2019 yil 21 dekabr kuni Markaziy saylov komissiyasida Rossiya Federasiyasi Federal Kengashi Raisining o‘rinbosari, MDH Parlamentlararo Assambleyasi (PA)ning kuzatuvchilari uzoq muddatli missiyasi rahbari Ilyas Umaxanov ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Markaziy saylov komissiyasi Raisi M.Abdusalomov uchrashuv davomida joriy yil bo‘lib o‘tadigan parlament saylovlari “Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar” shiori ostida tashkil etilayotganligini alohida qayd etdi.
Uchrashuvda saylov komissiyalari a’zolarining saylov qonunchiligi haqidagi nazariy bilimlari va amaliy tajribasini oshirish maqsadida butun Respublika bo‘yicha tashkil etilgan o‘quv seminarlari, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish bo‘yicha axborot tizimi (SJBAT) joriy etilgani xaqida so‘z bordi.
Shuningdek, saylov qonunchiligini targ‘ib qilish oyligini tashkil qilish va o‘tkazish, siyosiy tadbirlarda yoshlarning faolligini, xotin-qizlarning saylovlardagi rolini yanada kuchaytirish, imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ma’lumot berib o‘tdi.
Ilyas Umaxanov barchani Saylov kodeksi asosida o‘tkaziladigan tarixiy voqea yani saylovlar bilan qutladi va parlamentga yangi tarkibning saylanishi O‘zbekiston fuqarolari uchun katta ahamiyatga ega ekanligi va bu mamlakat rivoji yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘lishini alohida qayd etib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida: 1992 yilning 27 mart kuni Olma-ota shahrida (Qozog‘iston Respublikasi) ishtirokchi davlatlar parlament rahbarlari - ta’sischilar tomonidan imzolangan kelishuvga muvofiq, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi ishtirokchi - davlatlar parlamentlararo assambleyasiga asos solingan. Kuzatuvchilar va ekspertlar saylov qonunchiligini tahlil qilib, xulosalar chiqaradilar, yutuq va kamchiliklar borasida o‘z tavsiyalarini beradilar. Saylov jarayonlarini kuzatish Parlamentlararo Assambleyaning muhim bo‘linmalaridan biri – Ishtirokchi-davlatlarning demokratiyani rivojlantirish, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etishini monitoring qilish xalqaro instituti tomonidan muvofiqlashtiriladi.