Mamlakatimizga joriy yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatligiga bo‘lib o‘tadigan saylovlarida ishtirok etish uchun ko‘plab davlatlardan xalqaro kuzatuvchilar, xalqaro tashkilotlar delegasiyalarining tashrifi davom etmoqda.
20 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasida Saylov tizimlari xalqaro ekspert markazi (ICES) prezidenti, MDH va Sharqiy Yevropa instituti direktori Aleksandr Sinker ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuv davomida MSK Kotibiyat rahbari X.Mamatov saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha Markaziy saylov komissiyasi va quyi saylov komissiyalari tomonidan amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot berdi. Takidlanganidek, parlament saylovlari saylov qonunchiligimizdagi yangi tartib, qoidalar bilan o‘tkazilmoqda. Saylov kodeksiga asosan saylov uchastkalari, nomzodlar, ovoz berish jarayonlari va siyosiy partiyalar bilan bog‘liq yangi tartib va o‘zgarishlar joriy etildi.
Xozirda saylov kampaniyasining muhim bosqichi – saylovoldi tashviqoti nihoyasiga yetmoqda. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlar uchun ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda keng va teng imkoniyatlar yaratilgan.
Tadbirda qayd etilganidek, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi oshib, iqtisodiy va ijtimoiy jabhalarda ulkan muvaffaqiyatlarga erishilmoqda.
Aleksandr Sinker saylov tizimining zamon talablari asosida yangilanishi va xalqaro normalarga javob beradigan Saylov kodeksining ishlab chiqilgani va amaliyotga joriy etilgani O‘zbekistonning ulkan yutug‘i ekanini takidladi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati