Siyosiy partiyalarning faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi qonunlar, shuningdek bir qator qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Saylov kampaniyasi boshlangani e’lon qilingan paytda 5 ta siyosiy partiya, xususan O‘zLiDeP, “Milliy tiklanish” DP, XDP, “Adolat” SDP va Ekopartiya Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ular turli siyosiy g‘oya va qarashlarni ilgari suradi.
2019 yil 11 noyabrda barcha siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan 750 nafar Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ro‘yxatga olindi. Saylov kuniga qadar 6 nafar nomzod o‘z arizasiga ko‘ra nomzodlik maqomidan voz kechdi. Saylovga qo‘yilgan nomzodlarning jami soni 744 nafarni tashkil etdi.
Shuningdek, tegishli saylov komissiyalari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari deputatligiga 4 155 nafar hamda Xalq deputatlari tuman, shahar kengashlari deputatligiga 28 601 nafar nomzod ro‘yxatga olindi.
Muammo: O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 117-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning o‘zida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.
Bir nomzod bir vaqtning o‘zida 2 ta mahalliy vakillik organi deputatligiga nomzod etib ko‘rsatilgan holatlarda, uning saylovoldi targ‘ibotini olib borish, uchrashuvlar o‘tkazish bilan bog‘liq muammolar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasiga bir qator so‘rovlar kelib tushdi.
Taklif: O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 117-moddasiga bir nomzod faqat bitta saylov okrugidan va bitta mahalliy vakillik organiga saylanishi mumkinligi to‘g‘risida qoidani o‘rnatish.
Ushbu ma’lumot MSKning "Saylov-2019: yutuqlar, muammolar, takliflar" nomli yakuniy axborotida e’lon qilindi.