Joriy yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tadigan saylovlarida ishtirok etish uchun mamlakatimizga turli davlatlardan xalqaro kuzatuvchilar, xalqaro tashkilotlar delegasiyalari tashrif buyurmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekistonga kelgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi bosh kotibining o‘rinbosari Omer Kojaman O‘zA muxbiriga intervyu berdi.
– Saylov munosabati bilan O‘zbekistonda bo‘lib turibmiz. Bu yilgi parlament saylovlari “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida o‘tayapti. Buning zamirida ham katta ma’no mujassam. Zero, mamlakatingizda bo‘layotgan o‘zgarishlar, islohotlar ham shu shiorga mos davom etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekistonning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qo‘shilishi turkiy tilli mamlakatlar o‘rtasida do‘stlik va yaxshi qo‘shnilikni mustahkamlash, hududda va jahonda tinchlikni saqlash, xavfsizlik va o‘zaro ishonchni mustahkamlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston jahonga yuz tutmoqda. Bu ham yurtingizda bo‘layotgan islohotlar samarasidir. Bugun Markaziy saylov komissiyasi rahbariyati bilan uchrashdik. 22 dekabrda bo‘ladigan saylovlarga tayyorgarlik jarayoni, siyosiy partiyalarning targ‘ibot-tashviqot ishlari haqida, O‘zbekistonda saylov qonunchiligi bo‘yicha to‘liq ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Bu yilgi saylov O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqadi. Biz har tomonlama hamkorlikka tayyormiz.
Nurillo NASRIYEV, O‘zA