• eye Maxsus imkoniyatlar
Ajrashish arosatga yetaklaydi
19.08.2020
2359
Muhabbat – insonga ato etilgan eng oliy tuyg‘u. Ikki qalbning o‘zaro mehr rishtalari bilan bog‘lanishi oila atalgan tabarruk qo‘rg‘onni bunyod etadi. Bu qo‘rg‘on mustahkam bo‘lsa, hayot undan ne’matlarini ayamaydi. Agar unga darz yetsa, shu ondan oiladagilar uchun arosatli kunlar boshlanishi muqarrar.

Muhabbat – insonga ato etilgan eng oliy tuyg‘u. Ikki qalbning o‘zaro mehr rishtalari bilan bog‘lanishi oila atalgan tabarruk qo‘rg‘onni bunyod etadi. Bu qo‘rg‘on mustahkam bo‘lsa, hayot undan ne’matlarini ayamaydi. Agar unga darz yetsa, shu ondan oiladagilar uchun arosatli kunlar boshlanishi muqarrar.

Oila qurmoqchi bo‘lgan yoshlar bir-birlariga dunyoni bermoqchi bo‘ladilar. Ammo oila qurib bo‘lgach, ayrimlarda bu tuyg‘ular negadir unut bo‘ladi. Ajrashish uchun ariza ko‘tarib yurganlarni ko‘rganda, shu haqda o‘ylaydi kishi. Sud zalida bir-biriga bildirilayotgan e’tirozlar, tomonlarning andishasizlarcha bir-birini balchiqqa bulg‘ashdan-da toymasliklarini ko‘rib hayratdan yoqa ushlaysan kishi.

Axir shular emasmi, kuni kecha maqsadlari mushtarak bo‘lib, mehr rishtalarini payvasta qilib bir yostiqqa bosh qo‘yganlar. Ishonging ham kelmaydi, rosti. Qani berilgan va’dalar – yigitning lafzi? Endi esa, "yigit so‘zim, yashamayman dedimmi, yashamayman", deb tixirlik qiladi u.

Bu holat Bayronning lirik qahramoni, "Mening bu borada uzil-kesil so‘zim bitta, u ham taxmin!", degan satrlarini yodga tushiradi. Shu bir satrda u uzoqni ko‘rish qobiliyatidan mahrum yoshlar qiyofasini ochib bergan edi. Qiz-chi, orzulari osmon edi-ku, nega buncha tez taslim bo‘ldi? To‘ydan keyin tartiblar tamoman boshqacha tus olishini anglamagan edimi?

Nazarimda, qizlarimizning ham muhabbatga munosabati avvalgidek emas. Arastuning shogirdlaridan biri ustozining yoniga kelib, uylanishga qaror qilganini aytibdi. "Eh, baxtsizlikka yuz buribsan-ku, bo‘tam!", debdi ustozi. "Agar uylanish baxtsizlik bo‘lsa, bu dunyodan so‘qqabosh o‘tganim bo‘lsin!", deya ahdidan voz kechmoqchi bo‘lib shogirdi. "Unda ikki karra baxtsizlikka tutqun bo‘lasan", degan ekan Arastu.

Darhaqiqat, turmush – musht, degan keksalarimiz. Uning zarbalariga bardosh bergan, mashaqqatlariga chidagan matonatli kishilargina rohatbaxsh manzilga yetadi. Aro yo‘lda ayro tushgan qadamlar esa arosat vodiysiga boradi, xolos. O‘rtada bola bo‘lsa, uni ham arosat azobiga giriftor etishadi.

Er va xotinning ajrashishidan Arsh larzaga keladi, degan gap bor. Qolaversa, bu jamiyat, davlat manfaatlariga ham tamomila zid. Bu yerda turmushga yengiltaklik bilan munosabatda bo‘layotgan, arzimas sabablar bilan oila atalmish qo‘rg‘onini qulatayotgan, bundan zarracha achinmayotgan yoshlarni nazarda tutayapmiz. Hayotda har xil sabablar bilan qayta turmush qurib, kemtik bo‘lib qolgan ro‘zg‘orini butlab yashayotgan oilalar bundan mustasno, albatta.

Bu masalaning yana bir jihati, mavjud qo‘ydi-chiqdilarning sabablari tahlil qilinganda, aksar ajralishlar qaynona-kelin munosabatlaridagi muvozanatning buzilishi oqibatida kelib chiqayotgani ham ko‘zga tashlanadi. Ajablanarlisi, muqaddam bunday ziddiyatlar ajrashishga olib kelmagan. Aksincha, hattoki sovuqchilik bilan boshlangan munosabatlar yillar sinovidan o‘tib, tamoman ijobiy tomonga o‘zgarganiga ko‘p bor guvoh bo‘lganmiz.

Xalqimizning "Oyning o‘n beshi qorong‘u, o‘n beshi yorug‘", degan hikmati baayni shu mavzuga taalluqlidek. O‘zi ona bo‘lib, so‘ng qaynonalik martabasiga erishgan ko‘plab ayollarimiz kelinlik davrlarini xotirlab, qaynonalarining qattiqqo‘lligini minnatdorlik bilan yodga olgani, mana shu tutum mustaqil hayot yo‘llarida juda asqotgani haqida so‘zlashadi.

Qadimgi hind braxmanlarining hikmatli bir so‘zini shu o‘rinda eslash o‘rinli: "Insonning ko‘zi o‘zidan boshqa borliqdagi barcha narsalarni ko‘radi". Haqiqatdan shunday. Ayniqsa, kelin-kuyov to‘yida o‘tirgan o‘rnidan turib, pastga tushib o‘zlariga atab qurilgan ko‘shk va unda o‘tirgan ikki qalb, ikki beg‘ubor qiyofa qanchalar nafis ekanini ko‘rsalar, balki shunda mana shu lahzalar qanchalar go‘zal, nechog‘li maftunkor, naqadar betakror ekanini teranroq anglagan bo‘lar edi. Ehtimol o‘shanda shu baxtiyor daqiqalarning qadriga ko‘proq yetgan bo‘lisharmidi?

Mavlono Rumiy "Ko‘zni yumgil, ko‘zga aylansin ko‘ngil", deb bejizga aytmagan. Qolaversa, hech qachon unutishga haqqimiz bo‘lmagan bir haqiqat bor: Odam Ato bilan Momo havo ikki yuz yillik ayriliq azobidan so‘ng Arofat tog‘ida uchrashgan. Makkadagi mana shu tepalikni hozirda ziyoratchilar Rahmat tog‘i deb tavof qilishadi. Nikoh bazmida kelin va kuyovga atab quriladigan o‘rindiq, bu shunchaki bir ko‘shk emas – u Arofat tog‘i singari tabarruk. Zotan kishining kishiga mehri tushishi, ikki qalbning birlashishi Yaratganning xohishi aslida.

Binobarin, shoir "Biz baxtli bo‘lamiz xudo xohlasa, xudo xohlamasa uchrasharmidik", deganida haq edi. Mana shu mantiqning fahmiga yetgan, oila degan davlatning qadriga yetadi –­ zinhor-bazinhor arofatdan arosatga yuz burmaydi.

 

Xudoyor Mamatov,

Markaziy saylov komissiyasi Kotibiyat rahbari

yuridik fanlari doktori, professor