2021 yil 11 mart kuni MSK raisi Z.Nizamxodjayevning BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska bilan bilan onlayn uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda, shuningdek Saylovlarni o‘tkazish bo‘yicha katta maslahatchi G.Baratashvili, BMTTD bo‘lim rahbari K.Muxamedxanova, O‘zbekiston tomonidan MSK Kotibiyati rahbari X.Mamatov va MSK Kotibiyati xodimlari ishtirok etdi.
Uchrashuvning maqsadi - “2019-2021 yillarda O‘zbekistonda saylov jarayonini qo‘llab-quvvatlash” mavzusidagi hamkorlik loyihasi doirasida amalga oshiriladigan tadbirlar muhokamasidan iborat bo‘ldi.
M.Dimovska tashkil etilgan mazkur uchrashuvdan minnatdor ekanligini bildirar ekan, u hamkorlikda 2019 yilda parlament saylovlari arafasida amalgan oshirilgan ishlarning samaradorligi va 2020 yilda saylov sohasini isloh qilishda, YeXHT DIIHBning Yakuniy hisobotida qayd etilgan qator amaliy tavsiyalarni ro‘yobga chiqarish bo‘yicha bajarilgan ishlar haqida gapirib o‘tdi. Shuningdek, hamkorlikdagi loyiha BMTTD O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan saylovlar sohasiga yo‘naltirilgan ilk loyiha ekanligini qayd etdi. Shu bilan birga, bu yilgi prezidentlik saylovlariga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazishda ham BMTTD O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamkorlikni davom ettirishga, saylov sohasidagi tajribali xalqaro va xorijiy ekspertlarni jalb qilish, tajriba almashinuviga tayyor ekanligini bildirdi.
MSK raisi M.Dimovskaga bildirilgan fikrlar uchun o‘z minnatdorchiligini bildirar ekan so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda saylov tizimidagi o‘zgarishlar va amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan batafsil ma’lumot berib o‘tdi. Xususan, 2019 yil parlament saylovlarini tashkillashtirish va o‘tkazishda olib borilgan faoliyatni tanqidiy nuqtai nazardan o‘rgangan holda tahliliy axborot, mavjud muammolar hamda ularning yechimlari bo‘yicha takliflar keng jamoatchilikka e’lon qilinganligi ta’kidlandi.
Xalqaro tashkilotlar kuzatuvchilari missiyalarining tavsiyalarini inobatga olgan holda joriy yilning fevralida “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Ushbu hujjat bilan qator qonunlar va Konstitusiyaga, saylovlar o‘tkazish muddati, siyosiy partiyalar tomonidan saylovdan oldin oraliq va saylovdan so‘ng yakuniy moliyaviy hisobotlar taqdim etish, shuningdek, Hisob palatasining partiyalar faoliyatini tekshirish natijalarini e’lon qilish tartibiga doir va boshqa o‘zgartirishlar kiritilgani qayd etildi.
M.Dimovska saylov sohasida olib borilayotgan islohotlar shubhasiz o‘zining samarasini berayotgani, xususan 2019 yilgi parlament saylovlari davrida O‘zbekiston saylov tizimida qator ijobiy o‘zgarishlarda o‘z aksini topgani hamda buni YeXHT DIIHB ham o‘z Yakuniy hisobotida qayd etganini ta’kidladi.
G.Baratashvili pandemiyaga qaramay, o‘tgan vaqt mobaynida saylov islohotlari bo‘yicha hamkorlikda olib borilgan ishlarning natijadorligi, katta tajriba to‘planganini ta’kidlab, endilikda saylov ishtirokchilarining malakasini oshirish, ayollar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylovlardagi faolligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish kutilayotganligini aytib o‘tdi.
Tomonlar mazkur uchrashuv saylov sohasidagi tajriba alamshinuvi va hamkorlikni mustahkamlabgina qolmay balki oldinga qo‘yilgan maqsadlarning natijadorligini oshirishda ham katta ahamiyat ega ekanligini bildirib o‘tishdi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati