• eye Maxsus imkoniyatlar
Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishga oid konsepsiya tasdiqlandi
27.04.2021
2199
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqladi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasini tasdiqladi.

Markaziy saylov komissiyasi yaqinda qabul qilgan va ijrosiga jadal kirishilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturida saylov jarayoni ishtirokchilarining malakasini oshirish va tayyorlashga doir muhim vazifalar belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining 27 aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yig‘ilishi shu masalaga bag‘ishlandi. Majlisda Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi loyihasi muhokama qilindi.

Videomuloqot  shaklida tashkil etilgan tadbirda Markaziy saylov komissiyasi a’zolari va xodimlari, ilmiy va oliy ta’lim muassasalarining saylov huquqi bo‘yicha ekspertlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev olib bordi

Tadbirda qayd etilganidek, joriy yilda bo‘ladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni umume’tirof etilgan xalqaro tamoyillar asosida o‘tkazish uchun saylov komissiyalari a’zolarining milliy saylov qonunchiligi va xalqaro saylov standartlari bo‘yicha bilim va amaliy ko‘nikmalarini oshirishga yangicha yondoshiladi.

Markaziy saylov komissiyasi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ishlab chiqilgan Saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishni tashkil etish konsepsiyasi saylov jarayoni ishtirokchilarining saylovni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha ko‘nikma va malakasini, saylov jarayonlari sohasidagi huquqiy bilimini mustahkamlashga yo‘naltirilgan.

Jarayon uch bosqichda ro‘yobga chiqariladi. Birinchi bosqich tashkiliy-uslubiy ishlarni qamrab oladi. Bunda o‘quv rejalari va o‘quv-uslubiy materiallar tayyorlanadi, trenerlar tarkibi shakllantiriladi, “Saylov2021” mobil ilovasi ishlab chiqiladi. Ikkinchi bosqichda saylov qonunchiligi bo‘yicha trenerlar va saylov komissiyalari a’zoligiga nomzodlarning (a’zolarni) malakasini oshirish va tayyorlash rejalashtirilgan. Uchinchi bosqich saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimida ishlash bo‘yicha trenerlar va saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlarni tayyorlashni nazarda tutadi.

Mashg‘ulotlarda zamonaviy axborot texnologiyalari va interfaol usullarga e’tibor kuchaytirilib, simulyasiya, saylov jarayonlarini modellashtirish, videodars, videorolik, saylovga oid savol-javoblar, test usullari faol qo‘llaniladi. 

Ta’kidlash joizki, Konsepsiyani ishlab chiqishda YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekistonda saylovlarni kuzatish bo‘yicha Missiyasi Yakuniy hisobotida o‘z ifodasini topgan maqbul tavsiyalar hisobga olingan.

Jumladan, saylov komissiyalari a’zolari malakasini oshirishda “Bir saylovchi – bir ovoz” tamoyiliga qat’iy amal qilishning, saylovchi shaxsan o‘zi ovoz berishining ahamiyatini keng tushuntirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishda saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash, shu jumladan saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati va saylov jarayonini boshqarish axborot tizimidan foydalanish tartibi haqidagi mashg‘ulotlar ham o‘rin olgan.

Keng ko‘lamdagi tushuntirish ishlari saylov jarayoni ishtirokchilarining saylovga oid bilim hamda ko‘nikmalarining oshishi, shuningdek, saylov tizimi va amaliyotining yanada takomil topishiga xizmat qiladi.

Tadbir yakunida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasi, Toshkent davlat yuridik universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar akademiyasi, o‘rtasida mazkur konsepsiyada belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik yuzasidan kelishuv imzolandi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati