• eye Maxsus imkoniyatlar
VATAN UChUN JONIN TIKKANLAR ( II qism)
14.05.2020
2258
“Xitoyda orttirgan tajribasi Sharif Shirinboyevning Erondagi faoliyatida juda qo‘l keladi, - deydi Xudoyberdi aka Sohibov. - Fors kurfazida u endi “samarqandlik Xudoyberdiboyning o‘g‘li Abduqodirboy” sifatida taniladi”.

Karvonboshining jasorati

“Xitoyda orttirgan tajribasi Sharif Shirinboyevning Erondagi faoliyatida juda qo‘l keladi, - deydi Xudoyberdi aka Sohibov. - Fors kurfazida u endi “samarqandlik Xudoyberdiboyning o‘g‘li Abduqodirboy” sifatida taniladi”.

Gitlerchilarning rejasida Eron muhim o‘rin tutgan. Maqsadi, avvalo, Kavkazni bosib olish va shu yo‘l bilan AQSH hamda Buyuk Britaniya tomonidan SSSRga yetkazib berilayotgan qurol-yarog‘, xomashyo va oziq-ovqat yo‘lini to‘sib qo‘yishdan iborat edi.

Sharif Shirinboyev 1942 yilning bahorida Eronning Xuroson viloyatida Sovet hukumatining savdo vakolatxonasi rahbarining o‘rinbosari maqomida ish boshlaydi. Bu maqom soyasida u talay jangovar vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshiradi.

Tarixdan ma’lumki, “Katta uchlik” deb atalmish davlatlar – SSSR, AQSH va Buyuk Britaniya rahbarlarining 1943 yili  Tehronga yig‘ilayotganidan xabar topgan Gitler o‘zning “ishongan tog‘i”, sal avval Italiyaning sobiq hukmdori Benito Mussolinini qamoqdan olib qochib kelgan ustamon josus sifatida nom chiqargan, Otto Skorseni boshchiligidagi eng sara qo‘poruvchilarini Eronga tashlaydi. Fashistlar uch ittifoqchi davlat rahbarlari - Iosif Stalin, Franklin Ruzvelt va Uinston Cherchillni yo‘q qilish uchun o‘ta maxfiy harakatini boshlaydi. Vaziyat shu darajada qaltis tus oladiki, Amerika Qo‘shma Shtatlari prezidenti Franklin Ruzvelt, o‘z elchixonasi qolib, Stalinning qarorgohida tunashga majbur bo‘ladi. Jahonning taqdiri hal qilingan bu olamshumul anjumanning tinch-osoyishta o‘tishini ta’minlaganlar orasida uch mamlakat maxsus xizmatlarining “qilni qirq yorgan” xodimlari, jumladan, o‘zbek razvedkachisi Sharif Shirinboyev ham hal qiluvchi rol o‘ynaydi.

“Katta uchlik”ning 28 noyabrdan 1 dekabrgacha o‘tgan uchrashuvida kelishib olinganidek, 1944 yilning iyun oyida Normandiya qirg‘oqlari (Fransiya) orqali Buyuk Britaniya va AQSH qo‘shinlari tomonidan “ikkinchi front” ochiladi va ikki o‘t orasida qolgan  Gitler ikki frontda urush olib borishga majbur bo‘ladi. 

Arxiv hujjatlarida darj etilganidek, Tehronda o‘tgan ana shu  yirik konferensiya arafasida Sharif Shirinboyevga Jurjon viloyatidagi Moravintepa qishlog‘iga borish va o‘sha atrofdagi hududsiz biyobonga tunda parashyutdan tashlangan qurolli to‘dalarga oid shoshilinch xabarning nechog‘li to‘g‘riligini aniqlash vazifasi topshiriladi.

Savdogar sifatida ish ko‘rayotgan Sharif Shirinboyev mahalliy tujjorlardan biri bilan moʻjaz karvon tuzib, unga qand-qurs, tuz, gazmol kabi o‘ta zarur tovarlarni yuklab, tezda yo‘lga tushadi. Qishloqma-qishloq yurib, molini pullar ekan, ko‘z ilg‘amas pistirmalarda yashayotgan harbiylashgan to‘dalarni kuzatadi. Mahalliy aholi orasida ko‘zga tashlanmasligi uchun asosan asir tushgan osiyolik osiylardan tanlangan zaxiradagi jangarilar bilan uzun-qisqa suhbatlar asnosida ularning 67 nafar ekanligi ma’lum bo‘ladi.

