• eye Maxsus imkoniyatlar
Xayrullo Bozorov va Manzura Salimova Oliy Majlis Senati a’zosi etib saylandilar
27.02.2021
1498
Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyida xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari saylovi bo‘yicha qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Farg‘ona shahridagi Islom Karimov nomidagi viloyat teatr-konsert saroyida xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman kengashlarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari saylovi bo‘yicha qo‘shma majlisi bo‘lib o‘tdi.

Markaziy saylov komissiyasining shu yil 23 fevraldagi qaroriga asosan, o‘tkazilayotgan majlis ishida Farg‘ona viloyatidagi xalq deputatlari viloyat, tumanlar va shaharlar Kengashlarining 603 nafar deputatlari, davlat va jamoat tashkilotlari hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Majlis kun tartibidan Farg‘ona viloyati bo‘yicha bo‘shab qolgan ikkita o‘ringa Oliy Majlis Senati a’zolarini saylash masalasi o‘rin oldi. Majlisni Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari Bahrom Kuchkarov ochib berdi.

Shahar—tuman kengashlari deputatlaridan iborat maslahat kengashi qo‘shma majlis muhokamasiga  2-Mirzo Ulug‘bek saylov okrugi bo‘yicha xalq deputatlari viloyat kengashi deputati, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov nomzodini,  31-Quva saylov okrugi bo‘yicha viloyat kengashi deputati, viloyat ona va bola skrining markazi direktori Manzura Salimova nomzodini yashirin ovoz berish uchun byulletenga kiritish taklifi berildi. Mazkur taklif ma’qullangach yashirin ovoz berish jarayonlari bo‘lib o‘tdi.

Saylov yakunlaridan so‘ng, Sanoq komissiyasining hisoboti tinglandi. Unga ko‘ra, Xayrullo Bozorov hamda Manzura Salimova Oliy Majlis Senati a’zosi etib saylandilar. Deputatlar ovoz berish natijalarini tasdiqladi.

— Bildirilgan katta ishonch uchun minnatdorchilik bildiraman. Bor kuchim, g‘ayratim, bilimim bilan Farg‘ona viloyatiga, xalqimizga xizmat qilishga va’da beraman. Xalqimizda “Yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dong‘i chiqmas” degan maqol bor. Birlikda, hamjihatlikda ish olib borsak, viloyatimiz ahlini rozi qilamiz, xalqimiz oldida, Davlatimiz rahbari oldida yuzimiz yorug‘ bo‘ladi. Muhtaram Prezidentimiz bir necha kun oldin Farg‘onaga qilgan tashriflari chog‘ida viloyatimiz uchun katta marralarni belgilab berdilar. Bundan kelib chiqib ulkan maqsadlarni reja qilganmiz. 2021 yil barcha jabhada Farg‘ona yili bo‘ladi — dedi Xayrullo Bozorov.

 

Oliy Majlis Senati a’zolari saylovi bo‘yicha qo‘shma majlis o‘z ishini yakunladi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati