14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni
Xudoyor MAMATOV,
yuridik fanlari doktori, professor
MARDLIK VA MATONAT MEZONLARI
Agar bir imoratni qismlarga ajratib qaraydigan bo‘lsak, uning poydevori betondan, sinchi yog‘ochdan, devori pishiq g‘ishtdan, tomi taomilga ko‘ra yopilgan bo‘lsa – binoning mustahkam ekaniga imon keltiramiz. Chunki mezonlar xuddi mana shunday xulosa berishimizga asos bo‘ladi. Mabodo mana shu qiyosimizni insonning mardlik va matonat singari fazilatlariga nisbatan qo‘llasak-chi! Bunda bu xislatlarning metin kabi mustahkamligini qaysi o‘lchovlarga asoslanib xulosa qilishimiz mumkin?
Albatta bu masala jiddiy tahlilni talab qiladi. Zotan, qadimda ham allomalar bu mavzu ustida bosh qotirganlar. Insonga xos bu tuyg‘ularning mohiyatini anglashga harakat qilganlar. Bu borada ko‘plab asarlar yaratilgan, qarashlar bayon etilgan. Masalan, kishining hayotiga xavf tug‘ilsa va u o‘zini himoya qilish maqsadida mardonavor kurashsa – uni tom ma’noda mard va matonatli odam deb bo‘lmaydi. Chunki bu jarayonda or-nomus, burch, vatanparvarlik singari xislatlar deyarli ishtirok etmaydi. Bunday vaziyatda har qanday kishi ham bo‘y bermaslik harakatida bo‘ladi. Axir bo‘sh kelsa, hayoti barbod bo‘lishi turgan gap. Biroq bu yo‘qotish bir muddatli achinish hissiga arziydi xolos. Yoki: “Mol-mulkda mosuvo bo‘lish, hattoki jondan judo bo‘lish achinarli yoki ayanchli emas! – deydi qadimgi Rim faylasuflaridan biri Epiklet. – Agar inson o‘zining haqiqiy mulki, chinakam bisoti – o‘z insoniy qadr-qimmatini yo‘qotsa, bu achinarli va ayanchlidir!”
Basharti kishining mardligi va matonati – hayoti el-yurt muhofazasi uchun garovga tikilgan taqdirdagina namoyon bo‘ladi. Bu yo‘lda chekkan zahmatlari, tortgan azob-uqubatlari jasorat sanaladi. Zero, inson uchun bu dunyoda eng muqaddas tushunchalar mavjud. Shulardan biri – Vatan! Uning qamrovi shu qadar kengki, unga jamiyki qadriyatlar jo bo‘ladi. Vatanparvarlik esa uning xizmatida bo‘lish, koriga yarash, zarurat tug‘ilsa, hattoki jonni fido qila bilish demakdir. Negaki, kishining vatani, – o‘zi tug‘ilib o‘sgan, kindik qoni tomgan, mehnati va uning mahsulini tatigan, o‘zi mansub xalqning o‘tmishi poyidor, ota-bobolarining xoki barqaror – tarixan tarkib topgan ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-madaniy hudud hisoblanadi. Ruscha patriotizm degan so‘z ham baayni shu ma’noni anglatadi, sababi uning o‘zagi (lotincha – patria) ona yer, vatan degan so‘zlardan tashkil topgan.
O‘tgan sho‘rolar tuzumi tanazzulga uchrab, sobiq ittifoqdosh respublikalar o‘rtasidagi siyosiy-iqtisodiy va madaniy aloqalar zil ketgach, qariyb bir asrdan beri amalda bo‘lgan mafkura keraksiz matohga aylanib qoldi. Aholi ongida bo‘shliq paydo bo‘ldi. Vatan, vatanparvarlik singari tushunchalarga yuzaki bir qarash tarkib topa boshladi. Bu esa katta avlod vakillarini chinakamiga tashvishlantirgani, ijodkor insonlarni bong urishga undagani bor gap. O‘tgan asrning 90-yillari Moskva televideniyesidan bot-bot bir ijtimoiy rolikni namoyish qilishardi. O‘sha davr yoshlarining soxta vatanparvarlik tuyg‘usi zaharxanda qilingan mazkur rolikda, davlat chegarasini buzib, mamlakat hududiga suqilib kirgan chet el josusi, o‘rmon yo‘lida motosiklli bir yigitni to‘xtatadi.
– Menga qara, harbiy bazaga qanday borsam bo‘ladi? – deb so‘raydi u ajnabiylar lahjasida, o‘zining qo‘poruvchilik missiyasini oshkor qilishdan sira cho‘chimay. – Aytsang, evaziga saqich beraman! – Yigitchaga yaltiroq qog‘ozli xorijning saqichini ko‘z-ko‘z qiladi u. Shundoq ham ostida yangi rusumli motosikl, egnida eng so‘nggi fasondagi liboslar, og‘zida saqich chaynab turgan yigit astoydil jahllanadi. Bu josus uni kim deb o‘ylayapti? Axir u bitta saqich deb vatanini sotadigan ahmoq emas! Vataniga bo‘lgan tuyg‘usi bilan josusni tong qoldirgan yigitcha, uloviga gaz bosadi. Bir oz yurib to‘xtaydi.
– Ey, josus! – deydi unga tomon o‘girilib. – Keyingi gal kelganingda videomagnitafon ola kel – o‘shanda gaplashamiz!
Shunga o‘xshash yana bir latifanamo voqea. Sitrusli mevalarini sotish uchun Moskvaga uchgan kavkazlik amaki, samolyot salonida g‘ala-g‘ovur qo‘pgani bois uyg‘onib ketadi. Bilsaki, samolyotni terrorchilar egallab, Turkiyaga tomon burmoqchi bo‘lib turgan ekanlar. “Shunga shunchami? Unga farqi nima – qayerda bo‘lsa ham mevalarini sotsa bo‘lgani!” Yana bamaylixotir pinakka ketgan amaki tuyqus bir tuyg‘udan sapchib o‘rnidan turib ketadi: “Turkiyada sitrusli mevalarning narxi qancha?”
Turkiyada apelsin va mandarinning bahosi suv tekin ekanini eshitib jazavaga tushadi. Samolyotning kursini o‘zgartirib bo‘lmasligini anglab yetadi. Bosqinchilarga tashlanib ularni mavh etadi...
Binobarin, biror kishi faqat o‘zini himoya qilib kurashga kirsa, buni qo‘rquv yoki majburiyat yuzasidan qilgan bo‘ladi: o‘lishdan cho‘chigani yoki yashab qolish uchun o‘zini shunga majbur qiladi – burch degan tushunchaga aloqasi yo‘q. Shuning uchun ham mazkur falsafiy kategoriyaga birinchi bo‘lib ilmiy ta’rif bergan Demokrit, “kishi qo‘rqqani yoki majburiyat yuzasidan emas, burchli ekani sabab ayrim nojo‘ya ishlarni qilishdan tiyilishi yoki ezgulikning himoyasidan chekinmasligi lozim”, deb ta’kidlagan. Fransuz mutafakkiri P.Golbax esa, burch – kishining o‘z baxtidan ajratib bo‘lmaydigan majburiyati ekanini qayd etgan.
Mana shu o‘rinda ulug‘ bobokalonlarimiz, yovqur bahodir Spitamen, Jaloliddin Manguberdi va Najmiddin Kubroning vatanparvarlik jasorati ko‘z oldimizda gavdalanadi. Har uchala bobomizning mardligi va matonati tom ma’nodagi vatanparvarlikning oliy ko‘rinishi deyishimizga arziydi. Sababi, ular yov qarshisida yaloqxo‘rlik qilmaganlar. O‘z huzur-halovatini o‘ylab murosaa yo‘lini tutmaganlar. Binobarin, mo‘g‘ul qo‘shinlari Xorazm zaminiga mo‘ru malaxdek yopirilib kelgan chog‘lari, Chingizxon Kubro hazratlariga xufya odam jo‘natib, unga bo‘lgan cheksiz hurmatini izhor etadi. Xorazm tuprog‘ini tark etib, tinch o‘lkalarga bosh olib ketishini maslahat beradi. Biroq, Najmiddin Kubro buning kabi “g‘amxo‘rlik”ka rad javobini beradi. Ag‘yorning aldovlariga uchmaydi, undovlariga unamaydi: “Yo vatan mustaqilligi yoki sharafli o‘lim!” – deb, jangga kirib, dushman bilan kurashadi. Erksiz yashagandan ko‘ra, vatan mustaqilligi yo‘lida shahid bo‘lishni afzal biladi.
Shu sabab Spitamenning xiyonat tufayli kesilgan boshini barkashga solib kelganlarida Aleksandr Makedonskiy yig‘lab yuborgan. Shunday er yigitning o‘lim topganidan qayg‘urgan. Raqibini shohona dafn etishga buyurgan. Chingizxon esa, bo‘ysunmas botir Jaloliddinning ortidan havas bilan boqib: “Bundan buyon o‘g‘il farzand ko‘rsangiz, ismini Jaloliddin qo‘yinglar!” – degan ekan.
Shu bois ham, gap vatanparvarlik haqida ketganda or-nomus, sha’n, qidr-qimmat singari tushunchalarga kishini mardlik va matonatga undaguvchi umuminsoniy qadriyatlar sifatida qaraladi. Bashariyat uchun g‘oyatda tahlikali bo‘lgan mushkul vaziyatlarda mas’uliyatni o‘z zimmasiga olgan kishigina haqiqiy yurtparvar, elparvar ekanligi nomoyon bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida: “Milliy armiyamizning kuch-qudrati azmu shijoatli va har ishda yetuk salohiyatli harbiy xizmatchilarimizning, bag‘rikeng va olijanob xalqimizning birligi va hamjihatligidadir. Bu haqiqatni bugungi kunda har qachongidan ham chuqur his etmoqdamiz. Ishonchim komilki, ana shunday buyuk ma’naviy qudrat manbai bor ekan, el-yurtimizning tinch va osoyishta hayoti, Vatanimiz mustaqilligiga hech qanday yovuz kuch rahna sololmaydi, demokratik islohotlarimiz yo‘lidan hech qachon ortga qaytara olmaydi. Biz bahodir va dovyurak harbiylarimiz bilan – o‘zining muqaddas qasamyodiga sodiq qolib, xizmat burchini yerda ham, ko‘kda ham sharaf ila ado etayotgan yurtimizning zabardast o‘g‘lonlari bilan haqli ravishda faxrlanamiz”, deb ta’kidlaganlari besabab emasligi ayon bo‘ladi. Harakatlar strategiyasiga hamohang mamlakatimizning iqtisodiy bazasini va huquqiy asoslarini mustahkamlash, aholi ongida milliy g‘oya, mustaqillik mafkurasini qaror toptirishga bo‘lgan sa’y-harakatlari zamirida ulkan ma’no borligini anglab yetamiz.
Zotan, davlatimiz rahbari har chiqishlarida, nutqlarida o‘zlikni anglash masalasiga, o‘z tarixini bilish, undan faxrlanish – yoshlarda vatanparvarlik, iftixor tuyg‘usini shakllantirish, ularning zamonaviy bilimlarni egallashlari uchun barcha shart sharoitlarni yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratadilar.
Shu o‘rinda shahrisabzlik jangchi shoir Sharofjon Orifiyning o‘z vaqtida mashhur bo‘lgan hajman mittigina bir she’ri yodga tushadi. “O‘qsiz to‘pponcha” deb nomlanangan o‘sha sar jang chog‘i o‘qsiz to‘pponcha bilan dushman asir olingani haqida edi. Aslida, tish-tirnog‘igacha qurollangan fashist qurol qarshisida emas, shoirning vatanga bo‘lgan muhabbati, dushmanga cheksiz nafrati – mana shu qudratli kuch qarshisida ojiz qolgan edi, degan xulosa kelib chiqardi she’rdan.
Keyingi to‘rt yilda mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash masalasiga juda katta e’tibor qaratilgani, O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tubdan isloh qilinib, milliy armiyamizning zamonaviy qiyofasiga asos solingani ulkan voqeadir. Qo‘shinlarimizning jangovorlik holati yaxshilanib, harbiy xizmatchilar tarkibida sifat o‘zgarishlari ro‘y bergani ham ma’lum. Davlatimizning birorta ham harbiy bloklarda ishtirok etmayotgani, qo‘shilmaslik siyosatini yuritib kelayotgani harbiy sohada amalga oshirilayotgan modernizasiyalashtirish jarayonlari faqatgina mamlakat tinchligini saqlash, chegaralarimiz daxlsizligini ta’minlashga qaratilgani bilan katta ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 29 yilligi munosabati bilan Vatan himoyachilariga yo‘llagan bayram tabrigida ta’kidlanganidek, “Biz bundan to‘rt yil oldin O‘zbekistonda harbiy qurilish sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha eng muhim va ustuvor yo‘nalishlarni belgilab olgan edik. Shu asosda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash va Qurolli Kuchlarimizni rivojlantirish uchun keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqdamiz. O‘tgan qisqa davrda yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari chuqur qayta ko‘rib chiqildi, qo‘shinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha o‘ta muhim loyihalar amalga oshirildi. Tariximizda birinchi marta o‘z mohiyatiga ko‘ra noyob tizim – harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi. Bunday ish usuli joylardagi davlat hokimiyati organlarini mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashga faol jalb etish uchun imkon berdi. Eng muhimi, “Armiya va xalq – bir tanu bir jondir” degan ulug‘ g‘oyani amalda ta’minlashga xizmat qilmoqda. Ana shunday sa’y-harakatlarimiz natijasida, bugungi kunda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari respublikamiz mustaqilligi, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishning chinakam kafolati bo‘lmoqda. Eng asosiysi, milliy armiyamiz har qanday tahdid va xavf-xatarga qarshi munosib zarba bera oladigan el-yurt tayanchi va suyanchiga, yoshlar va harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik va sadoqat ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylandi”.
Basharti, geosiyosat maydonida kimo‘zarga “uloq chopayotgan” mamlakatlar yangidan-yangi qirg‘in qurollarini ishlab chiqarib, o‘zgalar ko‘ngligi vahima solish maqsadida uni namoyish etishga tushgan ayni pallada, ham jismonan, ham ma’nan chiniqish maktabini o‘tagan xalq farzandlari bundan aslo cho‘chimaydilar. Chunki, ular kim ekanliklarini, qanday ulug‘ avlodga mansublikligini, tarixan bu el shonli o‘tmish sohibi ekanini teran anglaydilar. Vatan sarhadlarida turgan posbonlarimiz ortga bir qadam ham chekinib bo‘lmasligini, chegaralar daxlsizligini ta’minlashga burchli ekanliklarini chuqur his etadilar.
Tabiiyki, inson qayerda dunyoga kelsa o‘sha yer uning uchun qadrli Vatandir. Kindik qoni to‘kilgan joy inson uchun hech narsaga alishib bo‘lmaydigan, hamma narsadan ham qimmatli dargohdir.
Xattoki, Allohning elchisi Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham o‘z davrida Madinai munavvaraga hijrat qilib ketayotganlarida orqalariga o‘girilib, Makkai mukarramaga qarab:
“Agar qavmim meni Makkadan chiqib ketishga majbur qilmaganida, hecham o‘z ixtiyorim bilan uni tashlab ketmagan bo‘lar edim”, - deganlar.
Tarixdan ma’lumki, birorta millat boshqa bir millatni tahqirlamoqchi, yoki oyoqosti qilmoqchi bo‘lsa, avvalo, uning vatanini bosib olib, vayron qilgan yoki uni vatanidan quvib chiqargan.
O‘z vatanini dushmanlar qo‘lida qolganini ko‘rgan millat uchun bundan ortiq xo‘rlik va azob bo‘lmasa kerak. Zero, Vatan, millat, din tushunchalari inson uchun har narsadan aziz va muqaddasdir.
Xalqning boshiga og‘ir kun kelganda jonini saqlash uchun vatanni tashlab qochish insoniylikka to‘g‘ri kelmaydi. Xalqimizda “o‘zga yurtda shoh bo‘lganuncha o‘z yurtingda gado bo‘l”, degan hikmatli so‘z ham bor. O‘z huzur halovatini o‘ylab, o‘zgalarni unutgan kishi hech qachon ona vataniga, xalqiga nisbatan sadoqatli bo‘lolmaydi.
Zotan, ortda Vatan bor! Ma’naviyatli insonlar esa bu so‘zning zamirida nechog‘li muqaddas ma’nolar mavjudligini biladilar. Uni hech kimga oyoq osti qildirib qo‘ymaydilar. Binobarin, insoniy or-nomus, sha’n, qadr-qimmat singari qudratli qurolga ega qalb har qanday tashqi ta’sirlarga dosh bera oladi – qulamaydi. Zotan, Alisher Navoiy bobomiz aytganlaridek, bu dunyoda er yigitning eng buyuk, ezgu va muqaddas vazifasi, avvalo, o‘z oilasi, Vatani va xalqini munosib himoya qilishdan iboratdir.
Shunday ekan, xalq eng avvalo – Vatan himoyasidek g‘oyat mas’uliyatli va olijanob vazifani sharaf bilan ado etib kelayotgan mard va jasur, el-yurtga sadoqatli o‘g‘lonlariga suyanadi va ular bilan haqli ravishda faxrlanadi.