• eye Maxsus imkoniyatlar
Prezident saylovi va yoshlar faolligi
04.05.2021
6371
Saylov – mamlakatning siyosiy-ijtimoiy hayotidagi eng muhim siyosiy jarayonlardan biri. Har bir saylovchining ovozi zamirida mamlakatning ertasi, avlodlar kelajagi va fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy haq-huquqlari mujassam.

Saylov – mamlakatning siyosiy-ijtimoiy hayotidagi eng muhim siyosiy jarayonlardan biri. Har bir saylovchining ovozi zamirida mamlakatning ertasi, avlodlar kelajagi va fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy haq-huquqlari mujassam.

Saylov–2021

Shuning uchun har bir fuqarodan saylov jarayonlarida yuksak mulohazakorlik va mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga dahldorlik tuyg‘usi talab etiladi. Negaki, xalq kimgaki yuksak ishonch bildirsa, ertaga u butun mamlakat taqdirini belgilab beruvchi jarayonlarni boshqaradi. Shu sababli mamlakatimiz aholisi joriy yilning kuzida kutilayotgan Prezident saylovi jarayonlariga har qachongidan katta qiziqish bildirayotgani tabiiy.

Har bir millatning, mamlakatning ertasi, kelajak taqdiri yosh avlodning qo‘lida ekanligi sir emas. Shu sababli, yoshlarning siyosiy ijtimoiy faolligi davlat ahamiyatiga molik masalalardandir. Shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillarda yoshlar siyosatiga e’tibor sezilarli darajada kuchaydi. 2016 yilning 14 sentyabrida “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Ushbu qonun yillar davomida mavhum bo‘lib kelgan huquqiy tushunchalarga aniqlik kiritish bilan birga, yoshlarga oid davlat siyosatini yangi bosqichga ko‘tarishda muhim omil bo‘lmoqda. Joriy yilning 20 aprel’ kuni qabul qilingan “Yoshlarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va bandligiga ko‘maklashish, ularni ijtimoiy himoya qilish hamda bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bu boradagi ishlarning uzviy davomidir.

Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ularning bandligiga ko‘maklashish, tadbirkorlik g‘oya va tashabbuslarini rag‘batlantirish, ular munosib daromad olishi uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratish, bu borada olib borilayotgan ishlarni yangi bosqichga olib chiqish, shuningdek, 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosini ta’minlash maqsadida ushbu moʻtabar hujjat mamlakatimizda yosh avlodga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning amaldagi yana bir yorqin ifodasidir.

2019 yili mamlakatimizda “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar” g‘oyasiga monand o‘tkazilgan saylovlarda yoshlarning faolligi har qachongidan yuqori bo‘ldi. Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatiga kiritilgan saylovchilarning 7 million 162 ming 316 nafari yoki 34,7 foizini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etdi. 2 mln.ga yaqin 18 yoshga to‘lgan fuqaro saylovlarda ilk bor ishtirok etdi. Ayni paytda 30 yoshgacha bo‘lgan 14 nafar yigit-qiz siyosiy partiyalar tomonidan Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod sifatida ko‘rsatildi. Ulardan 9 nafari deputat etib saylandi. Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar hamda Toshkent shahar Kengashlariga 26 nafar, xalq deputatlari tuman, shahar Kengashlariga 291 nafar yigit-qiz deputat etib saylandi.

Yoshlar saylov jarayonlarining tashkiliy ishlarida ham doim faol. 2019 yilgi saylovlar jarayonlarida Qonunchilik palatasiga saylov o‘tkazuvchi okrug saylov komissiyalari a’zolarining 144 nafari hamda uchastka saylov komissiyalari a’zolarining 20 394 nafari 30 yoshgacha bo‘lgan yigit-qizlar edi. Joriy yil mamlakatimizda o‘tkaziladigan Prezident saylovida yoshlar faolligi o‘tgan saylovlardan ham ko‘proq bo‘lishi kutilmoqda

Saylovchilarning qariyb uchdan biri yoshlarni tashkil etayotgan sharoitda yoshlarga bo‘lgan yondashuvning zamonaviy usullarini joriy etish ahamiyatga ega. Nafaqat saylov yoshidagi, balki hali saylov yoshiga yetmagan o‘g‘il-qizlarga ham mamlakatimizda barcha sohalarda, jumladan, milliy saylov tizimida amalga oshirilayotgan dadil islohotlarning yuksak samaralari haqida tushunchalar berish, ularni saylov jarayonlari bilan hozirdan tanishtirib borish zarur.

Zotan, bugungi maktab o‘quvchisi ertangi faol saylovchidir. Bunda yoshlarni yosh kategoriyalari bo‘yicha saralab, segment-guruhlar bo‘yicha ishlash yaxshi natija beradi, degan umiddamiz. Ijtimoiy tarmoqlar hamda ommaviy axborot vositalari orqali yoshlarning saylov qonunchiligi bo‘yicha bilimini oshirish ham doim dolzarb masaladir. Shuningdek, ularga joylarda o‘tkaziladigan tadbirlar orqali saylov qonunchiligining o‘ziga xos xususiyatlari va mazmun-mohiyatini tushuntirish, yigit-qizlarni faol fuqarolik pozisiyasida tarbiyalash g‘oyat muhim ahamiyatga ega. Bunday tadbirlar yoshlarimizning siyosiy ongini hamda bilimini yanada oshirishga ko‘mak beradi

O‘z haq-huquqi va burchlarini chuqur anglab yetgan avlod mamlakatimiz – Yangi O‘zbekistonning taraqqiyotiga munosib hissa qo‘sha oladigan faol qatlamga aylanadi.

 

Ravshan Burhonov, talaba

Manba: O‘zA