O‘zbekiston delegasiyasining “Saylovlar jarayonlari texnologiyalari va saylovlar monitoringi” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyadagi ishtiroki doirasida 13 may kuni anjumanning yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida davom etayotgan ushbu forumda saylovlarni xalqaro kuzatish prinsiplari va standartlari, yangi axborot texnologiyalarini joriy etish, ijtimoiy tarmoqlar va mesendjerlarning saylov kampaniyasi davridagi o‘rniga doir masalalar muhokama qilindi.
Yalpi majlisni MDH Parlamentlararo Assambleyasi Kengashi rahbarining o‘rinbosari - Demokratiyani rivojlantirishni monitoring qilish xalqaro institutining direktori I.Mushket olib bordi.
Majlisda MDH kuzatuvchilari missiyasining texnologiyalar rivojlangan sharoitda Hamdo‘stlik mamlakatlarida saylovlar jarayonlaridagi faoliyati to‘g‘risida MDH Ijroiy qo‘mitasi Raisi – Ijroiy kotibining birinchi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi V.Guminskiy ma’ruza qildi. Shuningdek, ODKB (Kollektiv xavfsizlik to‘g‘risidagi shartnoma tashkiloti) Parlament Assambleyasi Mas’ul kotibi S.Pospelovning ODKB Parlament Assambleyasi va Tashkilotga a’zo davlatlarning milliy xavfsizligi va suverentitini ta’minlash kontekstida saylovlar jarayonidagi xalqaro monitoringga, Rossiya Federasiyasi Federal Yig‘ilishining xalqaro masalalar qo‘mitasi raisi G.Karasinning yangi sharoitda xalqaro kuzatuvchilar institutiga bag‘ishlangan ma’ruzalari tinglandi.
Yalpi majlisda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxodjayev “Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo mamlakatlarning saylov organlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik mexanizmlarini takomillashtirish” mavzusida ma’ruza qildi.
Z.Nizomxodjayev o‘z nutqida Hamdo‘stlikka a’zo mamlakatlarda o‘tkazilayotgan saylovlar va referendumlarni monitoring qilish va baholashda MDHning muhim o‘rni borligini ta’kidladi. MDH mamlakatlari bilan hamkorlikda saylovlarni kuzatish bo‘yicha missiyalar tashkil qilinmoqda. Hozir MDH davlatlarida saylovlar jarayonini takomillashtirishga yo‘naltirilgan islohotlar amalga oshirilmoqda. Masofadan elektron ovoz berish sinovdan o‘tkazilmoqda, vakillik organlariga saylovlar tizimi takomillashtirilmoqda, saylovchilarning ovoz berishdagi ishtirokini oshirishga doir institutlar joriy etilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi MDH mamlakatlari bilan saylovlar sohasidagi hamkorlikka muhim e’tibor qaratayotgani alohida ta’kidlandi. Bu boradagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, MDH mamlakatlarida saylovlar jarayonini takomillashtirish, Hamdo‘stlikning fuqarolar saylov huquqini va erkinligini ta’minlash va himoya qilish borasida bir qator tashabbuslar va takliflar ilgari surildi.
Ma’ruza anjuman ishtirokchilari o‘rtasida katta qiziqish va samimiy munozara o‘yg‘otdi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
Xalqaro konferensiya 14 may kuni o‘z ishini davom ettiradi.
Markaziy saylov komissiyasi
Matbuot xizmati