• eye Maxsus imkoniyatlar
MDH kuzatuvchilari missiyasi - O‘shda
04.10.2020
1600
Besh yilda bir tashkil etiladigan siyosiy jarayonda 120 deputatlik o‘rniga bu gal 16 ta partiya kurashmoqda. Saylovda MDH mamlakatlari missiyasi tarkibida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridan 28 nafar kuzatuvchi ishtirok etdi. Shu jumladan, Andijon viloyatidan 8 nafar kuzatuvchi O‘sh viloyatidagi saylov uchastkalarida bo‘lishdi.

Bugun, 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda Jogorku Kenesh deputatlari saylovi bo‘lib o‘tmoqda.

Besh yilda bir tashkil etiladigan siyosiy jarayonda 120 deputatlik o‘rniga bu gal 16 ta partiya kurashmoqda. Saylovda MDH mamlakatlari missiyasi tarkibida Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridan 28 nafar kuzatuvchi ishtirok etdi. Shu jumladan, Andijon viloyatidan 8 nafar kuzatuvchi O‘sh viloyatidagi saylov uchastkalarida bo‘lishdi.

Delegasiyamizni “Do‘stlik” xalqaro nazorat maskanida O‘sh oblasti gubernatorining o‘rinbosari Ahmadjon Mahammadov va boshqa mas’ullar kutib olishdi. Shu joyning o‘zidan kuzatuvchilar missiyasi yettita guruhga bo‘linib O‘sh shahri va tumanlariga yo‘l oldilar.

Kun davomida ular viloyat markazi, Novqat shahri va tumani, Qorasuv shahri va tumani, O‘zgan, Aravon, Qora Kulja tumanlaridagi saylov uchaastkalariga tashrif buyurib, saylov jarayonlarini kuzatdilar.

-Xalqaro normalarga binoan MDH kuzatuvchilari saylov kuni xohlagan saylov uchastkalariga borish, ovoz berish xonasida bo‘lish, ovozlarni sanash jarayonlarini kuzatish huquqiga ega, – deydi missiya tarkibidagi xalqaro kuzatuvchi, Andijon shahridagi 3-umumta’lim maktabi direktori Mufazzal Qodirova. – Shu bidan birga saylov bo‘lib o‘tayotgan mamlakat qonunchiligiga rioya etish, o‘z vazifalarini saylov jarayoniga aralashmagan holda bajarishlari lozim. Kun davomida biz O‘sh shahridagi 14 ta saylov uchastkasini ko‘zdan kechirdik. Barchasi qonun doirasida amalga oshirilayotganiga guvoh bo‘ldik. Ayniqsa,  saylovchi shaxsini aniqlovchi identifikatorlardan foydalanish, ovozlar sonini  avtomatik ravishda hisobga olish imkonini beruvchi qutilar o‘rnatilgani nafaqat jarayonning shaffofligini ta’minlaydi, balki uchastka saylov komissiyasi ishini sezilarli yengillashtiradi.

-Kurash nomzodlar orasida emas, balki partiyalar o‘rtasida kechayotgani ham diqqatga sazovor, - deydi missiya tarkibidagi kuzatuvchi, Andijon viloyati Qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi Obidjon Nosirov. - Bunda mahalliychilikdan xoli bo‘linadi. Partiyalar 7 foizli to‘siqdan o‘tishlari kerak. Shunda deputatlik mandatining miqdori ham to‘plagan ovozlarning foiziga qarab belignlanadi. Men kuzatuv olib borgan O‘zgan tumanidagi Qurshab, Mirzaka, Boshdeva ayil hukumatlari va O‘zgan shahridagi 5 ta saylov uchastkasida e’tirozga loyiq sabab ko‘rmadim.

Qirg‘iziston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq saylovda kamida 30 foiz saylovchi ishtirok etsa, jarayon bo‘lib o‘tgan hisoblanadi. Shu nuqtai nazardan fuqarolarning faolligiga ham e’tibor qaratildi.

Xususan, Qora Kulja tumanida bo‘lgan missiya a’zosi, Andijon viloyati Baliqchi tumani tibbiyot birlashmasiga qarashli salomatlik markazi rahbari Zuhriddin Turg‘unovning ta’kidlashicha, 12.00 ga qadar saylovchilar faolligi 20-25 foizni tashkil qildi. Har bir keluvchining tana harorati o‘lchanib, tibbiy niqob va bir martalik qo‘lqop tarqatilishi sanitariya qoidalarini ta’minladi.

-Bizga ajratilgan vaqt mobaynida deyarli 60 ta saylov uchastkalarida bo‘ldik, - deydi MDH kuzatuvchilari missiyasi tarkibidagi Andijon viloyati kuzatuvchilari guruhi rahbari, Andijon davlat universiteti prorektori Bahtiyor Rasulov. – Barcha jarayonlar saylov qonunchiligiga muvofiq olib borilayotganini e’tirof etamiz.

Missiya o‘z vakolati doirasidagi vazifalarni bajarish davomida ikki xalq o‘rtasidagi an’anaviy yaqin qo‘shnichilik va do‘stlik munosabatlari yanada mustahkamlanayotganining guvohi bo‘ldi.

Bu xususda Aravon tumani hokimining o‘rinbosari Muzaffar Mamasaidov shunday deydi: “Aravon Farg‘ona va Andijon viloyatlari tumanlari bilan chegaradosh. 143 kilometrli umumiy chegara chizig‘i bo‘yicha ikki mamlakat mutasaddilari bir to‘xtamga kelib bo‘lishgan. Tumanimizdagi deyarli har bir oilada o‘zbekistonliklar bilan qarindoshlik rishtalari mavjud. Shu emasmi azaliy birodarlikning bugungi kundagi uzviyligi?! ”.
 
Saidahmad Shukurov,
MDH missiyasi kuzatuvchisi, “Andijonnoma” va “Andijanskaya pravda” gazetalari bosh muharriri.