• eye Maxsus imkoniyatlar
Seulda saylov bo‘yicha Xalqaro forum o‘tkazildi
28.10.2020
1721
Shu yil 27 oktyabr kuni Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi tomonidan saylov mavzusiga bag‘ishlangan onlayn  xalqaro forum o‘tkazildi.

Shu yil 27 oktyabr kuni Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi tomonidan saylov mavzusiga bag‘ishlangan onlayn  xalqaro forum o‘tkazildi.

Forum “Pandemiyani yengib, demokratiya sari” deb nomlangan bo‘lib, u ikkita sessiyada amalga oshirildi. Ushbu sessiyalarda saylov sohasi bo‘yicha taniqli xalqaro ekspertlar o‘z ma’ruzalari bilan chiqish qildilar.

Ma’lumki, Saylov bo‘yicha Seul Xalqaro forumi 2015 yildan buyon har yili o‘tkazib kelinmoqda. Bu vaqt ichida ushbu forum  saylov va demokratiya sohasidagi global miqyosdagi ekspertlar, saylovlarni boshqarish organlari vakillari hamda xalqaro tashkilotlar ishtirok etadigan muhim tadbirga aylanib ulgurdi.

Saylov bo‘yicha Seul Xalqaro Forumi (SSXF) saylov va demokratiya sohasidagi ekspertlarni to‘plash, faol diskussiyalar va taqdimotlar orqali saylov tizimlarini va butun dunyoda demokratiyani yanada rivojlantirish, global demokratiyani rivojlantirishga qaratilgan choralarni izlab topishga intiladi.

Bu safar COVID-19 pandemiyasi tufayli ushbu forum birinchi marta  onlayn shaklda videokonferensiya ko‘rinishida o‘tkazildi.

COVID-19 inqirozi hayotning turli sohalariga ta’sir qildi va kelgusida ham yangi muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Saylovlar-demokratiyaning muhim mexanizmi hisoblanadi. COVID-19 inqirozi davrida bir necha mamlakatlarda saylovlar o‘tkazilishi qoldirildi yoki to‘xtatildi, saylovlar belgilangan mamlakatlarda esa uni o‘tkazish jarayonida COVID-19 pandemiyasini yengib o‘tish va saylovlarni xavfsiz sharoitlarda o‘tkazish bilan bog‘liq jiddiy muammolarga duch kelinmoqda.

Tadbirning birinchi sessiyasida “Turli davlatlarda maxsus ovoz berish: muddatlarni va geografik chegaralarni kengaytirilishi” mavzusi o‘rtaga tashlandi.

Unda ta’kidlanganidek, Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Inson huquqlari Umumjahon Deklarasiyasi”ning 21-moddasiga muvofiq, saylovlar “yashirin ovoz berish yo‘li bilan yoki ovoz berish erkinligini ta’minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar vositasida o‘tkazilishi kerak”. Hozirgi paytda ushbu qoida boshqacha ma’no kasb etmoqdaki, saylovlarni boshqaruvchi organlar saylovlarda yangicha “ovoz berish erkinligini ta’minlaydigan boshqa teng qiymatli shakllar”ni, ya’ni  “muddatidan oldin ovoz berish”, “xorijda ovoz berish”, “pochta orqali ovoz berish”, “ishonchnoma orqali ovoz berish”, “mobil ovoz berish” va “onlayn ovoz berish formasi”ni qo‘llamoqdalar, bularning barchasi “tenglik, ijtimoiy haqqoniylik, demokratiya va ishtirok etishlik bilan bog‘liq  bo‘lgan inklyuziv saylov”ga erishish maqsadida amalga oshirilmoqda. 

“COVID-19 bilan kurashish jarayonida saylovlarni boshqarish bo‘yicha Koreya taqdimoti” mavzusiga bag‘ishlangan ikkinchi sessiyada    2020 yil aprel oyida Koreya Respublikasining 21-chaqiriq Milliy majlisiga o‘tkazilgan saylovlarga to‘xtalib o‘tildi. Ushbu saylovlar JSST tomonidan COVID-19 pandemiyasi e’lon qilingandan so‘ng o‘tkazilgan birinchi umummilliy saylovlar sifatida qayd etilgan edi. Mazkur saylovdan orttirilgan tajribalarni pandemiya sharoitida saylov o‘tkazadigan boshqa davlatlar namuna sifatida foydalanishlari mumkinligi aytib o‘tildi.

Shuningdek, soha ekspertlarining Koreyada o‘tkazilgan ushbu saylovlarni boshqarish jarayonidagi kuzatuvlaridan olingan muhim xulosalari va takliflaridan iborat taqdimot o‘tkazildi. 

Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati