Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ko‘lami keng, shiddati baland, natijadorligi yuksak demokratik o‘zgarishlarni ko‘rib, bularning barchasi xalqimiz manfaatlarini izchillik bilan ta’minlash, Vatanimizning xalqaro nufuzini yanada oshirish yo‘lida uzoqni ko‘zlab yuritilayotgan oqilona siyosatning hayotdagi samaralari ekaniga har qanday kishi amin bo‘ladi.
O‘z taraqqiyotining mutlaqo yangi bosqichiga dadil qadam qo‘ygan va zalvorli odimlar tashlayotgan Yangi O‘zbekistondagi Yangi uyg‘onish - Uchinchi Renessansning mustahkam poydevorini barpo etishga izchil kirishilgani xalqimizning ruhini yanada ko‘tarib, kelajakka bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda.
Bunday muvaffaqiyatlarning negizida shu kunlarda xalqimiz yigirma sakkiz yillik shonli bayramini nishonlayotgan milliy Konstitusiyamizda o‘z ifodasini topgan eng yuksak g‘oyalar, demokratik tamoyillar, ezgu maqsadlar, orzu-intilishlar mujassamdir.
Har tomonlama pishiq-puxta o‘ylangan va umume’tirof etilgan xalqaro demokratik standartlar talablariga to‘liq javob beradigan Asosiy Qonunimizning yaratilishi, nafaqat xalqimiz hayotidagi ulkan siyosiy, ijtimoi-huquqiy voqea, balki xalqaro ahamiyatga molik yirik olamshumul hodisa hamdir.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev alohida ta’kidlaganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi xalqimiz siyosiy tafakkurining noyob namunasidir.
Mas’uliyatli jarayon
Bugun, shu shonli bayram arafasida, Konstitusiyamizning yaratilish tarixiga nazar tashlash o‘rinli bo‘ladi. O‘tgan asrning 90-yillari xalqimiz uchun naqadar tahlikali va suronli davr bo‘lgani ma’lum. Shunday murakkab sharoitda xalqimizning asriy orzusi bo‘lgan Vatanimizning davlat suvereniteti va mustaqiligi sari, istiqlolimizning huquqiy asoslarini yaratish va mustahkamlash yo‘lida g‘oyat dadil qadamlar qo‘yilgan edi.
Bunday muhim tarixiy voqealarning solnomasi 1990 yilning mart oyidan boshlanadi. O‘n ikkinchi chaqiriq Oliy Kengashning birinchi sessiyasida Prezidentlik lavozimiga asos solinib, davlat ramzlariga oid masala muhokama qilindi. Mustaqil O‘zbekistonning o‘z milliy Konstitusiyasini yaratish g‘oyasi ham ilk bor ana shu sessiyada ilgari surildi.
Respublika Parlamentining 1990 yil 21 iyundagi sessiyasida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislardan iborat 64 nafar a’zoni birlashtirgan Konstitusiyaviy komissiya tuzildi.
Adliya vazirligi Konstitusiya loyihasini tayyorlash bo‘yicha ishchi organ etib belgilandi. Mazkur vazirlikning o‘sha paytdagi rahbarlaridan biri bo‘lganim, Asosiy Qonunimizning dunyoga kelishi bilan bog‘liq tarixiy jarayonlarda bevosita ishtirok etganim uchun o‘tmish voqealarni bugun faxrlanib xotirlayman.
Konstitusiya – barcha milliy qonunlar uchun asos bo‘ladigan, davlatning huquqiy maqomini belgilaydigan muhim hujjat. Shu bois uni yaratish oson kechmasligi tabiiy edi. Boz ustiga, o‘sha kezlarda bizda qonunchilik bilan shug‘ullanuvchi alohida institutlar bo‘lmagani, milliy tajriba hali shakllanmagani ham sir emas.
