Yurtimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarning eng muhim afzalliklaridan bir shundaki, nafaqat qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, balki mavjud muammo va kamchiliklar ham baralla aytilib, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilab olinmoqda.
Kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 dekabrda parlamentga Murojaatnomasida o‘tgan saylovlar tajribasidan kelib chiqib, shuningdek, xalqaro kuzatuvchilarning saylov jarayonlari haqidagi xolis fikrlari va ma’qbul tavsiyalarini inobatga olib, saylov komissiyalari va aholining saylov madaniyatini yanada yuksaltirish, siyosiy partiyalarning o‘z elektorati bilan ishlash tizimini takomillashtirish, partiyalarning siyosiy faolligini oshirish muhim masalalar sirasidan ekanligi alohida ta’kidlangan edi.
Bunda o‘tgan saylovlarda orttirilgan katta amaliy va huquqiy tajriba, shuningdek milliy va xalqaro kuzatuvchilar tomonidan bildirilgan tavsiyalar saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirishda muhim o‘rin tutadi.
Shu jihatdan olib qaralganda, 2019 yili bo‘lib o‘tgan saylovlar natijalarining tahlili saylov kampaniyasi davrida joylarda ayrim kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani, hal etilishi lozim bo‘lgan muammolar mavjudligini ham ko‘rsatdi. Saylov komissiyalari va aholining saylov madaniyatini yanada yuksaltirish, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati tizimi bilan ishlashni izchil takomillashtirish, mahalliy kengashlarga saylov o‘tkazishning uch pog‘onali tizimini optimallashtirish, tuman va shahar saylov komissiyalarining rolini oshirish ana shunday masalalar jumlasidan.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan ushbu natijalar atroflicha tahlil qilinib, saylov qonunchiligi va amaliyotini yanada takomillashtirish yuzasidan tizimli ishlar amalga oshirmoqda. Bunda saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda erishilgan yutuqlar, kamchiliklar va duch kelingan muammolar chuqur va tanqidiy tahlil qilinib, kelgusida saylovlarni yanada samarali tashkil etish bo‘yicha zarur vazifalar belgilab olindi.
Aytish kerakki, Saylov kodeksi asosida “Yangi O‘zbekiston - yangi saylovlar” shiori ostida tashkil etilgan saylovlar ko‘ppartiyaviylik va muqobillik, oshkoralik va transparentlik tamoyillari asosida, erkin raqobat, siyosiy partiyalar o‘rtasidagi qizg‘in tortishuv va bahs-munozaralar muhitida, umume’tirof etilgan demokratik standartlarga mos tarzda o‘tkazilgani xalqaro kuzatuvchilar tomonidan ham keng e’tirof etildi.
Bunday e’tirofga erishish oson bo‘lgani yo‘q, albatta. Ayni paytda, erishilgan yutuqlarni mustahkamlab, yangi marralar sari intilish – davr taqozosi. Joriy yilning 8 fevral kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun fuqarolarning saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada kengaytirish, milliy saylov tizimini takomillashtirish, saylovlarda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflikni ta’minlashdek ezgu maqsadlarga erishishda muhim omil bo‘ladi.
Saylov qonunchiligiga kiritilgan yangi o‘zgartishlarni puxta bilish hammamizning burchimiz. Zero, qonunni bilmasdan, unga itoat etmasdan, kishi o‘z haq-huquqi, burchi va majburiyatlariga amal qilishi mushkul. Shu o‘rinda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, jumladan, mahalalar ahli – saylovchilar o‘rtasida saylov qonunchiligi va amaliyotidagi muhim o‘zgartishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng targ‘ib qilish alohida o‘rin tutishini ta’kidlash joiz. Zero, Vatan mahalladan boshlanadi, degan naql bejiz aytilmagan. Saylovlar jarayonida saylov uchastkalarining ko‘pchilik qismi mahallalarda tashkil etiladi va faoliyat olib boradi.
Okrug saylov komissiyalari o‘zini oqlamadimi?
Joylarda o‘tkazilgan davra suhbatlarida ilgari surilgan bir fikr yangi qonunda o‘z ifodasini topgani meni juda quvontirdi. Ya’ni Saylov kodeksiga kiritilgan o‘zgartishlarga ko‘ra, jumladan, Xalq deputatlari tuman, shahar (Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi bundan mustasno) Kengashiga saylov o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyalari tuzish amaliyotidan endilikda voz kechiladi. Buning sababi saylov amaliyotida aniq bo‘ldi: mazkur institut o‘zini oqlamadi. Bunday okruglar komissiyalariga qarashli hududdagi uchastka saylov komissiyalari 1-3tani tashkil etardi. Taqqoslash uchun, Parlament deputatlari saylanadigan okruglarning har biriga esa yuztagacha uchastka saylov komissiyasi to‘g‘ri keladi.
Xalq deputatlari tuman (shahar) kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalarining optimallashtirilishi natijasida 54 mingdan ortiq a’zodan iborat 5739 ta okrug saylov komissiyasi endi tuzilmaydi. Bunday maqbullashtirish ortiqcha vaqt, mehnat va inson resurlarini jalb qilish tashvishiga chek qo‘yish bilan birga, ma’lumotlarga qaraganda, davlat byudjetining 33 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ini tejash imkonini ham beradi.
Shuningdek, Xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari instituti tugatilishi va ularning vakolatlari tuman (shahar) saylov komissiyalari zimmasiga yuklanishi munosabati bilan tuman, shahar saylov komissiyalari tarkibi 21 nafar a’zogacha kengaytiriladi.
2019 yili o‘tkazilgan saylovlar jarayonida mazkur yo‘nalishda saylov qonunchiligini takomillashtirish bilan bog‘liq qator vazifalar mavjudligi ma’lum bo‘ldi. Saylov kodeksining 25-moddasida “uchastka saylov komissiyasi a’zolarining yarmidan ko‘pi bitta tashkilotdan tavsiya etilishi mumkin emas”, deb qayd etilgan. Ammo shifoxonalar, dam olish uylari, harbiy qismlar, mamlakatimizning chet ellardagi diplomatik vakolatxonalari kabi muassasalarda, ularning qat’iy ichki tartib qoidalari talablaridan kelib chiqqanda, saylov uchastkasi a’zolarini bunday tartibda tuzish qiyin. Shuni e’tiborga olib, yangi qonunga binoan, mazkur muassasalarda tashkil etilgan uchastka saylov komissiyalari mustasno ekani belgilab qo‘yildi.
Endigi vazifa yaratilayotgan ana shunday keng ko‘lamli imkoniyat va qulayliklarning qadriga yetib, joriy yilda davlatimiz va xalqimiz oldida turgan muhim siyosiy tadbir – Prezident saylovlarini katta uyushqoqlik va yuksak saviyada o‘takzishdan iborat.
Suyarjon QURBONQULOV,
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy
saylov komissiyasining a’zosi.
Manba: “Mahalla” gazetasi, 2021 yil 24 fevral, 8 (1990) son.