• eye Maxsus imkoniyatlar
BIR SOLIH FARZAND TARBIYASI ULUGʻ BIR KASHFIYOT BILAN TENG!
08.09.2020
2874
Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyotiga, xususan, ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifatning yuksalishiga ulkan hissa qo‘shganlar.

Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Amir Temur, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk ajdodlarimiz insoniyat taraqqiyotiga, xususan, ilm-fan, ma’naviyat va ma’rifatning yuksalishiga ulkan hissa qo‘shganlar.

Ular tomonidan barpo etilgan buyuk saltanatlar, muhtasham tarixiy obidalar bugun ham dunyo ahlini hayratga solib kelmoqda. Xorijda shu ajdodlarimiz tufayli vatandoshlarimizga alohida hurmat va ehtirom ko‘rsatilgani bot-bot qulog‘imizga chalinib turadi. Bularning barchasi o‘tmishimiz nechog‘li ulug‘vor ekanini anglatadi.

Mana shu shonli o‘tmish qalblarimizda faxr-iftixor tuyg‘ularini tarbiyalash barobarida, saboq vazifasini ham o‘taydi. Ularga munosib avlod bo‘lish mas’uliyatini zimmamizga yuklaydi. Chunki o‘tmishidan faqatgina g‘ururlanish, bobolari bosib o‘tgan zafarli masofalarni pesh qilib, ulug‘likka da’vo qilish millatning ravnaqiga xizmat qilmaydi. Binobarin, harakatchanlik, ishtiyoq va sobitqadamlikka uyg‘un bo‘lmagan umidvorlik notavonlik belgisidir. Yoki Aristotel aytganidek, «...hamma narsaning mohiyati uning harakatida namoyon bo‘ladi».

Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: nima qilsak ajdodlarimizga munosib avlod bo‘lamiz? Batafsil javob aytish o‘ta murakkab. Bu o‘rinda bir oddiy haqiqatni eslatib o‘tishni o‘rinli, deb bildik. Ulug‘lik martabasiga musharraf bo‘lgan o‘tmishdoshlarimizning birortasi ham bu masnadga siymu zar bilan emas, balki ilmu hunar, tinimsiz izlanish, intilish bilan erishganlar. O‘zlarida eng go‘zal insoniy fazilatlarni kamol toptirish orqali xulqlariga husn, odoblariga oro berib, a’mollarini ziynatlaganlar.

Sirasini aytganda, odob – o‘qibgina o‘rganiladigan ilm emas. Uning urug‘i inson bolasining qalbiga avval boshdanoq qadalgan bo‘ladi. O‘qish-o‘rganish, pandu nasihat, tanbeh, o‘git va ulgu – bularning barchasi odamning odobini orasta etguvchi vositalar, xolos.

O‘QIB-O‘RGANILADIGAN VA AMAL QILINISHI SHART BO‘LGAN ILMLAR MAVJUD

Qur’oni karimda (Alloh) ota-onaning qadrini quyosh qadar sarbaland etgani, bandasi bu haqiqatni fahmu farosati bilan anglashi lozimligi uqdirilgan. Darhaqiqat, katta ko‘chani kesib o‘tayotgan qariyaga qo‘ltiqdosh bo‘lish, jamoat transportida keksalarga joy berish yoki kichik yoshdagi bolalarni bezorisifat bolalar ta’qibidan himoya qilish uchun, albatta, qaysidir mutafakkirning bu boradagi asarini o‘qigan bo‘lishimiz shart emas (o‘qigan bo‘lsak, nur ustiga nur, albatta). Bu insonda tabiiy ravishda kechadigan jarayon.

Shuning barobarida o‘qib-o‘rganiladigan va amal qilinishi shart bo‘lgan ilmlar ham mavjud. Masalan, huquqiy bilimlar. Bu borada Konfusiy aytganidek, «o‘qigan biladi, bilgan amal qiladi». Jamiyatda amalda bo‘lgan qonunlarni bilmaslik siyosiy g‘o‘rlik, huquqiy savodsizlik belgisi sanaladi. Bunday kishilarni chalg‘itish, xohlagan tomonga ergashtirish oson kechadi. Chunki o‘qimaydigan kishi nainki qonunlar bilan tanish emas, balki u o‘zligini bilmaydi, o‘tmishini tanimaydi. Shu ma’noda ham har bir davrda yoshlarning ongida o‘tmishga hurmat hissini tarbiyalash dolzarb mavzu, muhim vazifa sanalgan.

TARBIYADA FILMLARNING O‘RNI QANDAY?

