To‘g‘ri, ilmiy asoslangan ovqatlanish mustahkam sog‘liq, yuqori ishchanlik va uzoq umr ko‘rishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi.
Taom insonning hayot faoliyati va o‘sishi uchun muhim bo‘lgan quvvat manbaidir. Organizm uchun muhim ozuqa mahsulotlari 6 ta guruhga bo‘linadi: uglevod, oqsil, yog‘, vitaminlar, mineral elmentlar va suv. To‘g‘ri ovqatlanish – ushbu mahsulotlarni mos va yetarli miqdorda qabul qilish demakdir. Ovqatlanish odamning irsiyati, yoshi, jinsi, jismoniy yuklamasi, yilning iqlimi va fasliga bog‘liq bo‘ladi.
Shu aytib o‘tish lozimki, hech bir ovqat o‘z-o‘zidan yaxshi yoki yomon bo‘lib qolmaydi. Barcha turdagi ovqat mahsulotlari ma’lum miqdorda ozuqaviy qiymatga egadir. Faqat nima iste’mol qilayotganimiz emas, balki qancha miqdorda, qachon va qanaqa sharoitda istemol qilayotganimiz ham muhimdir.
Hozirgi kunda to‘g‘ri ovqatlanishning bir necha qoidalari ishlab chiqilgan.
Ularning asosiylarini quyida keltirib o‘tamiz:
1. Taom iste’mol qilish jarayoniga e’tibor va ma’suliyat bilan qarash lozim, ovqatlanayotgan paytda hech qachon ish va muammolar haqida o‘ylash kerak emas.
2. Taomni har kuni kunning ma’lum bir qismida va ma’lum bir vaqtda istemol qilish lozim. Chunki oshqozon shunga ko‘nikadi va shu vaqtga kelib shira ajratishni ko‘paytiradi.
3. Taomni yaxshilab chaynab (kamida 15 marta) iste’mol qilgan ma’qul. Ovqat og‘iz bo‘shlig‘ida qancha ko‘p tursa va chaynalsa, oshqozonda shira shuncha ko‘p ajralib chiqadi va ovqat xazm qilish jarayoni shuncha oson kechadi.
4. Dasturxon atrofiga xorg‘in yoki asabiy xolda o‘tirish yaramaydi. Ovqat iste’mol qilishdan 10-15 daqiqa oldin barcha muammolarni unutib, xotirjam xolda ovqat iste’mol qilishga tayyorlanish lozim.
5. Iste’mol qilinayotgan ovqat mahsulotlari turli-tuman bo‘lishi kerak, lekin uni me’yordan oshirib yubormaslik lozim. Shuni esdan chiqarmaslik lozimki, oshqozon hajmi 350-450 sm3 .
6. Taom bilan choy o‘rniga sharbatlar yoki qaynatilagan suv iste’mol qilish tavsiya etiladi, chunki choy tarkibidagi tanin ovqat tarkibidagi temir moddasini organizmga to‘liq so‘rilishiga to‘sqinlik qilish mumkin. Bundan tashqari ovqat bilan gazli yaxna ichimliklar iste’moli ham tavsiya etilmaydi.
7. Ovqat rasionini tuzishda, inson organizmining o‘ziga xos xususiyatlari va yashash sharoiti hisobga olinishi kerak. To‘rt mahalli ovqatlanish maqsadga muvofiq: kunlik iste’molning 25%i nonushta, 35-40% – tushlik, 10-15% – tolma choy va 25% – kechki ovqat bo‘lishi kerak. Uyqudan 2-3 soat oldin ovqatlanish kerak, asosiy iste’mol vaqtlari orasida ovqatlanish mumkin emas. Sharbat, konfet, olma – bular alohida (qo‘shimcha) ovqatlanish turi hisoblanadi.