• eye Maxsus imkoniyatlar
SAYLOV QONUNCHILIGI: SOBITQADAMLIK SAMARALARI
22.12.2020
2553
Mamlakatimizda parlament va mahalliy vakillik organlariga yangi qonunchilik asosida saylovlar bo‘lib o‘tganiga roppa-rosa bir yil to‘ldi.

Mamlakatimizda parlament va mahalliy vakillik organlariga yangi qonunchilik asosida saylovlar bo‘lib o‘tganiga roppa-rosa bir yil to‘ldi.

Demokratik davlatda va jamiyatda xalqning xohish-irodasi birlamchi manba sifatida e’tirof etiladi va unga og‘ishmay amal qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 7-moddasida “Xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbai”, 32-moddasida esa “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega” ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan.

Mazkur huquqlar aynan saylovlarda o‘zining amaliy ifodasini topadi. Konstitusiyada saylov masalalariga maxsus bobning bag‘ishlanganligi mamlakatimiz milliy saylov qonunchiligini shakllantirishda muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi. Ushbu konstitusiyaviy qoida, ayni paytda, mustaqil O‘zbekistonda saylov qonunchiligini muntazam takomillashtirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Shu nuqtai nazardan, so‘nggi yillarda saylov qonunchiligi va amaliyotida ro‘yobga chiqarilgan o‘zgarishlarga e’tibor qaratsak, milliy saylov sohasida tizimli ravishda amalga oshirilayotgan islohotlarning yuksak samaralari namoyon bo‘ladi. Keyingi olti yilda O‘zbekistonda ikki marta parlament va ikki marta prezidentlik saylovlari o‘tkazildi.

Bu saylovlarda orttirilgan katta amaliy va huquqiy tajriba, shuningdek milliy va xalqaro kuzatuvchilar tomonidan bildirilgan tavsiyalar saylov qonunchiligini takomillashtirishda muhim o‘rin tutdi.

2014 yili O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 117-moddasiga tuzatishlar kiritilib, Markaziy saylov komissiyasiga konstitusiyaviy maqom berildi hamda uni shakllantirish va mustaqil faoliyatini amalga oshirishning kafolatlari belgilandi.

Bunda Markaziy saylov komissiyasi a’zolarining vakolati muayyan muddat bilan cheklanmagani va mahalliy vakillik organlari hamda parlament palatalari tomonidan shakllantirilishi faoliyati mustaqilligining muhim kafolatlaridan biridir.

2015 yili aybsizlik prezumpsiyasiga amal qilgan holda, tergov ostida bo‘lgan va hali sud hukmi bilan aybli deb topilmagan shaxslarning saylovda ishtirok etishini ta’minlash uchun vaqtinchalik qamoqda saqlash joylarida saylov uchastkalarini ochish lozimligi qonunan belgilandi.

Shuningdek, xalqaro saylov standartlaridan kelib chiqib, prezidentlikka nomzodlarni qo‘llab-quvvatlovchi imzolar soni keskin kamaytirildi. Xususan, zarur bo‘lgan imzolar soni saylovchilar umumiy sonining besh foizidan bir foiz miqdoriga qadar tushirildi.

2019 yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan saylovga oid mavjud beshta qonun va o‘nlab qonunosti hujjatlarini o‘zida jamlagan yaxlit Saylov kodeksining qabul qilinishi saylov amaliyotini yangi sifat bosqichiga ko‘tarish uchun muhim huquqiy zamin yaratdi.

Saylov kodeksining qabul qilinishi bilan eng avvalo, saylov qonunchiligi normalarini tizimlashtirish, ya’ni kodekslashtirish orqali bir-biriga o‘xshash normalar bartaraf etildi, ushbu qonunchilik tarmog‘i unifikasiyalashdi.

Kodeks loyihasi Venesiya komissiyasining xalqaro huquqiy ekspertizasidan o‘tkazildi va tegishli xulosasi olindi. Kodeksga bir qator xalqaro saylov standartlari, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining tavsiyalari singdirildi. Natijada Saylov kodeksi bir qator yangiliklar bilan boyitildi.

Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning saylovda ishtirok etishiga ruxsat berilgani, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga Ekologik harakat uchun ilgari ajratib kelingan o‘n beshta deputatlik o‘rni kvotasi bekor qilinib, quyi palataning barcha deputatlari bevosita fuqarolar tomonidan saylanishi, nodavlat notijorat tashkilot – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlaridan vakillar saylovlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi, saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoxud prezidentlika nomzodni qo‘llab-quvvatlovchi imzo qo‘yishga haqli ekanligi mustahkamlab qo‘yilgani ana shunday muhim o‘zgarishlar jumlasidandir.

Saylov qonunchiligi va amaliyotidagi islohotlar nafaqat saylov jarayonining ishtirokchilari, balki xalqaro hamjamiyat tomonidan ham keng e’tirof etildi. Bu 2019 yilda bo‘lib o‘tgan davlat hokimiyatining vakillik organlariga saylovlarda ham yaqqol namoyon bo‘ldi.

Xususan, YeXHT Byurosining 2019 yili “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” shiori ostida o‘tgan parlament saylovlarini kuzatgan to‘laqonli missiyasi hisobotida bir qator ijobiy o‘zgarishlar e’tirof etilgan.

Xususan, “bu galgi saylovlar takomillashgan qonunchilik va mustaqil fikrga asoslangan tolerantlik muhitida o‘tkazildi. So‘z va matbuot erkinligi sezilarli darajada kengaygan. Ommaviy axborot vositalarida aksariyati jonli efirda namoyish qilingan debatlar bo‘lib o‘tdi. Yangi qabul qilingan Saylov kodeksi milliy saylov qonunchiligini YeXHT qoidalari, O‘zbekiston tomonidan olingan boshqa xalqaro majburiyatlar va standartlarga yaqinlashtirish imkonini berdi. Saylovlar amalga oshirilayotgan islohotlarni davom ettirish zarurligini ko‘rsatdi”, deb ta’kidlanadi missiyaning hisobotida.

YXHT Byurosining oldingi yillardagi saylovlarni kuzatish bo‘yicha bildirgan fikrlarida milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish, ovoz beruvchilar uchun tanlash imkoniyatini yanada kengaytirish, tashabbuskorlik muhitini rag‘batlantirish, shu maqsadda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish,  ommaviy axborot vositalari bilan ishlashni yaxshilashga doir qator tavsiyalar bor edi.

Shubhasiz, 2019 yili yangilangan saylov qonunchiligi hamda mamlakatimizda tobora mustahkamlanib va kengayib borayotgan ochiqlik va oshkoralik muhiti Markaziy saylov komissiyasiga o‘tgan yilgi parlament saylovlarini yanada yangi, yuksak sifat bosqichida tashkil etish imkonini berdi.

Sobitqadamlik bilan amalga oshirilayotgan bunday tizimli o‘zgarishlar nimalarda ko‘rinadi?

“Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyilini amalda ta’minlash uchun Saylovchilarining yagona elektron ro‘yxatining shakllantirilishi O‘zbekiston milliy saylov tizimidagi mutlaqo yangi amaliyot bo‘ldi. Mazkur ro‘yxatga saylov yoshidagi 20,5 milliondan ziyod fuqaroga doir ma’lumotlar kiritildi va undan saylovlar jarayonida foydalanildi.

Siyosiy partiyalar va deputatlikka nomzodlarga saylovoldi uchrashuvlarini o‘tkazishlari uchun har qachongidan keng shart-sharoit va imkoniyat yaratildi. Ular o‘tkazgan 26 teledebat to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatildi. Bularning barchasi zamonaviy O‘zbekiston tarixida saylovlarni ilk bor real raqobat muhitida o‘tishiga xizmat qildi.

Xorijda yashab turgan barcha vatandoshlarimiz uchun ovoz berish imkoniyati yaratilgani ham ana shunday muhim o‘zgarishlar sirasidandir. 38 mamlakatda tashkil etilgan 55 saylov uchastkasida 112 411 nafar yurtdoshimiz o‘zining konstitusiyaviy huquqidan foydalanib ovoz berdi. Avvalgi saylovlarda mamlakatimizning chet eldagi vakolatxonalarida konsullik ro‘yxatidan o‘tgan fuqarolargina ovoz bera olgan.

Saylovlarga tayyorgarlik jarayonida 180 ming nafarga yaqin saylov komissiyalari a’zolari amaliy seminar-treninglarda o‘qitildi.

Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarni sodir etgan shaxslar mamlakatimiz tarixida birinchi marta ovoz berish sharafiga muyassar bo‘lgani ham O‘zbekistonning milliy saylov tizimidagi eng muhim yangiliklardandir. O‘tgan saylovda 4308 nafar ana shunday shaxs o‘zining saylov huquqidan foydalandi.

Ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan va oddiy fuqarolarning joylarda saylov qonunchiligining buzilishi holatlariga oid xabarlariga tezkorlik bilan munosabat bildirish, zarur hollarda tegishli tartibda huquqiy chora ko‘rish mexanizmi yaratildi.

Alohida ta’kidlash zarurki, bu, eng avvalo, Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy-siyosiy muhit o‘zgargani, demokratiya, ochiqlik va oshkoralik prinsiplari amalda ro‘yobga chiqa boshlaganining yaqqol tasdig‘idir. Katta donishmandlik, xalqparvarlik, vatanparvarlik, milliy an’analar hamda zamonaviy demokratiya g‘oyalariga ulkan sadoqat va kuchli siyosiy iroda talab etadigan bunday islohotlar sobitqadamlik bilan davom ettirilayotganini butun dunyo ko‘rib, xayrixoh kuzatib turibdi.

Saylov kodeksining qabul qilinishi va amaliyotga muvaffaqiyatli joriy etilishi istiqlol yillarida shakllangan milliy saylov qonunchiligimizni, demokratik saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha qariyb 30 yillik tajribamizni yanada mustahkamlash va takomillashtirish sari qo‘yilgan katta qadam bo‘ldi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ilk bor 2019 yilda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari bo‘yicha tahliliy axborot ishlab chiqildi va unda saylovlarni tashkil etishda erishilgan yutuqlar bilan birga, yuzaga kelgan kamchilik va muammolar, belgilanadigan chora-tadbirlar o‘z ifodasini topdi.

Milliy saylov qonunchiligimizni yanada takomillashtirish, umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish doimiy va muntazam davom etadigan jarayondir.

Saylov tizimini takomillashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning tavsiyalari mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli islohotlarga hamohang ravishda, albatta, xalqimizning milliy a’nanalari va o‘ziga xos madaniy qadriyatlaridan kelib chiqqan holda inobatga olinadi va joriy etiladi.

Eng muhimi, Yangi O‘zbekistonimizda sobitqadamlik bilan tobora mustahkamlanib borayotgan demokratiyani qat’iy qaror toptirish, fuqarolarning saylov huquqlarini kengaytirishga xizmat qiladigan shart-sharoitlarni yanada yaxshilash uchun bor kuch va imkoniyatlar ishga solinadi.

 

 

Mahmud ISTAMOV,

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasi

Raisining o‘rinbosari

 

"Yangi O‘zbekiston" gazetasining

 2020 yil 22 dekabr, 248-son