Bizni o‘rab turgan muhitda chalg‘ituvchi omillar bisyor, qonimizda esa chalg‘ishga moyillik uyg‘otuvchi qusurlar mavjud. Birgina misol: aholimizning aksari sevib tomosha qiladigan hind filmlari uzoq vaqt qadriyatlarimizga qarshi ishlab keldi. Udumlarimizni ulug‘lashga emas, ulardan uzoqlashtirishga xizmat qildi. Irodasi sust, tashqi ta’sirlarga tez beriluvchan ba’zi fuqarolarimiz filmlarga taqlidan ayrim noma’qulchiliklardan o‘zlarini tiya olmagan hollar ham uchradi (bunday hollar faqat hind filmlariga taalluqli emas. Binobarin, katta ekranlarda «Fantomas» filmi namoyish etilganida o‘g‘irlik jinoyatlari ko‘paygani, Arnold Shvarsenegger, Jan Klod van Dam ishtirokidagi filmlar ta’sirida ko‘cha-ko‘yda mushtlashuvlar, mayda bezorilik illatlari urchiganini katta yoshdagilar yaxshi eslashadi).

Qizig‘i shundaki, sho‘ro davrida adabiyot va san’at asarlari ustidan qattiq nazorat o‘rnatilgan, syenzuraning ta’siri kuchli bo‘lgan. Biroq filmlardagi milliy mentalitetimizga zid bo‘lgan bu syujetlarga hech kim e’tiroz bildirmagan. Balki atay qilingandir! Buning bitta sababi bor, u ham bo‘lsa o‘sha davr hind filmlarida uyatsiz sahnalarning deyarli uchramasligi, degan farazga to‘xtalamiz. Xuddi mana shu omil, hatto, nuqtadon nazoratchilarni ham chalg‘itgan bo‘lishi kerak. Hozirgi aksariyat filmlarda, shu jumladan, hind filmlarida ham uyatsiz sahnalar tobora urchib bormoqdaki, bunday filmlarni oilangiz bilan birga tomosha qila olmaysiz.

O‘z vaqtida bu ham bir targ‘ibot usuli bo‘lgan, albatta! Bugun bu kabi targ‘ibotlar keng miqyos kasb etdi. Axborot tashuvchi texnologiyalar shu qadar rivojlandiki, endi dunyoning biror bir mamlakatida barqarorlikni izdan chiqarish uchun katta bir armiya kerak bo‘lmay qoldi. Axborot xurujlarining o‘zi buni osongina hal etyapti.

TEZ O‘ZGARAYOTGAN DUNYO INSONIYATNI TURLI XAVF-XATARLARGA DUCHOR QILMOQDA

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida: «Bugungi tez o‘zgarayotgan dunyo insoniyat oldida, yoshlar oldida yangi-yangi, buyuk imkoniyatlar ochmoqda. Shu bilan birga, ularni ilgari ko‘rilmagan turli yovuz xavf-xatarlarga ham duchor qilmoqda. Gʻarazli kuchlar sodda, g‘o‘r bolalarni o‘z ota-onasiga, o‘z yurtiga qarshi qayrab, ularning hayotiga, umriga zomin bo‘lmoqda. Bunday keskin va tahlikali sharoitda biz, ota-onalar, ustoz-murabbiylar, jamoatchilik, mahalla-ko‘y bu masalada hushyorlik va ogohlikni yanada oshirishimiz kerak. Bolalarimizni birovlarning qo‘liga berib qo‘ymasdan, ularni o‘zimiz tarbiyalashimiz lozim», deya ta’kidlagan edi.

Darhaqiqat, bugungi dunyoda kechayotgan integrasiyalashuv jarayonida axborot oqimlari shu qadar ko‘payib ketdiki, o‘smirlar u yoqda tursin, hatto aqlu hushini yig‘ib olgan kishilar ham internetdagi xabarlarning qaysi biri to‘g‘riyu qaysisi noto‘g‘ri ekanini ajrata olmay qolyapti.

Aytish joizki, internet global tarmog‘ining umumtaraqqiyotga ta’siri – rad etib bo‘lmaydigan haqiqat, biroq u ayrim yoshlarimizning ma’naviy immunitetini siqib olayotganidan ham ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Ba’zi buzg‘unchi saytlarda insonning imonini izdan chiqarishga qaratilgan zo‘ravonlik, behayolik, odobsizlik va fahshni, narkotik, ekstremizm va terrorni targ‘ib etadigan namoyishlarga ochiqdan-ochiq o‘rin berilgan. Buzg‘unchilikning barcha ko‘rinishlari xuddi ko‘rgazmaga qo‘yilgandek – kino qilib ko‘rsatilmoqda. Bilasiz, ko‘ngilochar tadbirlar ichida kino qanchalik ta’sir kuchiga ega. O‘tgan asrning «dohiy»laridan biri bu borada gapirib, «san’atlar ichida eng yaxshisi – kino» deganida, uning mana shu ta’sirchan qudratini nazarda tutgan bo‘lsa ajab emas.

BUZGʻUNCHI GʻOYALARDAN YANA BIRI...

