• eye Maxsus imkoniyatlar
Pandemiyadan so‘ng demokratiyani yanada mustahkamlash: MSK vakillari Seul Xalqaro forumida qatnashdi
13.05.2021
2437
13 may kuni Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi tomonidan “Pandemiyadan so‘ng demokratiyani yanada mustahkamlash” shiori ostida Seul Xalqaro forumi o‘tkazildi. Onlayn shaklida o‘tgan anjumanda Butunjahon saylov organlari assosiasiyasiga (A-WEB) a’zo mamlakatlarning saylov organlari, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi vakillari ham ishtirok etdi.

13 may kuni Koreya Respublikasi Milliy saylov komissiyasi tomonidan “Pandemiyadan so‘ng demokratiyani yanada mustahkamlash” shiori ostida Seul Xalqaro forumi o‘tkazildi. Onlayn shaklida o‘tgan anjumanda Butunjahon saylov organlari assosiasiyasiga (A-WEB) a’zo mamlakatlarning saylov organlari, jumladan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi vakillari ham ishtirok etdi.

Saylov bo‘yicha Seul Xalqaro forumi 2015 yildan buyon har yili o‘tkazib kelinadi. U saylov sohasidagi xalqaro ekspertlar, saylovlarni boshqarish organlari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etadigan muhim tadbirdir. Forumning asosiy maqsadi ham saylov sohasidagi ekspertlarni to‘plash, faol munozaralar va taqdimotlar orqali milliy saylovlar tizimlarini va global demokratiyani rivojlantirishga qaratilgan choralarni izlab topishdan iborat.

Forum davomida demokratiyani pandemiya inqirozidan olib chiqish va saylovlarda ijtimoiy tarmoqlarning munosib rolini oshirish masalalari muhokama qilindi. Bilamizki, pandemiya tufayli ko‘plab davlatlar saylovlarning o‘tkazilish muddatini kechiktirishga majbur bo‘ldi. Saylovga oid qonun hujjatlari ham pandemiya sharoitidan kelib chiqqan holda qabul qilindi. Forumning birinchi sessiyasi ayni shu masalaga qaratildi va demokratiya inqirozi va saylovlarga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashga bag‘ishlandi.

Bugun ijtimoiy tarmoqlar – dunyoda sodir bo‘layotgan o‘zgarishlar, voqea-hodisalarni tarqatishning eng faol manbalaridan biriga aylanib bormoqda. Internet tarmog‘i orqali yuz berayotgan kundalik yangiliklardan nafaqat xabardor bo‘lish, balki ularni tanishlar bilan bo‘lishib, fikr almashish borasida ham kundan-kunga imkoniyatlar oshib borayapti. Forumning muhokamalar markazidagi mavzular qatoridan saylovlar borasidagi yangiliklar ham chetda qolayotgani yuq. Darhaqiqat, hozir ijtimoiy tarmoqlar saylovoldi tashviqotining asosiy manbalaridan biriga aylanib ulgurdi.

Shundan kelib chiqib, forumning ikkinchi sessiyasi ishtirokchilari saylov davrida ijtimoiy tarmoq platformalarining roli va vazifalariga oid masalalarni ko‘rib chiqdilar. Mutaxassislar tomonidan saylovlarda ijtimoiy media platformasining o‘rni va majburiyatlari, shuningdek ijtimoiy tarmoqlarda vujudga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni bartaraf etish yo‘llari haqida fikr yuritildi.

Forumda feyk, ya’ni yolg‘on xabarlarga qarshi kurashishda voqea va hodisalar, aholining fikr-mulohalarini ham holis, ham tezkor yoritish eng maqbul chora ekanligi qayd etildi.

 

Markaziy saylov komissiyasi

Matbuot xizmati