O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi, O‘zbekiston Qahramoni Zayniddin NIZOMXO‘JAYEV bilan “Yangi O‘zbekiston” – “Pravda Vostoka” gazetalari bosh muharriri Salim DONIYOROV suhbati.
-Zayniddin Mahamatovich, avvalo, Markaziy saylov komissiyasida ish qizg‘in tus olayotgan shu kunlarda ushbu muloqotga vaqt ajratganingiz uchun gazetxonlarimiz nomidan bildirayotgan samimiy minnatdorligimizni qabul qiling.
- Rahmat! Ishimiz kundan kunga qizib borayotgani to‘g‘ri. Bu – tabiiy. Shunday bo‘lishi kerak ham. Chunki, davlatimiz rahbarining 2020 yil 29 dekabr kuni Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ta’kidlanganidek, joriy yilda davlatimiz va xalqimiz hayotida katta siyosiy voqea – Prezident saylovi bo‘lib o‘tadi.
Bo‘lajak saylovni milliy saylov qonunchiligi va umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish Markaziy saylov komissiyasi oldida turgan eng muhim vazifadir.
Komissiyaning shu yil 14 aprel kuni bo‘lib o‘tgan majlisi ana shu yirik siyosiy tadbirga tayyorgarlik ko‘rish masalalariga bag‘ishlandi va uni jurnalistlar va blogerlar ham bevosita kuzatib bordi.
Zero, ommaviy axborot vositalari vakillari bilan doimiy muloqot barcha darajadagi saylov komissiyalari rahbarlari va a’zolarining burchi, vazifasi ekanligi ma’lum. Saylovni ochiq, oshkora va adolatli o‘tkazishning muhim shartlaridan biri ham, aslida, shu. Bu - O‘zbekiston milliy saylov tizimida mustahkam qaror topgan eng muhim ish prisiplaridan biridir.
Yuksak tafakkur, yuksak ishonch,
yuksak taraqqiyot
-Markaziy saylov komissiyasining Siz qayd etgan o‘sha majlisida bo‘lajak saylovga tayyorgarlik yuzasidan tasdiqlangan hujjatlar va ularning muhokamasi jarayonida aytilgan fikrlar keng jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Erinmasdan sanadim, o‘sha kunlari mamlakatimizdagi va xorijdagi yuzga yaqin ommaviy axborot vositalarida hamda ijtimoiy tarmoqlarda ushbu tadbir tezkorlik bilan va batafsil yoritildi. Sharhlar, suhbatlar va muhokamalar esa davom etmoqda...
- Bu - Prezident sayloviga nafaqat mamlakatimizda, xorijda ham qiziqish tobora ortayotganidan yana bir yorqin dalolatdir. Chunki ilg‘or demokratik tamoyillar mustahkam qaror topib borayotgan yangi O‘zbekistonda qonun ustivorligini va inson huquqlarini, jumladan, fuqarolarning saylov huquqini amalda keng ta’minlashga qaratilgan buyuk o‘zgarishlarni jahon hamjamiyati ulkan qiziqish va hayrixohlik bilan kuzatib turibdi.
Prezident saylovi yuksak siyosiy tafakkur mahsuli - mamlakatimizni rivojlantirishning beshta muhim ustivor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z ifodasini topgan ilg‘or demokratik g‘oyalar ro‘yobining, O‘zbekistonning yuksak taraqqiyotiga xalqimiz bildiradigan qat’iy ishonchning amaldagi yana bir yorqin ifodasi bo‘ladi.
Saylovga tayyorgarlik jamiyatni demokratlashtirish jarayonlari tobora kengayib, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarining roli yuksalib borayotgan hamda milliy saylov tizimini modernizasiya qilish ishlari jadallashgan sharoitda amalga oshirilmoqda.
Ishonch bilan aytishimiz mumkinki, o‘z oldiga mamlakat taraqqiyotini yangi, yanada yuqori bosqichiga ko‘tarishdek buyuk maqsadni qo‘ygan yangi O‘zbekistonda Prezident saylovi bu yil yangi milliy saylov qonunchiligi, umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos, demokratik tamoyillar asosida va butunlay yangi sharoitda o‘tadi.
