O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakat ijtimoiy xayotining turli sohalarida adolatli, insonparvar islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Eng avvalo, ushbu islohotlarning huquqiy zaminini puxta ishlab chiqishga hamda uni davlat va jamiyat hayotida tadbiq etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, poydevori pishiq bo‘lgan imorat asrlar osha bo‘ycho‘zib turganidek, puxta huquqiy zaminga ega islohotlar ham yuz yillab jamiyat xayotida, insonlar xayotida ijobiy o‘zgarishlarga, farovonlik va taraqqiyotga xizmat qiladi.
Xususan, mamlakatimiz milliy saylov tizimi va uning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish, saylov qonunchiligiga xalqimizning milliy qadriyatlarimizga va umuminsoniy prinsiplarga mos bo‘lgan xohish-irodasini yanada kengroq singdirish, o‘tgan saylovlarda xalqaro kuzatuvchilar tomonidan berilgan maqbul tavsiyalarni milliy qonunchilik va amaliyotga tatbiq etish kabi dolzarb masalalar soha mutasaddilarining doimiy diqqat markazida. Zero, demokratiyaning muhim va zarur shartlaridan biri saylov jarayonini xalqaro saylov standartlariga to‘la javob beradigan milliy saylov qonunchiligiga muvofiq ochiq-oshkora, shaffof, adolatli tashkil etish va o‘tkazish hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga muvofiq jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda mamlakatimiz fuqarolari bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega ekanliklari belgilangan bo‘lib, amaliyotda bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish orqali ta’minlanadi. Davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etishning muhim shartlaridan biri – bu qonuniylik, tenglik, adolatlilik, oshkoralik, davriylik prinsiplari asosida o‘tkaziladigan saylovlar hamda ushbu saylovlarda ishtirok etadigan saylovchilarning o‘z hoxish-irodasini erkin ifoda etish huquqidir.
2021 yil 8 fevralda qabul qilingan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarimiz saylov huquqlarining kafolatini yanada mustahkamlash, shuningdek milliy saylov qonunchiligini xalqaro saylov standartlariga yanada yaqinlashtirish, ilg‘or xorijiy davlatlar saylov amaliyotiga uyg‘unlashtirish, o‘tgan saylovlarda kuzatilgan ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, mamlakatimizning siyosiy nufuzini yanada yuksaltirish hamda xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yanada yaxshilashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
Ushbu qonunga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi, “Referendum yakunlari hamda davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy prinsiplari to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy Qonun, “Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi Qonun hamda O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ma’lumki, Konstitusiyamizning 117-moddasiga muvofiq, Prezident saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va mahalliy vakillik organlariga saylovlar tegishincha ularning konstitusiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – dekabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkazilar edi. Qonundagi yangi o‘zgartirishga muvofiq mamlakatimizda saylovlarni o‘tkazish muddati oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasiga ko‘chirilmoqda. Buning bir qator sabablari bor:
Birinchidan, uzoq yillardan buyon saylovlarni yilning boshqa mavsumiga, iliq kunlarga o‘tkazish masalasi muhokamalar markazida bo‘lgan. Qolaversa, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2020 yil fevral oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrining markazlarida saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga mas’ul bo‘lgan davlat va nodavlat tashkilotlari, siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyati institutlari, saylov komissiyalari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatlarining ishtirokchilari tomonidan ushbu masalada bildirilgan eng ko‘p taklif saylovlar muddatini aynan oktyabr oyiga o‘tkazish taklifi bo‘ldi. Shuningdek, komissiyaga OAV orqali, xususan ijtimoiy tarmoqlar va ijtimoiy so‘rovlar orqali fuqarolarimiz tomonidan bildirilgan takliflarning yetmish foizidan ortig‘ida ham aynan ushbu taklif qo‘llab-quvvatlandi. Demak, saylovlarni dekabr oyidan – oktyabr oyiga ko‘chirishning tashabbuskori birinchi navbatda O‘zbekiston fuqarolari, saylovchilarimizning xohish-istaklari desak, ayni haqiqat bo‘ladi.
Ikkinchidan, qonun loyihasi parlament palatalari tomonidan ko‘rib chiqilishi jarayonida 20ga yaqin xorijiy davlatlarning qonunchiligi va bu boradagi tajribasi o‘rganildi. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, asosan iqlimi issiq bo‘lgan janubiy yarim shar davlatlari, masalan, Gana, Misr, Nigeriya, JAR, Jazoir, Venesuela, Dominika, San Marinoda saylovlar dekabr oyida o‘tkazilar ekan, AQSH, Shveysariya, Ispaniya, Urugvay, Chili, Bosniya, Rossiya, Belarusiya, Iordaniya, Moldova kabi davlatlarda esa saylovlar sentyabr-noyabr oylarida bo‘lib o‘tadi. Bundan ko‘rish mumkinki, saylovlarni o‘tkazish muddatining kuz fasliga (oktyabr oyiga) ko‘chirilishi xorijiy davlatlar tajribasida o‘zini har jihatdan oqlagan va sinovdan o‘tgan ijobiy tajriba hisoblanadi.
Uchinchidan, ma’lumki Parlament va mahalliy kengashlar deputatlari saylovidan keyin mamlakatimizda Oliy Majlis Senatiga saylovlar o‘tkaziladi, ijro hokimiyati, ya’ni Vazirlar mahkamasi yangidan shakllantiriladi, hududlarda hokimlar nomzodi xalq deputatlari kengashlarining sessiyalarida muhokama qilinib, yangidan tasdiqlanadi. Mamlakat Prezidentining Oliy Majlisga hamda O‘zbekiston xalqiga murojaatnomasi taqdim etiladi. Xalqimiz yangi yil bayramlari og‘ushida bo‘ladi. Demak, saylovlardan keyin oliy va mahalliy davlat hokimiyati organlarini o‘z vaqtida shakllantirish, to‘laqonli shaklda ishlarini rejalashtirishi va muhim siyosiy-huquqiy qarorlarni qabul qilish uchun tegishli zamin yaratiladi. Shuningdek, noqulay ob-havo sharoitlarida fuqarolarning saylovlardagi ishtiroki kamayib ketishi kabi salbiy holatlarning oldi olinadi. Shu tariqa saylovchilar va kuzatuvchilar uchun qulay sharoit vujudga keladi.
To‘rtinchidan, barchamizga ma’lumki saylov jarayoni mashaqqatli mehnat va tashkiliy ishlarni amalga oshirishni talab etadi. Dekabr oyida havoning sovuq bo‘lishi ushbu vazifalarni bajarishga mas’ul bo‘lgan shaxslarning faoliyatida murakkablik tug‘diradi. Saylovlarni ancha moʻtadil bo‘lgan kuz oylarida o‘tkazilishi esa barcha fuqarolar, saylov tashkilotchilari va ishtirokchilari hamda mahalliy va xorijiy kuzatuvchilar uchun qulaylik tug‘diradi. Saylovga jalb qilingan shaxslar tomonidan o‘z ishlarini sifatli va sidqidildan amalga oshirilishiga xizmat qiladi. Asosiy maqsad ham mazkur siyosiy jarayonni yuqori saviyada, a’lo kayfiyatda tashkil etish va o‘tkazish, fuqarolar saylov huquqlarining kafolatini kengaytirish albatta. Shu boisdan ham saylovlarni o‘tkazish muddatining oktyabr oyiga ko‘chirilishi xalqimiz tomonidan ijobiy baholanib, qo‘llab-quvvatlanayotganligini kuzatish mumkin.
Saylov kodeksiga kiritilayotgan o‘zgarishga muvofiq xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilib, ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanmoqda. O‘tgan saylovlardagi tahlillar shuni ko‘rsatdiki, xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi har bir okrug saylov komissiyasi ko‘pi bilan 3 ta (ayrim hollarda bitta) saylov uchastkasi doirasida faoliyat yuritib, bir necha yillardan beri samarasiz faoliyat yuritib kelgan. Natijada, tegishli tuman (shahar) va okrug saylov komissiyalari bir-birining vazifalarini takrorlashiga to‘g‘ri kelgan. Shuningdek, bu saylov tuzulmasi uchun Davlat byudjetidan qo‘shimcha xarajatlar qilingan. Ushbu institutning tugatilishi natijasida 54 mingdan ziyod a’zodan iborat 5 ming 750 ga yaqin okrug saylov komissiyasini tashkil etishga xojat qolmaydi, ularni joylashtirish uchun ajratilgan shuncha binoga ehtiyoj tug‘ilmaydi, inson resurslari tejaladi, saylov kampaniyasini tashkil etishga jalb etilgan insonlar orasida ovoragarchilikka chek qo‘yiladi hamda 33 milliard so‘mdan ortiq davlat byudjeti mablag‘lari tejaladi.
Yana bir muhim o‘zgarish – bu xorijda istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini, diplomatik vakolatxonalarning konsullik hisobida turish-turmasligidan qat’i nazar, o‘sha joylarda tashkil etilgan saylov uchastkalaridagi saylovchilar ro‘yxatiga kiritish tartibi, shuningdek, saylov uchastkasidan tashqarida, chet davlatlarda gavjum holda yashayotgan yoki ishlayotgan fuqarolarimiz turgan joylarida ovoz berishlarini ko‘chma saylov qutilari orqali sayyor o‘tkazishning huquqiy asosi yaratilmoqda. Mazkur amaliyot Markaziy saylov komissiyasining qaroriga asosan 2019 yilda o‘tkazilgan Parlament saylovlarida ilk bor tajribadan o‘tkazildi. Xususan, Rossiya, Janubiy Koreya va Qozog‘istonda bo‘lib turgan 90 mingdan ortiq O‘zbekiston fuqarolari saylov uchastkasi joylashgan binodan tashqarida, ya’ni saylovchi-fuqarolarimiz gavjum yashaydigan yoki ishlaydigan joylarda ko‘chma qutilari bilan sayyor tarzda tashkil etilgan muddatidan oldin ovoz berish jarayonida ishtirok etdilar. Bu tajriba amaliyotda o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatganligi, fuqarolarimiz qayerda bo‘lishidan qat’iy nazar davlat tomonidan himoya qilinishi, huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari ta’minlanganligi va xalqaro hamjamiyatning ijobiy e’tirofiga sabab bo‘lganligi munosabati bilan, ushbu tartib Saylov kodeksiga kiritildi.
Navbatdagi o‘zgarish, okrug va uchatka saylov komissiyalarining o‘zlariga xos bo‘lmagan nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarini tashkil etishga ko‘maklashish, saylovchilarni uchrashuv tashkil etiladigan joy va vaqt haqida ogohlantirishga oid vazifasi bekor qilindi. Chunki, saylov kodeksiga muvofiq nomzod ko‘rsatish vakolatiga faqat siyosiy partiyalar ega. Saylovchilar bilan uchrashuvlar, tashviqot tadbirlarini o‘tkazish orqali o‘z dasturlarini tanishtirish hamda nomzodlari uchun ko‘proq saylovchilarning ovozlariga erishishdan siyosiy partiyalar va ularning nomzodlari manfaatdor. Bu jarayonga saylov komissiyalarining aloqasi yo‘q, lekin shunday bo‘lsada amalda saylov komissiyalari zimmasiga o‘zlariga xos bo‘lmagan vazifa yuklatilib kelingan. Endilikda saylov qonunchiligidagi ushbu kamchilik ham bartaraf etildi.
Qonundagi yangiliklardan yana biri, siyosiy partiyalarning saylovda ishtirok etishi va moliyaviy ta’minlanishi yuzasidan shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, unga ko‘ra siyosiy partiyaning saylovda ishtirok etishini moliyalashtirish uchun ajratilgan davlat mablag‘lari yuzasidan saylov kuniga qadar oraliq hisobotini va saylov natijalari e’lon qilinganidan keyin yakuniy hisobotini Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etishi hamda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan siyosiy partiyalarning moliyaviy faoliyatini tekshirish natijalari ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinishi belgilandi.
