning «Nikkei», Fransiyaning «Radio France International» va «L'Opinion», Germaniyaning
Nae Saytn («Neue Zeiten») jurnal va gazetalari shular jumlasidandir.

Hozirda xalqaro va xorijiy kuzatuvchilar, shuningdek ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditasiyadan o‘tkazish uchun hujjatlarni qabul qilish to‘xtatildi.

Bundan tashqari, bugungi majlisda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga 63-Kattaqo‘rg‘on saylov okrugidan “Milliy tiklanish” partiyasidan nomzod etib ko‘rsatilgan Shukurov Sobir Sayfiyevich hamda
54-Norin saylov okrugidan “Adolat” sosial demokratik partiyasidan nomzod etib ko‘rsatilgan Mavlanov Abduvali Xayrullayevichlarni nomzodlik maqomidan mahrum qilish masalasi ko‘rib chiqildi.

Yuqorida qayd etilgan shaxslar o‘z ixtiyorlari bilan bergan arizalariga muvofiq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ro‘yxatidan chiqarildi.

I. Komissiya a’zolariga mehnat haqini to‘lash

170 mingdan ortiq turli darajadagi okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolariga transport va boshqa xarajatlarni qoplash uchun kompensasiya to‘lovlari to‘lanishi to‘liq ta’minlangani to‘g‘risida hududiy saylov komissiyalari tomonidan axborot berildi.

Buning uchun saylov kampaniyasiga ajratilgan mablag‘lardan 70 milliard 600 million so‘m sarf qilindi.

Ta’kidlab o‘taman, agarda qaysi bir a’zo kompensasiya pulini olmagan bo‘lsa yoxud to‘langan kompensasiya pulidan noqonuniy tarzda ushlab qolingan bo‘lsa, Markaziy saylov komissiyasining 1197 raqamli “Ishonch telefoniga” yoki elektron manzili yoxud “Feysbuk” ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga murojaat qiling. Har bir murojaat bo‘yicha tezkor qonuniy chora ko‘rilishi ta’minlanadi.

II. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati ma’lumotlari

Bugungi kunda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatida e’lon qilingan saylovchilar soni 20 million 503 ming 462 nafarni tashkil etmoqda. Ulardan 10 147 772 nafari erkaklar, 10 355 690 nafari ayol saylovchilardir.

Saylovchilarning 1 721 358 nafari yoki 8,4 foizi xorijiy davlatlarda tuzilgan 55 ta saylov uchastkalariga biriktirilgan. Qolgan qismi respublikamiz hududidagi 10 260 ta saylov uchastkalaridan birida ovoz beradi.

Hurmatli matbuot anjuman ishtirokchilari,

Fuqarolardan Saylovchilar yagona elektron ro‘yxatidan foydalanish borasida ko‘plab murojaatlar kelib tushmoqda. Shu sababli quyidagilarni jamoatchilikka yetkazishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylov jarayonlariga axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etish borasida izchil ishlar olib bormoqda.

Joriy saylovlarda Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va Saylov jarayonlarini boshqarish axborot tizimi ilk marotaba butun mamlakat miqyosida qo‘llanilmoqda.

Ushbu tizimlarning asosiy maqsadi saylovchilarning hisobini yuritish
va ularni avtomatik ravishda saylov uchastkalariga, uchastkalarni esa saylov okruglariga taqsimlash hamda “Bir saylovchi – Bir ovoz” tamoyilini amalda tatbiq qilish hisoblanadi.

Ushbu tizim Davlat personallashtirish markazi, Ichki ishlar vazirligi, Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasi ma’lumotlari asosida shakllantirilgan. Xususan, fuqaroning turar joyi manzili haqidagi ma’lumot Ichki ishlar vazirligi tomonidan, fuqaroning biografik va chet elga chiqqanligi haqidagi ma’lumotlar Davlat personallashtirish markazi tomonidan, okrug va uchastka saylov komissiyalarining elektron xaritalari Yergeodezkadastr davlat qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan.

Joriy yilning 15 noyabridan boshlab barcha uchastka saylov komissiyalari tizimdan o‘zlariga tegishli saylovchilar ro‘yxatlarni olib, ularga uyma-uy yurib aniqlik kiritib bordilar.

O‘zbekistonda aholining oxirgi xatlovi 30 yil oldin 1989 yilda qilingan. Umumdavlat miqyosida bunga o‘xshash yagona ma’lumotlar bazasi birinchi marotaba joriy qilinmoqda. Shuning uchun ham tizimda ayrim noaniqliklar mavjud bo‘lishi mumkin. Bu saylovchining eski turar joy manzili bo‘yicha ro‘yxatga olingani, saylov uchastkasi noto‘g‘ri ko‘rsatilgani kabilar.

Ilgari bunday kamchiliklar ko‘zga tashlanmagan, chunki saylovchilar saylov uchastkasiga borgandagina ro‘yxatda bor yoki yo‘qligini tekshirish imkoniyatiga ega bo‘lgan va bunday holatda o‘zini shikoyatni berish imkoniyatiga ega bo‘lmagan bo‘lishi ham mumkin.

Hozir esa biz saylovchilarga elections.uz, saylov.uz. veb-saytlari orqali o‘zi biriktirilgan saylov uchastkasini topish imkonini, zarur bo‘lsa o‘zgartirish imkonini yaratganmiz. Faqatgina eslatib o‘taman buning uchun 19 dekabr kuni uchastka saylov komissiyasiga murojaat etishingiz mumkin.

Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini amalga kiritishdan maqsadlardan biri bu ro‘yxatdagi noaniqliklar va xatolarni bartaraf qilishdir. Markaziy saylov komissiyada bu masalada shtab tuzilgan. Biz murojaatlar asosida xatolarni bartaraf qilyapmiz va Bazaning dolzarbligini ta’minlamoqdamiz.

III. Muddatidan oldin ovoz berish

Hozirgi kunda muddatidan oldin ovoz berish jarayoni davom etmoqda.

12-16 dekabr kunlari natijalariga ko‘ra O‘zbekiston hududidagi saylov uchastkalarida 20 479 nafar shaxs muddatidan oldin ovoz berish imkoniyatidan foydalandi.

Bunda eng ko‘p Qoraqalpog‘iston Respublikasiga 2 842 nafar shaxs to‘g‘ri kelmoqda. Eng kam 438 nafar shaxs Sirdaryo viloyatida muddatidan oldin ovoz berish huquqidan foydalangan.

Saylov kuni o‘z yashash joyida bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘lmagan barcha saylovchilar bu huquqdan foydalanishlari mumkin.

Shuningdek, 12 dekabrdan respublikamizning xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxona va konsullik idoralarida tuzilgan 55 ta saylov uchastkalarda ham muddatidan oldin ovoz berish jarayoni davom etmoqda.

Xorijdagi uchastka saylov komissiyalari saylovchilar zich yashaydigan, ishlaydigan yoki o‘qiydigan joylarda ko‘chma saylov qutilarida sayyor tartibda muddatidan oldin ovoz berishni tashkil qilmoqdalar. 16 dekabr kuni ovoz berish natijalariga ko‘ra 62 007 nafar xorijda istiqomat qilayotgan fuqarolar muddatidan oldin ovoz berishda qatnashdilar.

Muddatidan oldin ovoz berish jarayoni yana ikki kun davom etadi hamda
18 dekabr mahalliy vaqt bilan soat 18-00 da to‘xtatiladi.

IV. Saylovoldi tashviqoti monitoringi oraliq natijalari haqida

Markaziy saylov komissiyasi ijtimoiy tarmoqlarda ayrim deputatlikka nomzodlarning plakatlaridagi qo‘pol xatoliklar haqida chiqqan ma’lumotlarni, ularga nisbatan yurtdoshlarimizning bildirgan munosabatlarini ham kuzatib bormoqdamiz.

Markaziy saylov komissiyasi targ‘ibot plakatlarida yo‘l qo‘yilgan bunday kamchiliklarni keskin qoralaydi.

Bu siyosiy partiyalar tomonidan ham, deputatlikka nomzodlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan xatolik emas, saylovchiga bo‘lgan hurmatsizlik deb baholaymiz.

Joriy yil saylovlariga shuncha katta tayyorgarlik ko‘rilib, uni yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazish uchun butun jamiyat safarbar etilgan, saylovchilarning ijtimoiy-siyosiy faolligi va huquqiy madaniyati yuksalib, talablari ortib borayotgan bir paytda bir qarashda arzimas, biroq insonni, saylovchini kayfiyatiga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan bunday holatlarga yo‘l qo‘yilishini hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi.

Bu masalada biz partiyalar bilan bog‘landik. Ular kamchiliklar bartaraf etilgani to‘g‘risida ma’lumot berishdi. Shunga qaramasdan bu masala ijtimoiy tarmoqlarda ancha-muncha muhokama mavzusiga aylanib bo‘lgan edi.

Albatta aminmanki saylovchilar saylov kuni bunday holatlarga yo‘l qo‘ygan partiya va nomzodlarga nisbatan o‘zining keskin munosabatini bildiradi.