Bu murakkab va mas’uliyatli jarayonda akademik bilimlarni chuqur egallagan atoqli huquqshunos olimlar, faylasuflar, amaliyotchilar tajribasi naqadar asqotgani xotiramda. Shavkat O‘razayev, Anvar A’zamxo‘jayev, Hojiakbar Rahmonqulov singari zabardast olimlarimizning boy tajribasi, yuksak salohiyati Bosh qomusimizning loyihasini tayorlashda g‘oyat qo‘l kelgan.
Tayyorlangan loyihani takomillashtirish bobma-bob, moddama-modda, so‘zma-so‘z avval ishchi guruh, keyin Konstitusiyaviy komissiya a’zolari tomonidan, so‘ng ikki marta matbuotda chop etish orqali umumxalq davrasida keng muhokama qilinganining o‘zi naqadar ulkan hajmdagi ishlar bajarilganini anglatib turibdi.
Muqaddas timsol
Qayt etilganidek, O‘zbekiston Konstitusiyasi loyihasi bir emas, ikki marotaba - 1992 yilning sentyabr va noyabr oylarida umumxalq muhokamasidan o‘tkazilib, keng jamoatchilik, xalqimiz ilgari surgan takliflar, g‘oyalar va fikr-mulohazalar bilan boyitildi. Umumxalq muhokamasi jarayonida olti mingdan ortiq taklif va fikr-mulohazalar kelib tushgan.
Adliya vazirligi mutaxassislari huquqshunos olimlar, deputatlar va ekspertlar ishtirokida loyihalarda aks etgan g‘oyalar va tamoyillar mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali aholiga peshma-pesh va batafsil tushuntirib borganini ham aytish o‘rinli.
Bu ishlarning barchasiga - Konstitusiyaviy komissiya tuzilib, Asosiy Qonunimizning ilk loyihasini tayyorlashdan to milliy Parlamentimiz tomonidan uning qabul qilinishigacha bo‘lgan g‘oyat zaxmatli jarayonga - ikki yildan ortiq vaqt ketdi.
Ta’kidlash joizki, eng ilg‘or mamlakatlarning konstitutsiyalaridan aslo qolishmaydigan Asosiy Qonunimizning yaratilishida xalqimizning milliy o‘ziga xosligi va necha ming yillik milliy davlatchilik tajribasi hamda dunyoning to‘qsondan ortiq davlatining ilg‘or konstitusiyalaridagi tajribalar hisobga olindi. Unda eng muhim xalqaro huquqiy hujjatlarda mustahkamlangan va umume’tirof etilgan ilg‘or demokratik prinsiplar o‘z in’ikosini topdi.
Shu bois, xalqimiz davlatimizning Bayrog‘i, Gerbi, Madhiyasi kabi milliy Konstitusiyamizni ham Vatanimizning muqaddas timsoli deb biladi va yuksak qadrlaydi. Asosiy Qonunimiz qabul qilingan kun – 1992 yil 8 dekabr umumxalq bayrami sifatida keng nishonlanadi.
Inson – hayot gultoji
Ko‘pni ko‘rgan xalqaro ekspertlar mamlakatimiz Konstitusiyasi haqida so‘z yuritar ekanlar, bir jihatni alohida ta’kidlaydilar: “O‘zbekiston Bosh qomusining eng muhim g‘oyasi bu hayot gultoji bo‘lgan insonni qadrlashga, xalqning manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan. Konstitusiyaning “O‘zbekiston xalqi” degan so‘zlar bilan boshlanishida ham katta hikmat bor”.
Bu davlatimiz siyosatida insonparvarlik, xalqparvarlik tamoyillari ustuvorligining amaldagi yorqin ifodasidir. Chunki mustaqillikkacha bo‘lgan davrda, ya’ni sobiq mustabid Sovet tuzumi hukm surgan zamonda, davlat manfaatlari barcha narsadan, hatto insonning hayotidan ham ustun qo‘yilar edi.
Asosiy Qonunimizda e’tirof etilganidek, mustaqil O‘zbeksitonda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi.
Ushbu konstitusiyaviy tamoyillarning amalda ta’minlanayotgani tufayli bugun Yangi O‘zbekistonda har bir inson o‘zining himoyalanganini his etib, tinch va osoyishta hayot kechirmoqda. Aholining turmush darajasi tobora yuksalib bormoqda.
Xalqimiz hayotini tubdan yaxshilash, inson huquqlarini, jumladan, saylov huquqini, erkinliklarini, qonun ustuvorligi va ijtimoiy adolatni keng ta’minlash borasidagi muhim o‘zgarishlar hozirgi, pandemiya sharoitida o‘z-o‘zidan bo‘layotgani yo‘q, albatta. Buni chuqur anglab yetgan xalqimiz amalga oshirilayotgan islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda va o‘zgarishlar jarayonida faol ishtirok etmoqda.
E’tibor va e’tirof
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi milliy saylov tizimini va jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini demokratik rivojlantirishda, shubhasiz, doim asosiy hujjat bo‘lib xizmat qiladi.
Konstitusiyamizda fuqarolarning saylash va saylanish huquqi, milliy saylov tizimining asoslari mustahkamlab qo‘yilgan. Bu qoida va me’yorlar Inson huquqlari umumjahon deklarasiyasi, Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikasiya qilingan boshqa xalqaro huquqiy hujjatlarda o‘z ifodasini topgan va umume’tirof etilgan demokratik prinsiplarga mosdir.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining alohida XXIII bobi mamlakatimiz saylov tizimiga bag‘ishlangan. Sohaga bunday yuksak e’tiborni barcha rivojlangan mamlakatlarning Konstitusiyasida ham uchratavermaysiz. Ushbu bobda demokratik saylovlarni o‘tkazishga doir barcha jarayonlarning eng muhim prinsiplari, mazmun-mohiyati aniq belgilab berilgan.
Mamlakatimiz saylov komissiyalari tizimiga faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan Konstitusiyaviy organ maqomiga ega O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi rahbarlik qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan so‘ngi yillarda mamlakatimiz saylov tizimini xalqaro normalar va tamoyillarga moslashtirish, saylovchilar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratish va fuqarolarning erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
Yuksak samaralar
Izchil islohotlarning yuksak samaralari 2019 yil 22 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va mahalliy kengashlarga “Yangi O‘zbekiston – Yangi saylovlar” shiori ostida o‘tkazilgan saylovlar jarayonida yorqin namoyon bo‘ldi. Fuqarolar o‘zlarining konstitusiyaviy huquqlarini amalga oshirishlari uchun barcha sharoitlar yaratildi va saylovchilar bu imkoniyatdan samarali foydalandilar.
Saylovlar natijasida konstitusiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan O‘zbekistonning qonun chiqaruvchi hokimiyati va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining tarkibi davriylik prinsipi asosida yangilanishi ta’minlandi.
Saylovlar jarayonining davomi sifatida, ijroiya hokimiyati qaytadan shakllantirildi. Saylovlar ko‘ppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillariga hamda dunyoda umume’tirof etilgan demokratik andazalarga mos yangilangan saylov qonunchiligiga binoan o‘tkazildi.
Saylovlarni kuzatib borgan 70 mingdan ziyod mahalliy kuzatuvchi hamda ko‘plab xalqaro tashkilotlar, ellikka yaqin xorijiy davlatdan kelgan 825 nafar kuzatuvchi, xalqaro va mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarining mingdan ortiq vakillari saylovlarni sharhlar ekanlar, “birinchi marta” degan so‘zni bot-bot qayd etganlarini ta’kidlash o‘rinli. Bu bejiz emas.
Bu galgi saylovlar ilk bor Saylov kodeksi asosida o‘tdi. Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2019 yilning 25 iyunida Saylov kodeksi amaliyotga kiritilgach, saylovlarning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. Bunda, avvalo, saylovga oid mavjud beshta qonun va o‘nlab qonunosti hujjatlari yaxlit hujjatga jamlandi. Bevosita ishlaydigan qonun maqomini oldi.
Barcha vakillik organlariga faqat siyosiy partiyalar tomonidan nomzod ko‘rsatish amaliyotiga o‘tildi. Qonunchilik palatasidagi 150 deputatlik o‘rni saqlab qolingani holda O‘zbekiston Ekologik harakati vakillariga kvota ajratish instituti bekor qilindi. Natijada o‘tgan saylovlarda beshta siyosiy partiya o‘zaro raqobatga kirishdi. Yangi partiya – O‘zbekiston Ekologik partiyasi quyi palatada 15 deputatlik o‘rnini qo‘lga kiritdi. Saylov qonunchiligi va amaliyotidagi bu yangilik zamonaviy O‘zbekiston tarixidagi muhim voqeadir.
O‘zbekiston Respublikasi saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatining shakllantirilishi mamlakatimiz milliy saylov tizimidagi mutlaqo yangi amaliyot bo‘ldi. Mazkur ro‘yxatga saylov yoshidagi 20,5 milliondan ziyod fuqaroga doir ma’lumotlar kiritildi va ulardan saylovlar jarayonida belgilangan tartibda foydalanildi. Ayni paytda, axborot tizimidan 6720 ta saylov okrugi, 10260 ta saylov uchastkasining, shuningdek, uchastka saylov komissiyalarining jami 170 313 nafar a’zosiga oid ma’lumotlar ham joy oldi.
Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar mamlakatimiz tarixida birinchi marta ovoz berish sharafiga muyassar bo‘lgani ham O‘zbekistonning milliy saylov tizimidagi eng muhim yangiliklardandir. O‘tgan saylovda 4308 nafar ana shunday shaxs o‘zining saylov huquqidan foydalandi.
Qayd etish o‘rinliki, 2019 yil 4 sentyabr kuni qabul qilingan «Saylov to‘g‘risidagi qonun hujjatlari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi qonunga binoan, Konstitusiyamizning 117-moddasiga tegishli norma kiritilgani bunda muhim omil bo‘ldi.
Xorijda yashab turgan barcha vatandoshlarimiz uchun ovoz berish imkoniyati yaratildi. 32 mamlakatda tashkil etilgan 55 saylov uchastkasida 112 411 nafar yurtdoshimiz o‘zining Konstitusiyaviy huquqidan foydalanib, ovoz berdi.
Ta’kidlash zarurki, avvalgi saylovlarda O‘zbekiston Respublikasining chet ellardagi vakolatxonalaridan konsullik ro‘yxatidan o‘tgan fuqarolargina ovoz bera olgan.
Saylovlarga tayyorgarlik jarayonida 180 ming nafarga yaqin saylov komissiyalari a’zolari 2019 yil 3 avgustdan 20 dekabrga qadar “kaskad” usulida maxsus dastur asosida interfaol usluda amaliy seminar-treninglarda o‘qitildi.
Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida yuzdan ortiq brifing va matbuot anjumanlari o‘tkazildi, Markaziy saylov komissiyasining yigirmaga yaqin vedeoselektor yig‘ilishi tashkil etildi.
Siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga saylovoldi uchrashuvlarini o‘tkazishlari uchun har qachongidan keng shart-sharoitlar yaratildi, ular o‘tkazgan 26 teledebat to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi. Bularning barchasi zamonaviy O‘zbekiston tarixida saylovlar ilk bor real raqobat muhitida o‘tishiga xizmat qildi.
Saylov qonunchiligining buzilishi holatlari yuzasidan tezkor choralar ko‘rish maqsadida 2019 yilning 16 dekabridan 2020 yilning 3 yanvariga qadar barcha viloyatlar, tumanlar (shaharlar) ma’muriy sudlarida doimiy navbatchilik tashkil etildi. Bunday navbatchilik prokuratura va ichki ishlar organlarining bo‘g‘inlarida ham yo‘lga qo‘yildi.
Ommaviy axborot vositalaridagi, ijtimoiy tarmoqlardagi va oddiy fuqarolarning joylarda saylov qonunchiligining buzilishi holatlariga oid xabarlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish, zarur hollarda tegishli tartibda chora ko‘rish mexanizmi yaratildi.
Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlarning 48 nafarini yoki 32 foizini ayollar tashkil etgani ham O‘zbekiston tarixidagi mislsiz voqeadir. Zero, 2014 yilgi saylovlarda 24 nafar ayol Qonunchilik palatasi deputati bo‘la olgan.
Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin.
Xalqaro kuzatuvchilar saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlarga yuksak baho berdilar. Barcha saylov uchastkalarida saylovchilar uchun qulay sharoitlar yaratilganini, ayniqsa, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolar, turli millat vakillari uchun saylov huquqini amalga oshirish imkoniyati yuqori darajada tashkil qilinganini e’tirof etdilar.
Saylovlarning muvaffaqiyatili o‘tishida, avvalo, O‘zbekistonda mustahkam qaror topgan tinchlik va osoyishtalik, xalqimizga xos bag‘rikenglik va olijanoblik, mehroqibat, o‘zaro izzathurmat, siyosiyhuquqiy madaniyat muhim omil bo‘lganini ta’kidlash darkor.
Takomilda hikmat ko‘p
Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, davrning o‘zi mamlakatlar va xalqlar oldiga kutilmagan vazifalar, dolzarb muammolar qo‘ymoqdaki, bularning barchasi milliy saylov qonunchiligini ham muntazam takomillashtirib borishni taqozo etadi.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yilning fevralida mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan hamkorlikda barcha hududlarda saylovchilar, saylov tashkilotchilari, mahalliy rahbarlar ishtirokida qiziqarli davra suhbatlari o‘tkazildi. Saylovlarni yanada samarali tashkil etish, aholining huquqiy bilim va elektoral madaniyatini yanada oshirish yuzasidan atroflicha fikr almashildi.
Muloqotlar chog‘ida, shuningdek, xalqaro tashkilotlarning xulosalarida, ijtimoiy tarmoqlar orqali oddiy saylovchilar tomonidan ilgari surilgan takliflar va tavsiyalarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Jumladan, mamlakatimiz Konstitusiyasining 117-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi bir vaqtning o‘zida ikkidan ortiq davlat hokimiyati vakillik organining deputati bo‘lishi mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan.
Bir vaqtning o‘zida ikkita mahalliy vakillik organi deputatligiga nomzod etib ko‘rsatilgan fuqarolarning saylovoldi targ‘ibotini olib borish, uchrashuvlar o‘tkazish bilan bog‘liq muammolarga duch kelishi sir emas. Bu masalada Markaziy saylov komissiyasiga ham bir qator murojaatlar kelib tushgan.
Shularni e’tiborga olib, Asosiy Qonunimizda bir nomzod faqat bitta saylov okrugidan va bitta mahalliy vakillik organiga saylanishi mumkinligiga oid qoidani kiritish taklif qilinmoqda.
Saylov qonunchiligiga o‘zgartirish kiritish orqali, xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarini tugatish va ularning vakolatlarini tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklash ham asosli takliflardandir.
Milliy saylov amaliyotimizdan va xalqaro kuzatuvchilarning tavsiyalaridan kelib chiqib, saylovlarni yanada demokratlashtirish va erkinlashtirishga qaratilgan shunga o‘xshash yana boshqa qator takliflar ham o‘rganib chiqilmoqda.
O‘tgan har bir saylov - mamlakatimizda rivojlangan demokratik huquqiy davlat, erkin, ochiq va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish sari qo‘yilgan muhim qadamdir.
Erishilgan muvaffaqiyatlar sarhisob qilinib, kamchilik va muammolarning o‘z vaqtida barataraf etilishi, milliy saylov qonunchiligining Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan tamoyillar asosida yanada takomillashtirilishi esa xalqimiz farovonligini oshirish, buyuk yuksalish yo‘lidagi intilishlarini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Mirzo Ulug‘bek ABDUSALOMOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Markaziy saylov komissiyasi Raisi,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist.
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi,
2020 yil 2 dekabr.