Buning uchun O‘zbekistonda barcha huquqiy asoslar va keng imkoniyatlar yaratilgan: umume’tirof etilgan asosiy xalqaro saylov standartlari va normalari implementasiya qilingan milliy saylov qonunchiligi ham, saylovlarni o‘tkazish borasida ko‘p yillik milliy tajriba ham, zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalari ham bor.
Eng muhimi, xalqaro ekspertlar e’tirof etganlaridek, O‘zbekiston rahbarining milliy an’analar va zamonaviy demokratiya g‘oyalariga ulkan sadoqati, kuchli siyosiy irodasi, katta donishmandlik bilan uzoqni ko‘zlab yuritayotgan aniq va dadil siyosiy yo‘li mavjud.
Markaziy saylov komissiyasining 14 apreldagi majlisida ko‘rib chiqilgan masalalar haqida so‘z yuritishdan avval, yuqoridagi fikrlarimizning davomi sifatida, bir yirik hujjatga alohida to‘xtalib o‘tishimiz zarur, deb o‘ylayman.
Bu – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylov huquqi kafolatlarini, davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini yanada keng ta’minlashda muhim ahamiyatga ega hujjat - shu yil 8 fevral kuni imzolangan “Saylov qonunchiligi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun. Ushbu qonunning qabul qilinishida o‘tgan yillarda orttirilgan milliy tajriba hamda xalqaro kuzatuvchilar va xalqaro tashkilotlar, xususan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining maqbul tavsiyalari inobatga olingan.
Milliy saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlarga binoan, endi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlari saylovi ularning konstitusiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi.
Shu bois oktyabr oyida o‘tadigan saylovga tayyorgarlik ko‘rishning dastlabki bosqichi, ya’ni saylov kampaniyasi e’lon qilingunga qadar bo‘lgan davrda, zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlarni yaratish barcha saylov tashkilotchilari zimmasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.
Markaziy saylov komissiyasining 14 aprel kungi majlisida qabul qilingan barcha hujjatlar orasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi alohida o‘rin tutadi.
Tizimli va o‘z vaqtida
-Mazkur dasturda belgilangan vazifalarga batafsilroq to‘xtalib o‘tsangiz. Qolaversa, majlisda saylovga oid boshqa hujjatlar ham tasdiqlangan edi.
- Besh bo‘limdan iborat Asosiy tadbirlar dasturidan ilk bor Saylov kodeksi asosida o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish borasida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda tizimli ravishda va qadamba-qadam amalga oshiriladigan ishlar batafsil ifodasini topgan. Bajariladigan vaziflarning ijro muddati va mas’ul ijrochilari aniq belgilangan.
Bular - saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini huquqiy va uslubiy jihatdan ta’minlash, saylov jarayoni tashkilotchilarini o‘rgatish
va malakasini oshirish, saylovga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq tashkiliy va moliyaviy, saylov jarayonida axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan foydalanish, saylov jarayoni davrida axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etish masalalariga oid tadbirlardir.
Markaziy saylov komissiyasining shu munosabat bilan tasdiqlangan va rasmiy elections.uz veb-saytida o‘sha kuniyoq e’lon qilingan qarorida bo‘lajak saylovga tayyorgarlik ko‘rishga oid eng muhim vazifalar belgilandi.
O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksi va saylovga doir boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning qoidalarini saylovchilarga keng tushuntirish, aholining saylov jarayonidan xabardorligini, saylovga ishonchini va daxldorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni samarali tashkil etish shular jumlasidandir.
yni paytda saylov tashkilotchilari tomonidan bo‘lajak saylovga mamlakatimiz hayotidagi eng muhim ijtimoiy-siyosiy voqea sifatida tayyorgarlik ko‘rish hamda saylovning milliy qonunchiligimiz va umume’tirof etilgan xalqaro demokratik tamoyillar asosida, yuksak saviyada tashkil etilishiga alohida e’tibor qaratiladi.
Ushbu muhim siyosiy kampaniyada yangi O‘zbekistonda saylovchilarning, barcha fuqarolarining siyosiy va huquqiy madaniyati, dunyoqarashi, fuqarolik pozisiyasi yuksalib borayotganini yana bir bor namoyon etishi uchun zarur tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratiladi.
Pedagogik malakaga ega yetuk mutaxassislarni keng jalb etgan holda, saylov komissiyalari a’zolari va tashkilotchilarining saylov qonunchiligi bo‘yicha bilimini oshirish, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish hamda saylov jarayoniga zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalarini joriy etishga doir ko‘nikmalarini tizimli tarzda mustahkamlash ham doimiy e’tibor qaratiladigan muhim masalalardandir.
O‘n marta eshitgandan - bir marta ko‘rgan afzal!
Shu maqsadda barcha okrug va uchastka saylov komissiyalarining a’zolari uchun seminar-treninglar, o‘quv mashg‘ulotlari, konferensiyalar, davra suhbatlari, onlayn muloqotlar o‘tkaziladi. Zarur risolalar, videoroliklar, ishchi daftari (qo‘llanmalar), infografik materiallar tayyorlanadi. Ma’ruzabozlikdan keskin voz kechilib, zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol usullarga e’tibor kuchaytiriladi. Zero, o‘n marta eshitgandan - bir marta ko‘rgan afzal, degan naqlda hikmat ko‘p.
Bunday materiallar Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytiga joylashtirilib, saylov komissiyalari a’zolariga onlayn bilim olish imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, “Call-markaz” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Mazkur markazga tushadigan savollarga saylov qonunchiligi bo‘yicha malakali ekspertlar va mutaxassislar tezkorlik bilan javob beradi.
Keng ko‘lamdagi tushuntirish ishlari saylov kampaniyasining barcha ishtirokchilari, eng avvalo, siyosiy partiyalar, saylovga tayyogarlik ko‘rish va uni o‘tkazishda ishtirok etadigan barcha tashkiliy tuzilmalar o‘rtasida qonunchilik hujjatlari talablariga qat’iy amal qilish masalalarini qamrab oladi.
Ta’kidlash zarurki, saylov kampaniyasi jarayoniga aralashish, qonunchilik hujjatlari talablarini chetlab o‘tish, buzish maqsadida qilingan har qanday urinishlarga nisbatan qonunga muvofiq choralar ko‘riladi.
-Siz qayd etgan “saylov tashkilotchilari” o‘zi kimlar?
-Bular, eng avvalo, okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolaridir. Zero, saylovni o‘tkazish aynan ana shu bo‘g‘in tashkilotchilaridan katta bilim va mas’uliyat talab etadi. Ular saylov qonunchiligiga kiritilgan so‘nggi o‘zgaritishlardan yaxshi xabardor bo‘lsa, axborot texnologiyalarini amalda bemalol qo‘llay olsa, saylovning muvaffaqiyati shunchalik to‘kis ta’minlanadi. Saylovchilar uchun ham, kuzatuvchilar uchun ham – hamma uchun qulay sharoit yaratiladi.
Ushbu tadbirlarning barchasi pirovard natijada saylov jarayonlari ochiq va oshkora o‘tishiga, mamlakatimizning xalqaro demokratiya indeksidagi ko‘rsatkichlari yanada yaxshilanishiga, aholining Prezident saylovida faol ishtirok etishi va yurtimiz taqdiri uchun dahldorlik tuyg‘usini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Bu saylovda ochiqlik, oshkoralik va shaffoflik amalda keng ta’minlanishi uchun uchastka saylov komissiyalaridan to Markaziy saylov komissiyasigacha – barcha darajadagi saylov komissiyalari, barcha saylov tashkilotchilari o‘z ishini eng ilg‘or demokratik prinsiplar asosida va yuksak tashkiliy darajada amalga oshirishini talab qiladi.
- Gapingizga qaraganda, saylov komissiyalari a’zolari va tashkilotchilarining bilimini oshirishga endi pedagoglar ham jalb etiladigan bo‘libdi-da?
- Tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, saylov komissiyalari a’zolarini o‘rgatish va tayyorlash jarayonida saylov qonunchiligi va amaliyoti bo‘yicha beriladigan bilimni tinglovchilarga yetkazish uchun yetuk huquqshunos bo‘lishning o‘zi kamlik qiladi. Seminarni olib boradigan trener odamlar bilan muloqotga kirishar ekan, notiqlik san’ati, pedagoglik amaliyotidan boxabar, auditoriyani o‘ziga jalb qila olish salohiyatiga ega bo‘lishi ham zarur. Saylov komissiyalari a’zolarini bir necha bosqichdan iborat “kaskad” usulida o‘rgatish va tayyorlashni tashkil etish uchun malakali mutaxassislar tanlashda ana shu jihatlarga ham e’tibor qaratiladi.
Vaqt g‘animat
-Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish borasidagi asosiy tadbirlarning har qachongidan pishiq-puxta va aniq belgilanganini sezish qiyin emas. Ammo ushbu vazifalarning endi ijrosi qanday ta’minlanadi? Axir buncha ishni amalga oshirishning o‘zi bo‘lmaydi!
- Fikringiz to‘g‘ri. Avvalo, belgilangan barcha vazifalarning ijrosi qat’iy nazoratda. Dasturning ijrosini ta’minlashda Markaziy saylov komissiyasi bilan birga yigirmaga yaqin mutasaddi vazirlik, tashkilot, agentlik, ilmiy va ta’lim muassasalari, jamoat tashkilotlari ham faol ishtirok etadi. Chunki, Dasturning va majlisda tasdiqlangan boshqa hujjatlarning loyihalarini ishlab chiqishda ushbu tashkilotlarning fikrlari, takliflari va ijro mas’uliyati inobatga olingan.
Markaziy saylov komissiyasining qarori Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, siyosiy partiyalar va jamoat tashkilotlari, mutasaddi vazirlik va idoralar tomonidan o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi zarur.
Kezi keldi, eslatib o‘taman: Saylov kodeksining 16-moddasiga binoan Markaziy saylov komissiyasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qiladigan qarorlarining ijrosi okrug va uchastka saylov komissiyalari, davlat organlari, siyosiy partiyalar hamda boshqa jamoat birlashmalari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar uchun majburiydir.
Qayd etishimiz zarurki, saylovga tayyorgarlik ishlari barcha yo‘nalishlar bo‘yicha jadal boshlandi. Muammo chiqsa, tegishli vazirlik, idora va hokimliklar bilan birgalikda o‘sha zahoti hal etish choralari ko‘rilayotir. Hamkorlarimizdan bizni qo‘llab-quvvatlayotganlari uchun minnatdormiz.
Zero, endigi vazifa - hammamiz bir yoqadan bosh chiqarib, unda belgilangan tadbirlarning ijrosini sobitqadamlik bilan ta’minlashdan iborat. Chunki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘lib o‘tadigan joriy yilning oktyabr oyigacha vaqt juda oz qolyapti. Amalga oshiriladigan ishlarimiz esa ko‘p.
Pandemiya va saylov
-Dasturda belgilangan tadbirlarning ijrosini ta’minlashda pandemiya tufayli yuzaga kelgan murakkab sharoit qay darajada hisobga olingan? So‘nggi kunlarda bu boradagi tashvishli xabarlar yana ko‘paydi. Hatto Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, koronavirusning tarqalish tezligi pandemiya boshlangandan buyon eng yuqori cho‘qqisiga yaqinlashmoqda, deb bayonot berdi.
-O‘tgan yili butun dunyoni zabtiga olgan pandemiya tahdidi mamlakatimizda o‘z vaqtida ko‘rilgan va ko‘rilayotgan izchil chora-tadbirlar samarasida ancha susaygan bo‘lsa-da, undan butunlay qutulganimiz yo‘q. Aksincha, xorijda koronavirusning yangi shtamplari paydo bo‘lib, jahon ahlini, mamlakatimiz jamoatchiligini ham yana jiddiy xavotirga sola boshladi. Bunday sharoitda sanitariya-gigena va karantin qoidalariga qat’iy amal qilmasdan saylovga tayyorgarlik ko‘rish ham, saylovni o‘tkazish ham qiyin.
-Ayniqsa, ommaviy tadbirlarni o‘tkazganda.
-To‘g‘ri ta’kidladingiz. Saylov bir kunda o‘tadigan yirik siyosiy tadbir ekani ma’lum. Lekin u ko‘pchilikning say’-harakati bilan amalga oshiriladi. Saylovga oylab, hatto yillab tayyorgarlik ko‘riladi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezident sayloviga tayyorgarlik bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturi ishlab chiqilishi jarayonida pandemiya tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sharoit alohida hisobga olinganini ta’kidlashimiz joiz.
Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Sog‘liqni saqlash va Adliya vazirliklari bilan hamkorlikda pandemiya sharoitida saylovni tashkil etish va o‘tkazishni nazarda tutuvchi tegishli hujjat loyihasini tayyorlashga kirishildi. Unda pandemiya sharoitida saylov o‘tkazgan xorijiy davlatlarning tajribasi ham inobatga olinadi. Xalqimizning sihat-salomatligi va xavfsizligi – muhim.
Eng quyi bo‘g‘indan yuqorigacha
-Saylovga tayyorgarlik ko‘rish jarayonini huquqiy va uslubiy jihatdan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida nimalar deya olasiz?
- Markaziy saylov komissiyasining majlisida Asosiy tadbirlar dasturi bilan birga, komissiya a’zolari tomonidan to‘rtta nizom loyihasi ham batafsil muhokama qilindi va tasdiqlandi. Veb-saytimizda o‘sha kuni e’lon qilindi.
Shunday bo‘lsa-da, fursati kelganda, alohida e’tibor qaratish zarur bo‘lgan bir masalaga takroran to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bu- saylov uchastkalarini tuzish va shakllantirish. Dastlabki hisob-kitoblarga qaraganda, bu yilgi saylovda tuziladigan 10 mingdan ortiq saylov uchastkasida 130 mingdan ko‘proq odam ish olib boradi.
Saylov kodeksiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha saylov uchastkalarini tuman va shaharlar hokimliklari taqdimnomasiga binoan okrug saylov komissiyalari tomonidan tuziladi.
Saylov kodeksiga binoan, uchastka saylov komissiyalari saylovga kamida 60 kun qolganda tuziladi. Lekin bu boradagi tayyorgarlik ishlarini joylarda kechikmasdan, hozirdan, boshlash zarur. Komissiya a’zoligiga nomzodlarni taklif qilishda va tanlashda e’tibor beriladigan muhim jihatlar ko‘p.
Saylovchilar ham, xalqaro kuzatuvchilar ham, eng avvalo, uchastka saylov komissiyalarining faoliyatiga qarab saylovga baho beradi. Ovoz berish jarayonini saylov uchastkalarida kuzatadi.
Saylov uchastkalarida saylovchilar zarur axborotlarni olishi, erkin ovoz berishi uchun saylov qonunchiligida qat’iy belgilab qo‘yilgan barcha sharoitlar yaratilishi shart.
Yangi O‘zbekiston: demokratiya va farovonlik yo‘lidan
Aslini olganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi – qaysi tashkilotda ishlashimizdan qat’i nazar, saylovni tashkil etuvchilar uchun ham, saylovda ishtirok etadigan siyosiy partiyalar uchun ham, saylovchilar uchun ham, jurnalistlaru blogerlar uchun ham – barchamiz uchun g‘oyat katta mas’uliyatdir.
Prezident saylovini barchamiz aholi farovonligini oshirish maqsadida demokratiya yo‘lidan og‘ishmay borayotgan Yangi O‘zbekistonimizda amalga oshirilayotgan dadil islohotlar berayotgan yuksak samaralarning qadriga yetib, ahil-inoqlikda, tinchlik-osoyishtalikda, milliy saylov qonunchiligimizga rioya qilgan holda, muvaffaqiyatli o‘tkazsak, jahon hamjamiyati oldida ham yuzimiz yorug‘ bo‘ladi. O‘zbekistonimizning xalqaro maydondagi nufuzi yanada oshadi. Odamlarimizning ertangi kunga ishonchi yanada mustahkamlanadi. El-yurtimizdagi qut-baraka bardavom bo‘ladi.
Bu sharafli va g‘oyat mas’uliyatli yo‘lda barchamizga Omad yor bo‘lsin!
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi,
2021 yil 20 aprel.