Internet global tarmog‘i orqali targ‘ib qilinayotgan buzg‘unchi g‘oyalardan yana biri «ommaviy madaniyat»dir. Bu ham o‘zlikni, o‘tmishni unutishga qaratilgan g‘araz niyatlarning ifodasi aslida. Kimlardir o‘zi botgan shaltoqqa boshqalarni ham tortmoqchi. Bu kabi targ‘ibotlar ta’siriga berilish o‘zini o‘zi sharmanda qilishdan boshqa narsa emas. Bunga tarix ko‘p bor guvoh bo‘lgan. XIX asrda yashagan rus adabiyotshunosi V.G.Belinskiy Petr I davrida Yevropa madaniyatini ruslarga singdirish uchun qilingan xatti-harakatlarni zaharxanda qilib, «Yevropa libosini kiygan rus yevropaliklarning oldida o‘zini parodiya qilgani qoldi», deb yozgan edi. Chunki asrlar osha kiyishga odatlangan chakmonlarini yechib, torgina botfort va syurtik kiygan dvoryanlar, saroy ayonlari o‘zlarini noqulay his qilar, ayniqsa, xonimlarning qo‘lini o‘pish uchun egilayotganlarida, bunga odatlanmaganlari bois pariklari qiyshayib ketar yoki o‘zlari munkib, yiqilib tushishlariga oz qolar ekan.

Basharti milliy mentalitetimizga zid bo‘lgan udumlarni, rasm-rusmlarni ko‘r-ko‘rona o‘zlashtirish ham shunday oqibatga olib keladi. Xo‘sh, internet global tarmog‘i mavjud, undan foydalanish ixtiyoriy. Kimning qaysi saytda sayrqilayotgani, qaysi ehtiyojlarini qondirayotgani faqat o‘ziga ayon. Har bir kishining ustidan nazorat o‘rnatishning iloji yo‘q, imkoni bo‘lgan taqdirda ham mumkin emas, bu – xalqaro huquq talablariga zid.

FARZANDLARIMIZNI INTERNET MUTELIGIDAN QANDAY ASRASH MUMKIN?

Mana shunday vaziyatda farzandlarimizni internet muteligidan asrashning qanday samarali vositalari bo‘lishi mumkin? Mening nazarimda, bu ishni, eng avvalo, ota-onalar, oila o‘z zimmasiga olmog‘i darkor. Farzandining kelajagi uchun mas’ullik hissi ulardan o‘ta hushyorlikni, doimiy diqqat-e’tiborda bo‘lishni talab etadi. Qolaversa, bu hech qaysi qonunda taqiqlanmagan. Jamoatchilik esa bu ishda ko‘makdosh. Xususan, bahamjihat bo‘lib bolalarimizda ma’naviy immunitetni hosil qilsak, kompyuter qarshisida sarf bo‘layotgan vaqtning qadr-qiymatini tushuntirsak, zararli g‘oyalarga ilakishib qolishning ayanchli oqibatlarini anglata olsak, soxta demokratiya niqobi ostida tiqishtirilayotgan egosentristik g‘oyalar ostida qanday g‘arazli maqsadlar yotganini isbot qilib bera olsak, farzandlarimizni mushohada qobiliyatida mosuvo zombilarga aylanishdan asrab qolgan bo‘lamiz. Zotan, hayotimizning bor mazmun-mohiyati ham shu aslida. Zero, yunon faylasufi Epiktet aytganidek, «bir solih farzand tarbiyasi ulug‘ bir kashfiyot bilan teng!»

Yuqorida o‘z nomini mangulik toqiga muhrlash barobarida o‘zi mansub bo‘lgan millat sha’nini sharaflagan ulug‘ zotlar – bobokalonlarimizning nomlarini zikr etib o‘tgandik. Fikrimizni muxtasar qilish arafasida Bahouddin Naqshband hazratlarining tariqatidan joy olgan bir ta’limotni tilga olsak: «Xilvat dar anjuman». Bunda tariqat piri insonning xilvatda xulqi qanday bo‘lsa, ko‘pchilikning ichida ham shu holatda bo‘lishi lozimligidan saboq beradi. Chunki xilvatda chalg‘ituvchi unsurlar deyarli yo‘q, anjumanda esa haddidan ziyod – har ikki holatda ham chalg‘imaslik komillikdan dalolatdir.

Alqissa, ulug‘lar ulg‘aygan yurt farzandlari ekanimizni unutmasak, ulug‘larimizdan ulug‘lik ulgusini olsak – milliy tiklanishdan, milliy yuksalish sari yuz tutgan Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shamiz va kelajagi buyuk O‘zbekistonga munosib farzand bo‘lamiz.

 

Xudoyor MAMATOV,

Markaziy saylov komissiyasi kotibiyat rahbari,

yuridik fanlari doktori, professor.