Bulardan tashqari, qo‘poruvchilarning qanday qurol-yarog‘i bor, pistirmasi qayerda, qanday joylashgan, rahbarlari kim ekanligi ham rezvedkachimizning sinchkov nigohidan chetda qolmaydi. Hatto, ayrimlarini zimdan  suratga olishga ham muvaffaq bo‘ladi.

Qo‘lga kiritilgan bunday qimmatli va ishonchli razvedka ma’lumotlari natijasida fashistlarning “Mislsiz sakrash” deb atalmish operasiyasiga bosh qo‘shgan qo‘poruvchilar to‘dasiga barxam beriladi. Fyurerning “ishongan tog‘i” jasur o‘zbek razvedkachisining qarshisida  chil-parchin bo‘ladi.

“Tan olish kerakki, berilgan o‘ta xavfli va mas’uliyatli jangovar  topshiriqni bunday qoyilmaqom qilib bajarish hammaning ham, har bir razvedkachining ham qo‘lidan kelavermaydi, - deb faxr bilan ta’kidlaydi Xudoyberdi Sohibov. - Mana shunday buyuk xizmatlari uchun ham Sharif Shirinboyevni haqli ravishda “afsonaviy rezvedkachi”, deymiz. U Vatani uchun jonini tikkan, jasur, e’tiqodli, lekin g‘oyat kamtarin, kamsuqum inson edi”.

Qalqonga aylangan qalblar

Ikkinchi jahon urushi yillari front uchun eng zarur mahsulotlar ishlab chiqarilayotgan yirik sanoat korxonalari joylashgan respublikamizda davlat xavfsizlik organlari tomonidan g‘oyat murakkab, qaltis hamda zahmatli ishlar amalga oshirilganini alohida ta’kidlash zarur. Xavfsizlik organlarining xodimlari davlatga oid va harbiy sirlarni mustahkam saqlash, harbiy inshootlar, temiryo‘l transporti, kommunikasiyalar va aloqa vositalarining uzluksiz ishlashini muttasil ta’minlash uchun tom ma’noda ko‘ksini qalqon qilganlar. O‘zbekiston hududiga suqilib kirmoqchi bo‘lgan ko‘plab qo‘poruvchilar qo‘lga olingan.

Bunday ishonchli, dadil va jipslikdagi harakatlar samarasida dushman tomonidan O‘zbekistonning harbiy-sanoat salohiyatini zaiflashtirish, g‘anim agentlarining hayotiy o‘ta muhim markazlarimizga kirib kelishiga bo‘lgan muttasil urinishlari butunlay chippakka chiqarilgan.

Yana bir jangovar vazifa

Bunga jasur razvedkachi Sharif Shirinboyev tomonidan amalga oshirilgan yana bir jangovar vazifa yaxshi misoldir. Xorij razvedkachilarining panohida qariyb yigirma yildan buyon josuslik va qo‘poruvchilik ishlari uchun mos odamlarni topish, yollash hamda Sovet Ittifoqiga, jumladan, O‘zbekistonga jo‘natish bilan muntazam shug‘ullanib kelgan pixini yorgan bir xoinni qo‘lga tushirish ana shunday muhim vazifalar sirasidan edi.

Qayd etilganidek, obro‘li boyvachcha sifatida tanilgan razvedkachimiz o‘z ko‘makdoshlarining yordami bilan xoinni imi-jimida Mashhaddagi uyiga mehmonga taklif qiladi. “Mehmon” keladi va o‘sha tundayoq uning oyoq-qo‘li bog‘lanib, Ashxabodga jo‘natiladi. Xoin bilan birga, chet ellik agentlarlarni azim daryodan o‘tkazib qo‘yish bilan muntazam shug‘ullanib kelgan  “hojatbarorlar” ham kontrrazvedkachilarimiz qo‘liga topshiriladi.

Tarixchi olimlarning qayd etishlaricha, urushdagi muvaffaqiyatning 15 foizi armiyaga, 85 foizi esa frontorti ta’minotiga bog‘liq ekan.

Shu jihatdan qaraganda, rasman Sovet hukumatining Xuroson viloyatidagi savdo vakolatxonasi rahbarining o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritgan Sharif Shirinboyevning tijorat ishlari ham tahsinga loyiqdir. Keling, yana aniq misollarga murojaat qilaylik.

Arxiv hujjatlariga tayanib aytish mumkinki, u frontga oziq-ovqat, xususan, go‘sht jo‘natish uchun Xurosondagi barcha bozorlar, kushxonalar va do‘konlarni shaxsan o‘zi kezib chiqqan. Ko‘pchilik chorvadorlar va qassoblar “Abduqodirboy”ni yaxshi tanigani uchun ular bilan ishonchli shartnomalar tuzish imkoniyatiga ega bo‘lgan. Jumladan, yuz mingdan ortiq qo‘y, o‘n mingdan ziyod qoramol xarid qilinadi va go‘shti frontga jo‘natiladi. Ayni paytda, 1943 yili pochapo‘stin tikishni yo‘lga qo‘yadi. Shunday qilib, o‘n mingdan ortiq issiq kiyim Boku orqali Kavkaz frontiga yuboriladi. Ayni paytda, razvedkachimiz ittifoqchi davlatlar – AQSH va Angliya tomonidan Sovet Ittifoqiga jo‘natilayotgan qurol-yarog‘, harbiy texnika, oziq-ovqat va xomashyoning Hindiston bilan chegaradosh Zohidon shahri orqali Gʻarbiy frontga o‘z vaqtida o‘tkazib yuborilishni to‘la nazorat qilib borgan.

Ibrat maktabi

 “Vatan uchun jon fido!” degan shiorni o‘zining bir umrlik  dasturi deb bilgan Sharif Shirinboyev ana shunday jasur razvedkachi, sadoqatli va zahmatkash inson edi, - deydi Xudoyberdi aka Sohibov. - “Davlat xavfsizligi organlarining xizmat ko‘rsatgan xodimi” faxriy unvoni,    “Qizil yulduz” ordeni, “Jangovar xizmatlari uchun”, “Germaniya ustidan g‘alaba uchun”, “Kavkaz mudofaasi uchun” kabi ko‘plab orden-medallar va boshqa yuksak davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgani buning yorqin dalilidir.

Sharif Shirinboyevning nomi maxfiy xizmatlarning kamdan-kam xodimigagina nasib etadigan e’tirof - eng mohir razvedkachilar ro‘yxatidan joy olgan.

Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari, jumladan, milliy razvedkachilarimizning bunday jasoratlarga to‘la hayoti va faoliyati barcha yurdoshlarimizni, ayniqsa, yosh avlodni vatanparvarlik, mustaqil Vatanimizga sadoqat, mardlik ruhida tarbiyalashda ibrat maktabidir. Ular haqida har qancha yozilsa, filmlar suratga olinsa, teleko‘rsatuvlar tayyorlansa, arziydi. Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, jangohlardan omon qaytgan bobolarimizga, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda yurtini, xalqini unutmagan yoshi ulug‘ yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish barchamizga faxr-iftixor bag‘ishlaydi.

Prezidentiimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 23 oktyabrda qabul qilingan “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida”gi qarori xalqimizning fashizmga qarshi kurashdagi metin irodasini, urush ortidagi fidokorona mehnatini, tarixiy xizmatlarini abadiylashtirish hamda yosh avlodni ota-bobolarimiz jasoratiga munosib ruhda tarbiyalash, o‘g‘il-qizlarimizning ongida tinchlikni asrab-avaylash, bugungi dorilomon kunlarning qadriga yetish tuyg‘usini mustahkam qaror toptirishda muhim omil bo‘layotir.

Xizmatimizning tajribali xodimlari tomonidan nashrga tayyorlangan “Afsonaviy razvedkachi” kitobi mutolaasevarlar uchun shu kunlarda yaxshi sovg‘a bo‘lish bilan birga, bu boradagi xayrli ishlarga munosib hissa sifatida qo‘shiladi, degan umiddamiz”.  

Mamlakatimizda keng nishonlanayotgan Xotira va qadrlash kunida xalqimizning Sharif Shirinboyev singari mard va sadoqatli farzandlarining dushman orasida, janggohlarda va front ortida ko‘rsatgan beqiyos qahramonliklarini faxr bilan yodga olib, mohi Ramazonda ruhi poklariga atab duolar qilamiz.

 

Qulman OCHIL

Manba: “Hurriyat” gazetasi.