Saylov kodeksi yangi 27-prim modda bilan to‘ldirildi. Unga ko‘ra, chet davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan uchastka saylov komissiyasiga yozma shaklda yoxud O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy veb-sayti orqali elektron shaklda o‘zlarini saylovchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida saylovga o‘n besh kun qolgunga qadar murojaat qilishi mumkinligi belgilandi. Ilgari bunday amaliyot bo‘lmagan. Chet davlatlarda bo‘lib turgan fuqarolar O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalarida konsullik hisobida turgan bo‘lsagina, saylov uchastkasiga shaxsan kelib, u joyda tuzilgan saylov uchastkalari saylovchilari ro‘yxatiga kiritilgan. 2019 yilda Markaziy saylov komissiyasining qaroriga asosan bu amaliyot ham tajriba tariqasida sinovdan o‘tdi. Xorijda istiqomad qilayotgan fuqarolarimizning e’tirofiga sazovor bo‘ldi. Shu bois, ushbu norma Saylov kodeksida mustahkamlandi.
Qonundagi boshqa yangiliklarga qisqacha to‘xtalib o‘tadigan bo‘lsak, Saylovoldi tashviqoti davrida davlat resurslaridan foydalanish taqiqlanmoqda. Masalan, davlat xizmatchilariga, agar ular ishonchli vakil bo‘lmasa, shuningdek, harbiy xizmatchilarga, diniy tashkilotlar xizmatchilariga, sudyalarga saylovoldi tashviqotini olib borish taqiqlandi;
Qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida, harbiy qismlarda tashkil etilgan saylov uchastkalarini kuzatuvchilar o‘z tashrifi haqida kamida 3 kun oldin xabardor qilishi tartibi belgilandi;
“Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida”gi Qonun Saylov kodeksi bilan muvofiqlashtirilib, parlament va mahalliy vakillik organlariga saylovlar bilan teng ravishda Prezident saylovini ham davlat tomonidan moliyalashtirish tartibi belgilandi;
Saylov natijalarini e’lon qilish muddatlari asossiz cho‘zilishining oldini olish maqsadida saylov komissiyalari qarorlari ustidan shikoyat qilish muddati 10 kundan 5 kunga qadar qisqartirildi.
Saylov qonunchiligini demokratlashtirishga qaratilgan ushbu yangiliklar milliy saylov qonunchiligimizni umume’tirof etilgan xalqaro saylov standartlariga yanada muvofiqlashtiradi, saylov jarayonlari ochiq va oshkora o‘tishini ta’minlashga xizmat qiladi, fuqarolarning saylovlardagi ishtiroki kamayib ketishi kabi salbiy holatlarning oldi olinadi hamda kuzatuvchilar va saylovchilar uchun qulay sharoit yaratiladi, saylovlardan keyin davlat hokimiyati organlarini o‘z muddatida shakllantirish va muhim siyosiy qarorlarni qabul qilish uchun yetarlicha imkoniyat bo‘ladi, qolaversa O‘zbekistonning jahon mamlakatlari demokratiya indeksidagi o‘rni yaxshilanishi ta’minlanadi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston o‘z taraqqiyotini insonparvarlik tamoyillariga asoslangan demokratik huquqiy davlat qurishda ko‘rmoqda, bu hech kimga sir emas. Shunday ekan, demokratik jarayonlar ichida eng muhimi hisoblangan saylovlarni faqat qonun doirasida amalga oshirilishini ta’minlash va unda faol ishtirok etish muhim ahamiyatga ega. Saylovlarni xalqaro hamjamiyat tan olgan huquq normalari va milliy qonunchiligimizga asosan tashkil etish va o‘tkazish uzoq yillar davomida mamlakatimizni siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan barqaror rivojlantirishga xizmat qiladi.
Xudoyor Mamatov
Markaziy saylov komissiyasi kotibi, yuridik fanlar doktori, professor
«Zarafshon» gazetasining
2021 yil 25 fevral kungi 23 (23,459)-soni