15 - may kuni Sankt-Peterburgda MDH PA Kotibiyati tomonidan tashkil etilgan “Saylovlar jarayonlari texnologiyalari va saylovlar monitoringi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Raisi Z. Nizamxodjayev Moldova Respublikasi MSK Raisi D. Chimil bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida Z.Nizamxodjayev O‘zbekistonda Taraqqiyot strategiyasi dasturining ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilayotgan islohotlarning izchil va tizimli rivojlanishi, birinchi navbatda saylovlarni o‘tkazish uchun me’yoriy-huquqiy bazani takomillashtirish, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezident saylovini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar to‘g‘risida so‘zlab berdi.
D. Chimil o‘z so‘zida ikki mamlakat saylov organlari o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlarning kelajakda davom etishiga ishonch bildirdi. Tomonlar MDH davlatlari saylov organlari o‘rtasidagi hamkorlikni takomillashtirish bo‘yicha yangi platformalar yaratish, parlament va Prezident saylovining o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida fikr almashdilar.
D.Chmil pandemiya davrida Moldova Markaziy saylov komissiyasining saylovlarni o‘tkazish tajribasi haqida ma’lumot berdi va hozirgi sharoitda saylovlarni tashkil etishning ayrim jihatlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berdi.
Shuningdek, Moldova MSK Raisi MSKning BMT Taraqqiyot dasturi va YeXHT bilan samarali hamkorligini ijobiy baholab, saylovlar sohasida boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash muhimligini ta’kidladi. Uchrashuv jonli muloqot va o‘zaro ko‘tarinki ruhda o‘tdi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati