• eye Maxsus imkoniyatlar
O‘ZBEKISTON AYOLLARINING SIYOSIY HAYOTDAGI VA SAYLOV JARAYONLARIDAGI ISHTIROKI KENGAYMOQDA
17.04.2021
1821
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyeyev 2021 yil 22 fevralda har yili o‘tkaziladigan asosiy siyosiy tadbir - BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashining 46-sessiyasida, gender masalasiga to‘xtalar ekan, O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlarning ustuvor yo‘nalishlari va mamlakatimizning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi faoliyati haqida: «Biz gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qat’iy davom ettiramiz», — deb alohida ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyeyev 2021 yil 22 fevralda har yili o‘tkaziladigan asosiy siyosiy tadbir - BMT Inson huquqlari bo‘yicha Kengashining 46-sessiyasida, gender masalasiga to‘xtalar ekan, O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlarning ustuvor yo‘nalishlari va mamlakatimizning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi faoliyati haqida: «Biz gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qat’iy davom ettiramiz», — deb alohida ta’kidladi.

Eng muhim masalalardan biri

Jamiyat taraqqiyotini demokratlashtirish jarayonini ayollarning siyosiy hayotda faol ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.

O‘zbekistonda qonunchilik va davlat siyosati darajasida ayollar huquqlarini, shu jumladan siyosiy huquqlarini ta’minlash va himoya qilish mexanizmlari yaratildi.

Inson huquqlarining asosiy standartlarini belgilaydigan xalqaro huquqiy hujjatlarning qoidalarini amalga oshirish uchun, O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 18-moddasida erkak va ayollarning qonun oldida tengligi mustahkamlangan, huquq va erkinliklarni amalga oshirishda gender nuqtai nazaridan kamsitishlarni va ularning cheklanishini taqiqlaydi. Mamlakatimiz Asosiy Qonuniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga egadirlar. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda tashkil etish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini rivojlantirish va takomillashtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasi qoidalarining mantiqiy davomi saylov qonunchiligida o‘z aksini topgan.

Xususan, Saylov kodeksi va “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi qonunda ovoz berish kuni 18 yoshga to‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan saylov harakatlarida, shuningdek, referendumga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha boshqa jarayonlarda qatnashish huquqiga ega ekanligi mustahkamlangan. Shu bilan birga, qonunda belgilanganidek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi kelib chiqishi, ijtimoiy va mulkiy mavqei, irqiy va milliy mansubligi, jinsi, ma’lumoti, tili, dinga munosabati, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’iy nazar saylash va referendumda ishtirok etish huquqiga ega. Ko‘rinib turibdiki,  mamlakatimizda xotin-qizlarning saylov jarayonidagi ishtiroki, huquqiy tartibga solish nuqtai nazaridan, erkaklar ishtirokidan farq qilmaydi.

O‘zbekiston Respublikasining “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni ayollar va erkaklar hokimiyatning vakillik organlariga saylanishida, shuningdek siyosiy partiyalardan nomzodlar ko‘rsatilishida teng huquq va imkoniyatlar bilan ta’minlanishini belgilaydi.

Hech qanday cheklovlar yo‘q

O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi xotin-qizlarning saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning barcha bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatlarini yanada kengaytirishda muhim omil bo‘layotir.

Kodeksga muvofiq, ayollar siyosiy qarorlarni qabul qilishda ovoz berish va saylanish orqali amalda ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Ayollarning saylovlardagi ishtiroki ularning davlat boshqaruvi organlaridagi vakilligini ta’minlash imkoniyatini beradi.

Ayollarning saylovlarda nomzod sifatida ishtirok etishi, saylovoldi tashviqotini olib borishi va hokimiyatning vakillik organlariga saylanishi uchun hech qanday cheklovlar mavjud emas.

Shu bilan birga, qonunda belgilangan partiyalar tomonidan ko‘rsatilgan nomzodlarning umumiy sonidan 30 foizi ayollar bo‘lishi lozimligi haqidagi talab O‘zbekistonda xotin-qizlarning saylov jarayonidagi ishtirokining qo‘shimcha kafolati hisoblanadi.

Bu ayollarning deputatlikka nomzod bo‘lishi uchun katta imkoniyat yaratilishida katta ahamiyat kasb etadi. Bu ularning huquqlari va manfaatlarini siyosiy darajada himoya qilishga yordam beradi.

Gender kvotasining izchil qo‘llanilishi 2019 yilgi parlament saylovlarida o‘z natijalarini berdi. O‘zbekiston tarixida birinchi marta Qonunchilik palatasiga saylangan deputatlar umumiy sonining 32 foizini, Senat tarkibining esa  25 foizini ayollar  tashkil etdi. Milliy parlamentdagi ayollar soni BMT tavsiyalarida belgilangan darajaga yetdi.

Islohotlarning yuksak samaralari

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yili Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimda: “Bugungi kunda keng ko‘lamli demokratik islohotlarimiz natijasida ayollarimizning siyosiy-ijtimoiy jarayonlardagi ishtiroki tobora kuchayib bormoqda. Buni o‘tgan yil dekabr oyida mamlakatimiz parlamenti va mahalliy kengashlarga bo‘lib o‘tgan saylovlar yana bir bor tasdiqladi” -  deb ta’kidladi.

Qayd etilganidek, O‘zbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Mamlakatimiz parlamenti ayol deputatlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 milliy parlament o‘rtasida 37-o‘ringa ko‘tarildi. Bundan 5 yil avval O‘zbekiston ushbu reytingda 128-o‘rinni egallab turgan edi.

“Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to‘g‘risida”gi qonun saylovlarni boshqarish organlarida ham gender muvozanatiga rioya qilishni talab qiladi. Saylov organlarida, barcha darajadagi saylov komissiyalarida ayollar soni oshdi. 2019 yilda Markaziy saylov komissiyasining tarkibidagi o‘zgarishlar natijasida ayollar sonining 19 foizdan 33 foizgacha ko‘payishi kuzatildi.

Jamiyatning eng faol, obro‘li xotin-qizlari mahalla fuqarolar yig‘inlari, kasaba uyushmalari, nogironlar jamiyatlari, faxriylar tashkilotlarining vakillari sifatida uchastka saylov komissiyasiga a’zo bo‘lish imkoniyati yanada kengaydi. Shuningdek, ular saylovlarda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari kuzatuvchilari sifatida qatnashadilar.

Shunday qilib, 2019 yilgi saylov kampaniyasi davrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarini saylash bo‘yicha saylov komissiyalarida ayollarning soni ortdi, ayollar okrug va uchastka saylov komissiyalari tarkibining mos rovaishda 46 va 49 foizini tashkil etdi.

Xalqaro e’tirof

O‘zbekiston ayollarining siyosiy jarayonlardagi roli oshirilganligi va ularning 2019 yilgi saylov kampaniyasidagi ishtiroki kengaytirilganligi xalqaro miqyosda ham keng e’tirof etilmoqda.

YeXHT DIIHB Kuzatuvchilar missiyasining 2019 yilgi parlament saylovlari bo‘yicha Yakuniy hisobotida, jumladan quyidagilar ijobiy baholangan:

har bir partiya tomonidan nomzodlar ko‘rsatishda gender kvotasiga amal qilindi. Barcha partiyalar tomonidan jami 310 nafar ayol nomzod ko‘rsatildi (41 foiz);

Qonunchilik palatasi tarkibida ayollar sonining ortgani (16 foizga). Yangi parlamentdagi ayollar soni ikki baravarga ko‘paygani (48 ayol yoki 32 foiz);

 

saylov organlarda ayollar sonining ortgani. 2019 yilda Markaziy saylov komissiyasining ayol a’zolari soni 3 nafardan 7 kishiga oshdi. Uchastka saylov komissiyalari a’zolarining yarmini ayollar tashkil etdi.

Shuni ta’kidlash joizki, 2020 yil dekabrda Toshkent shahrida xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirokida  “O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning roli” mavzusida birinchi Forum bo‘lib o‘tdi. Uning amaliy ahamiyati yuqoriligi shundaki, u bizning jamiyatimizda iqtisodiy taraqqiyot, demokratik rivojlanish va barqarorlikning asosiy sharti bo‘lgan ayollarning siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy vazifalarni hal qilishdagi faol ishtirokining butun  majmuasini ochiq muhokama qilish uchun ajoyib imkoniyat yaratdi.

Ishlar izchil davom etmoqda

O‘zbekistonning siyosiy hayotida ayollarning teng ishtirok etishiga erishishning muhim vazifalaridan biri - xabardorlikni oshirish, xotin-qizlarning siyosiy jarayonlarda ishtirok etishi ahamiyati haqidagi tushunchalarini kengaytirish maqsadida ayollar va erkaklar ta’limini olib borish, milliy qonunchilik, Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi konvensiya, Pekin Harakatlar platformasi va BMT Ming yillik rivojlanish maqsadlarini o‘z ichiga olgan gender tengligi sohasidagi xalqaro va milliy majburiyatlar va bitimlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni keng yoyishdan iborat.

Bundan tashqari, amaliy va ilg‘or tajribani almashish orqali ayollarning siyosiy faolligini oshirish maqsadida mavjud xotin-qizlar tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va ilmiy hamjamiyatni kuchaytirish kabi tadbirlar muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, ommaviy axborot vositalarida ayollar va erkaklarning ham nomzodlar sifatida, ham siyosiy arboblar sifatida faoliyatini yoritishda ularning teng ishtirokini ta’minlash ham shunday muhim vazifalardandir.

Darhaqiqat,  so‘nggi yillarda O‘zbekistonda gender tengligini, ayollarning mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasidagi ishtirokini ta’minlash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Bu boradagi ishlar sobitqadamlik bilan davom ettirilmoqda.

 

Gulnoza RAHIMOVA,

O‘zbekiston Respublikasi

Markaziy saylov komissiyasining

doimiy asosda ishlovchi a’zosi.