O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hamda “VoteWatch Europe” analitik markazi vakillari ishtirokida “COVID-19 sharoitida saylovlar. Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning istiqbollari” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
“VoteWatch Europe” analitik markazi tomonidan Zoom platformasida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisining o‘rinbosari B.Qo‘chqorov, MSK a’zolari B.Yunusov, G.Rahimova, tegishli bo‘limlarning boshliqlari shuningdek Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshqarma boshlig‘i R.Ikramov ishtirok etdi.
Seminarning maqsadi – joriy yil oktyabr oyida bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovga ko‘rilayotgan tayyorgarlik ishlari bo‘yicha fikr almashish hamda Yevropadagi yetakchi davlatlarning koronavirus pandemiyasi paytida saylov o‘tkazish tajribasi bilan tanishish.
Demokratiya va saylovlarga ko‘maklashish xalqaro institutining menedjeri Nana Kalandadze, Demokratiya sohasida tadqiqotlar markazining huquqiy dasturlar direktori Dimitar Markov, Saylov tizimlari xalqaro jamg‘armasining yetakchi maslahatchisi Staffan Darnolfning ma’ruzalari tinglandi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan Prezident sayloviga tayyorgarlik bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturida pandemiya tufayli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan sharoit alohida hisobga olingani ta’kilandi. Hozir Sog‘liqni saqlash va Adliya vazirliklari bilan hamkorlikda pandemiya sharoitida saylovni tashkil etish va o‘tkazishni nazarda tutuvchi tegishli hujjatlar ishlab chiqilmoqda. Ularda pandemiya sharoitida saylov o‘tkazgan xorijiy davlatlarning, jumladan, Yevropa mamlakatlarining ham tajribasi inobatga olinadi.
Ma’lumki, pandemiya sharoitida saylov o‘tkazgan bir qator davlatlar ovoz berishning elektron usulidan foydalandi. Ammo, jahon mamlakatlarida elektron ovoz berishning hali takomil topmagan jihatlari ko‘pligiga oid qizg‘in munozaralar davom etmoqda.
Seminar davomida ishtirokchilar tomonidan pandemiya sharoitida saylovlarni o‘tkazish, jumladan jamoatchilik bilan ishlash, saylovchilarning faolligini oshirish, Yevropaning ayrim davlatlarida o‘tayotgan saylovoldi tadbirlarining o‘ziga xos jihatlariga oid masalalar muhokama qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati