O‘zbekistondagi parlament saylovlarida xalqaro kuzatuvchi sifatida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Tojikiston Respublikasi saylovlar va referendumlar bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi raisi Baxtiyor Tavar XUDOYORZODA O‘zA muxbiriga intervyu berdi.
– Har bir mamlakat uchun parlament saylovlari muhim siyosiy jarayon hisoblanadi. O‘zbekistonda, ayniqsa, so‘nggi yillarda bo‘layotgan islohotlar xalqaro miqyosda e’tirof etilmoqda. Shu sababli bu yilgi saylovlarga xalqaro tashkilotlarning qiziqishi katta.
Xalqaro kuzatuvchilar missiyasi muayyan saylovlar boshlanishidan oldin mamlakatdagi saylovoldi holatni, shu jumladan, saylovlarga tayyorgarlikni baholash maqsadida yuboriladi. Ularning vazifasi – saylovlar bilan bog‘liq tadbirlarning maqsadga muvofiqligiga taalluqli tavsiyalarni ishlab chiqish.
O‘zbekistonda bo‘ladigan saylovlarda MDH kuzatuvchilar missiyasi tarkibidaman. Bo‘lajak saylovlarga puxta tayyorgarlik ko‘rilganining guvohi bo‘layapmiz. Saylov jarayonlarining demokratik tamoyillar asosida, xolis, ochiq, shaffof ruhda o‘tishi eng asosiy prinsiplardan biri hisoblanadi.
Saylov kodeksi, umuman, O‘zbekistondagi saylov qonunchiligi xalqaro normalar va standartlarga to‘la mos keladi.
Nurillo NASRIEV, O‘zA