• eye Maxsus imkoniyatlar
Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyat rahbari Xudoyor Mamatovning Xalqaro matbuot markazidagi BRIFING NUTQI
19.12.2019
2048

Assalomu alaykum hurmatli Brifing ishtirokchilari!

Hurmatli Vatandoshlar! Aziz teletomoshabinlar!

2019 yil 22 dekabr kuni mamlakatimizda bo‘ladigan katta siyosiy jarayon, Mamlakat Parlamenti hamda Mahalliy kengashlar saylovlariga tayyorgarlik ishlari jadal davom etmoqda.

Bugun 19 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Majlisda tashqi ishlar vazirligi taqdimnomasiga binoan «Rossiya» telekanalining «Vesti» axborot dasturining 26 nafar ommaviy axborot vositalari vakillari akkreditasiyadan o‘tkazildi, ular asosan Rossiya davlatdagi saylov uchastkalarida saylov jarayonlari tashkil etilishi va o‘tkazilishini, jumladan ovoz berish jarayonlarini kuzatib boradilar.

Shu bugunga qadar akkreditasiyadan o‘tkazilgan xorijiy OAV vakillari 105 nafar bo‘lgan bo‘lsa, bugun ularning soni 131 nafarga yetdi.

Xabaringiz bor, mamlakatimizda tashkil etilgan 10260 ta hamda xorijiy davlatlarda tashkil etilgan 55 ta saylov uchastkalarida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 57-moddasiga, shuningdek Markaziy saylov komissiyasining 2019 yil 3-dekabrdagi 999-son qarori va tegishli Okrug saylov komissiyalarining qarorlariga muvofiq 12-dekabrdan to 18-dekabr soat 18.00 ga qadar saylovchilarning muddatidan oldin ovoz berish jarayoni o‘tkazildi.

Joylardan olingan ma’lumotlarga asosan muddatidan oldin ovoz berish jarayonida mamlakatimiz bo‘yicha 59226 nafar saylovchi hamda xorijiy davlatlarda 89807  nafar saylovchi-Vatandoshlarimiz ishtirok etdilar. Bu mamlakatimiz tarixidagi milliy saylov tizimida xorijiy davlatlarda ilk bora muddatidan oldin ovoz berish jarayonlarining uyushqoqlik bilan tashkil etilganligi samarasidir. Hali oldinda asosiy kun, 22-dekabr – saylovda ovoz berish kuni turganligini inobatga olsak, xorijdagi Vatandoshlarimizning joriy yil saylovlarida nihoyatda faol va ko‘p sonli ishtirok etishlarining guvohi bo‘lishimiz mumkin. Bundan Vatandoshlarimiz mamlakatda amalga oshirilayotgan insonparvar islohotlar va odilona siyosatdan rozi va qo‘llab-quvvatlamoqdalar deb xulosa qilishimiz mumkin. Albatta bu quvonarli hol.

Bu yerda yana bir narsani alohida qayd etish lozim. Joriy yil saylovlarida Markaziy saylov komissiyasining qaroriga muvofiq ilk marotaba xorijiy davlatlardagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonalari va konsullik idoralaridagi 55 ta saylov uchastkalaridan tashqarida, agar o‘sha davlat saylov qonunchiligi va mutasaddi davlat organlari bunga rozilik bergan bo‘lsalar, xorij davlatlarida gavjum holda istiqomat qilayotgan Vatandoshlarimizning ishlash, o‘qish, yashash joylarida, muassasa, korxona yoki savdo tashkilotlarida ham muddatidan oldin ovoz berish jarayonlari o‘tkazilib, bizning Vatandoshlarimiz qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar o‘zlarining Konstitusion huquqlaridan foydalanishlari uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berildi.

Saylov jarayonini boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimidagi Saylovchilarning yagona elektron bazasidagi ma’lumotlarga asosan hamda uchastka saylov komissiyalari tomonidan uyma-uy yurish orqali saylovchilar ro‘yxatiga aniqlik kiritish natijalariga ko‘ra shakllantirilgan ma’lumotlarga muvofiq Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari saylovini o‘tkazuvchi 150 ta saylov okruglari kesimida jami 21 millionga yaqin Saylov byulletenlari chop etilib, hududlardagi OSKlariga to‘liq yetkazib berildi. Bugun Okrug saylov komissiyalari tomonidan Saylov byulletenlari o‘z hududlaridagi tegishli saylov uchastkalariga to‘liq yetkazib beriladi.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan JAMI 825 nafar xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlarning kuzatuvchilari akkreditasiyadan o‘tkazildi va ularga mandatlar topshirildi. Ular 9 ta xalqaro tashkilot va 41 ta xorijiy davlatlar vakillaridir.

Xususan, YeXHT DIIHBdan 273 nafar, YeXHT PAdan 66 nafar, SHHTdan 20 nafar, MDH va MDH PAdan 182 nafar, Turkiy tilli davlatlar hamdo‘stlik Kengashidan 5 nafar hamda Turkiy tilli davlatlar Parlament assambleyasidan 9 nafar, YeTTBdan 2 nafar, Xalqaro huquq bo‘yicha Gaaga konferensiyasidan 1 nafar, xorijiy davlatlar diplomatik missiyasidan 27 nafar, shuningdek 41 ta xorijiy davlatlardan 240 nafar kuzatuvchilar qatnashishi kutilmoqda.