• eye Maxsus imkoniyatlar
Omonat va matonat (1-qism)
10.06.2020
2518
Mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar, ilmiy-amaliy va ijodiy izlanishlar davom etmoqda.

Mamlakatimizda Xotira va qadrlash kuni hamda Ikkinchi jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar, ilmiy-amaliy va ijodiy izlanishlar davom etmoqda.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek,barchamiz, avvalo, o‘z jonini ona yurt uchun qurbon qilgan vatandoshlarimizning ruhi poklari oldida bosh egib, ta’zim qilamiz. Urush va mehnat fronti qatnashchilarini – azmu shijoatli, dovyurak ota-bobolarimiz, sabr-matonatli onalarimiz, momolarimizning nomlarini hurmat bilan tilga olamiz.

Elchi Abdusalomov ham ana shunday yuksak ehtiromga loyiq insonlardan. Hayot bo‘lganida 100 yoshini qarshilar edi. Urush yillarida jang maydonlarida va undan keyingi davrda mehnat jabhasida ko‘rsatgan jasorati ibratga munosibdir.

Nomus

Ming to‘qqiz yuz qirq birinchi yilning yozida Sirdaryo viloyatidagi Hovos tumanining Sovat qishlog‘iga kelgan birinchi “qora xat” Abdusalom boboning qaddini bukdi. Tung‘ichi – Yo‘lchining ko‘ksini dunyoga balo-qazodek yopirilgan fashistlarning o‘qi tilkalab o‘tgan edi.

Sabr-bardoshli dehqonning bir qora tunda quyuq sochlari oqarib, oppoq yuzlari ko‘mirdek qorayib ketdi. Lekin na o‘zi, na xotini uvvos tortdi. Sasini chiqarmay, ichidan kuydi.

Yo‘li chimildiqdan avval oxirat sari tushgan Yo‘lchidan na gumona, na nishona qoldi.

Ota-onasiga ham taskin, ham suyanchiq bo‘lib turgan Elchiga navbat kelgan edi. Yarim dunyoni o‘z zabtiga olgan urush va ajal sharpasi har qadamda, har soniyada sezilib turardi.

Er-xotin tun-kun shukr qilardiki, “qora xat” oralagan oiladan ikkinchi farzand harbiyga olinmayotir. So‘ng bu umid ham urushning qurboniga aylandi.

Oila tahlika bilan kutgan o‘sha xazonrezgi faslning sovuq oqshomi moʻjaz hovlidagi pastqamgina paxsa uyga sassizgina kirib keldi:

– Men endi boray, ota! – dedi ikkinchi o‘g‘il. – Oq fotiha bering!

Ona izillab Elchining bilagiga yopishgan joyida eri unga yalt etib qarab qo‘ydi. Iqbolxon aya tamizli ayoli edi. Uni o‘chdi. To hanuz bu oilada tutum shunday – ayol er izmini o‘zi uchun qonun yoki zug‘um emas, sharaf deb biladi. Uning zaifaligi emas, donoligi, ulug‘ligi shunda. Ro‘zg‘oridagi qut-baraka, farzandlarining solihligi, oilasining el-yurtdagi yuksak nufuzi shundan.

Ota boshini egdi. Ichini ezib yotgan g‘am battarroq o‘rtadi. Yutindi. “Qult” etgan tovush baralla eshitildi. Ota go‘yo tomog‘iga tiqilgan toshni yutdi.

Keyinchalik, oradan qariyb oltmish yil o‘tgach, 2000 yili, yoshi saksondan oshib, farzandlari bilan rozi-rizolikda Yartaganga omonatini topshirish fursati yetganida, Elchi Abdusalomov bu manzarani bot-bot eslar, ko‘z oldiga keltirar ekan, “otam, rahmatli, juda bardoshli odam edi”, deydi va xorg‘in ko‘zlari, yuzlari yorishib ketadi.

Farzand dog‘i ezib tashlagan Abdusalom bobo kamsuqum va kamgap bo‘lsa-da, ichimdagini top emasdi.

– Shoshilmasang bo‘lardi, bolam, – dedi.

O‘g‘il keng peshonasini siladi:

– Odamlarning ko‘ziga qaray olmayapman, ota. Mendan boshqa hamma ketib bo‘ldi...

– Seni olmaydi-ku? Akang shahid ketgan...

– Oladi. O‘zim ariza beraman...

– Mayli... Barakat top, o‘g‘lim!

Ota qadoq qo‘llarini duoga ochdi, xira tortgan ko‘zlaridan oqayotgan yosh yuzlarini beayov kuydirayotgan ona qo‘shildi:

– Yo Xudovandoi karim! Bolamizni O‘zing panohingda asra!

Ikki kundan so‘ng bag‘riga bosib xayrlashar ekan, ota:

– Dadil bo‘l, o‘g‘lim! – dedi ovozi titrab. – Qo‘rqishga o‘rganma. O‘rgansang, ko‘p qiynalasan. Esingda tut: Gitlerning emas, Xudoning aytgani bo‘ladi!

Balki bu gaplar bugun kimlargadir muallifning to‘qimasi bo‘lib tuyilar: “Ja-a, opqochadi-da, bu, jurnalistlar! Bandasi jahannamga ham o‘zi iltimos qilib kirishi mumkinmi?”.

Mumkin!

O‘sha bandaning ori, nomusi bo‘lsa, kirishi mumkin!

Qishlog‘ida qurol ko‘tarishga qurbi yetgan erkakning hammasi frontga ketib, eri, otasi, o‘g‘li, aka-ukasi jangohlarda qon kechib yurgan chol-kampir, xotin-xalaj, bola-baqraning orasida o‘sha osiy banda – yigit yolg‘iz o‘zi serrayib qolgan bo‘lsa. Ularning alamli, g‘amnok nigohlariga, ta’nalariga dosh berishi o‘limdan qattiq azobga aylansa, Vatani va xalqining taqdiri xavf ostida qolsa, jahannam o‘tiga kiradi!

Hech kimni, hech qachon urushga ketgulik qilmasin!

O‘n to‘qqiz yoshli Elchiboy onasi qavib bergan choponini askarlik shneliga almashtirdi. Kattarqo‘rg‘onning biqinidagi harbiy mashq maydonida umrida birinchi marta qo‘liga miltiq oldi.

So‘ng poyezd uni minglab tengqurlariga kabi Ovrupa tomonlarga olib ketdi. Yo‘l-yo‘lakay ulangan vagonlardan eshalon cho‘zilib, ulardan joy olgan navqiron yigitlarning safi kenayib boraverdi.

Bunday eshalonlar Ikkinchi jahon urushi davrida o‘zbekning, to‘rt yarim millionlik O‘zbekiston aholisining bag‘ridan sug‘urib olib ketgan farzandlari – qariyb ikki million. Shuncha odam urushga safarbar etilgan.

Moskvaga yigirma chaqirim qolganida eshalonni ikki samolyot o‘qqa tutdi. Izidan “qora quzg‘unlar” galasi bomba yog‘dirdi.

Qiyomat qo‘pdi.

Boyagina bir-biri bilan chaq-chaqlashib kelayotgan qancha yigit vagonlardan sakrab, oq dasturxonga ag‘darilgan sedanadek sochilib ketdi. “Oh” deyishga ulgurmay, tutday to‘kildi.

“Dadil bo‘l, o‘g‘lim!”.

Abdusalom boboning ikkinchi o‘g‘li, kechagi dehqon yigit, endigi oddiy askar, Elchiboy Abdusalomov birinchi marta ajal bilan shu zayilda baqamti keldi. Urushning dahshatini, bosqinchilarning vahshiyligini, inson umrining omonatligini, hayotning shirinligini, tinchlikning qadrini shu ko‘yda angladi.

Biroq ortiqcha vahimaga tushmadi: “Gitlerning emas, Xudoning aytgani bo‘ladi!”.

Yovga qarshi janglarini Moskva ostonasidan boshlab, Berlingacha davom ettirdi.

 

 

Qulman OCHIL

Manba: “Hurriyat” gazetasi.

2020 yil 10 iyun.